Ruhiy shifokorga savol: nega O‘zbekistonda zavod-fabrikalar ishlamay qoldi?

O‘zbekistonda "Nega zavod-fabrikalar ishlamay qoldi, ishchilari Rossiyaga ketdi, ayollar mardikorlik qilishga majbur bo‘layapti?", degan savollarni qo‘yib bo‘lmaydimi?

Bunga javob "Yo‘q, bu savolni bersang, sen ruhiy sog‘lom emassan".

Jizzaxlik faol Aliqul Sarimsoqov 16 kunni ruhiy shifoxonada o‘tkazganidan keyin kelgan xulosa shu.

U 17 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov, Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevga ochiq xat e‘lon qilgan.

Shu yilning 12 mayida esa Aliqul Sarimsoqov O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyevni "o‘z lavozimiga noloyiq"likda ayblab, mahkamaga berishga qaror qilgani haqida xabar bergan edi.

O‘zi ham fermerlik bilan shug‘ullangan Aliqul Sarimsoqov jizzaxlik fermerlar huquqlarini himoya qilib chiqqan.

Shuningdek, u mahalliy hokimlarning uy-joy qurilishi bilan noqonuniy amallaridan shikoyat qilib huquq-tartibot organlariga, O‘zbekiston rahbariyatiga shikoyatlar qilgan.

Ammo, Aliqul Sarimsoqovga ko‘ra, o‘z murojaatlariga O‘zbekiston konstitutsiyasi, qonunlari doirasida chora ko‘rish o‘rniga "huquq-tartibot ma‘sullari hokimlar bilan til biriktirib", o‘ziga qarshi tazyiqlarni kuchaytirganlar.

16 iyun kuni uchastka militsioneri Aliqul Sarimsoqovni chaqirgan, keyingi kun kechgacha ushlab turishgan.

So‘ng Jizzax ruhiy shifoxonasiga olib borishgan.

"Mening tentakligim haqida na sudning qarori, na sud ajrimini ko‘rsatishdi, na bosh vrach xulosasini", deydi Aliqul Sarimsoqov.

"Uch kun ochlik e‘lon qildim. Keyin bosh vrach meni yosh bolani avraganday avramoqchi bo‘ldi. Men "Xo‘p, mayli siz aytayotgandek bo‘lsin, nimaga unda zavod-fabrikalar ishlamay qoldi, nimaga u yerda ishlaydigan odamlar hamma tarafga mardikorlikka ketadi? Ular u yoqdan mardikorlikdan kelguncha bu yerda ayollari mardikorlikka chiqyapti?", dedim.

"Glavvrach gap topolmay, "Ha bir-ikki kun shu yerda dam oling", dedi.

Aliqul Sarimsoqovning aytishicha, ruhiy shifoxonada ko‘rgan 50 tacha "bemor"ning 10 nafari haqiqiy ruhiy xastaga o‘xshaydi.

"Qolganlari o‘z haq-huquqini talab qilgani uchun "jinnixonaga tushib qolgan" sog‘lom odamlarga o‘xshadi", deydi Aliqul Sarimsoqov.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002