Karimovning uzoqqa cho‘zilgan qasosi

Image caption Qashqadaryolik sobiq deputat Murod Jo‘rayev - O‘zbekistonda eng uzoq qamoqda qolayotgan siyosiy mahkum

"Barcha tishlari tushib ketgan, burunlaridan tinimsiz suv oqadi, qon bosimlari baland, to‘xtovsiz bosh og‘rig‘i, oshqozon osti bezi yaxshi ishlamaydi..."

Chirchiqdagi qamoqxonada saqlanayotgan O‘zbekiston parlamenti sobiq deputati Murod Jo‘rayevning rafiqasi Xolbika Jo‘rayeva o‘z umr yo‘ldoshining hozirgi ahvolini ana shunday tasvirlab, yig‘lab yuboradi.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, qamoqda unga kerakli tibbiy yordam ko‘rsatilmayapti.

Siyosatdan siyosiy mahkumlikka

Murod Jo‘rayev - O‘zbekistonda eng uzoq muddat, ya‘ni 20 yildan beri qamoqda saqlanayotgan siyosiy mahkum.

1990-yillar boshida O‘zbekiston parlamenti deputati bo‘lgan va Muborak shahar ijroiya qo‘mitasi raisi lavozimida ishlagan Murod Jo‘rayev SSSR tarixida kommunistik tuzumdan qutulish yo‘lida amaliy qadam qo‘ygan ilk siyosatchilardan.

U O‘zbekistonda birinchi bo‘lib kommunistik partiyaning boshlang‘ich tashkilotini tugatgan edi.

Keyinchalik parlamentda o‘z mustaqil fikri va tanqidiy qarashlari bois ham tilga tushgan kam sonli deputatlardan biriga aylanadi.

Ammo O‘zbekiston hukumati uni 1994 yili kuch bilan hokimiyatni qo‘lga olishga oid harakatlarda ayblab, uzoq yilga hukm etadi.

Qachon ozodlikka chiqish vaqti yaqinlashsa, unga yana qo‘shimcha muddat berishadi. Hozirgacha to‘rt marta muhlat qo‘shib berishgan.

Image caption O‘zbekistonda qashshoqlik, ishsizlik va korruptsiya ildiz otgan, ammo hech kim yurak yutib bu haqida aytolmaydi

Murod Jo‘rayev bilan birga mahkamaga tortilgan shoira va muxolifatchi Dilorom Ishoqovaga ko‘ra, bironta sudlanuvchi o‘shanda aybdor bo‘lmagan va quruq tuhmat bilan jazolanishgan.

Uning aytishicha, bir marta qamoqxona hovlisida kiygan shippagini yuvmay, ichkariga kirgan, deb Murod Jo‘rayevga bir necha yillik muhlat qo‘shib berishgan.

"Vaholanki, Murod Jo‘rayev shippagini yuvib, keyin ichkariga kirganini aytgan" - deydi Dilorom Ishoqova.

Eng tepaning buyrug‘i

Murod Jo‘rayevning yaqinlariga ko‘ra esa, Muborakda uni ko‘pchilik hamon hurmat bilan eslaydi. Va xuddi shu sababli ham O‘zbekiston hukumati uni ozod qilishdan qo‘rqadi.

"Men ko‘p joylarga murojaat qilib, ancha-muncha katta mansabdorlar bilan gaplashganman" - deydi uning rafiqasi Xolbika Jo‘rayeva - "Bir marta qamoqxonalar bo‘yicha Sobirov, ismli mas‘ul shaxs menga qarata, ering xalq dushmani va shu uchun ham hech qachon qamoqdan chiqarilmaydi, degan".

Xolbika Jo‘rayevaga ko‘ra, barcha mas‘ullar ham Jo‘rayevlar oilasiga adovatli munosabatda emas va sobiq deputatni ehtirom bilan eslaydiganlar ko‘p.

"Ba‘zida rasmiylar topshiriq kelsa, hoziroq chiqaramiz, ammo nima qilaylik, eringizni qamoqda ushlab turish buyrug‘i eng tepadan kelgan, deb aytishadi" - ta‘kidlaydi Xolbika Jo‘rayeva.

"Bir daf‘a men mas‘ullar bilan uchrashib, ozod qilsangiz, uy qamog‘ida bo‘lsa ham o‘tiradilar, hech joyga chiqmaydilar, mayli o‘rinlariga meni qamanglar, deb yolbordim" - eslaydi Xolbika Jo‘rayeva.

"Shunda menga aytishdiki, xo‘p, ana Murod Jo‘rayevni chiqardik ham... Keyin ming kishi, o‘n ming kishi endi Muborakka gaz keladi, svet keladi, degan umidda eringizni ko‘rgani keladi. Tez orada bu odamlar soni milliondan oshib ketadi. O‘ylab ko‘ring, qanday qilib u kishini chiqarishimiz mumkin, deb savol qo‘yishgandi" - deydi siyosiy mahkumning rafiqasi.

Hali Sovet davrida ham xorijdan gazchilar Muborakka kelib ishlashgan. Shaharda yirik gaz ishlab chiqariladigan korxonalar bor. Ammo Muborak ahli hozir gaz, elektr toki va suv ta‘minotidan qiynalib yashamoqda.

Image copyright AFP
Image caption Prezident Karimov o‘z tanqidchi va muxoliflariga nisbatan shafqatsiz

So‘nggi 20 yil ichida ahvol shu qadar yomonlashgani uchunmi, qator muborakliklar agar Murod Jo‘rayev ozodlikka chiqsa, o‘z ona shahrida ahvolni yaxshilaydi, degan umiddalar.

"U kishi bir necha marta kechirim so‘rab xat yozibdilar. Ozodlikka chiqaman, degan umidlari bor" - deydi Xolbika Jo‘rayeva - "Nevaralarim yonida bo‘lishni istayman, deydilar".

"Ammo O‘zbekiston hukumati u kishi ozodlikka chiqishini istamaydi. Chunki ta‘sirlari oshishidan qo‘rqadi. Ko‘plab rasmiylar bilan gaplashib shu xulosaga keldim".

"Hatto yaxshi xulq va ishlari uchun u kishiga maqtovnoma bergan bir qamoqxona mas‘uli ham, eringizga faxriy yorliq berganim uchun menga xayfsan berishdi, degandi" - eslaydi Xolbika Jo‘rayeva.

"U kishining qamoqdan chiqishlariga umid qilmay qo‘yganman" - xulosa qiladi suhbatdoshimiz.

Qasosmi yo qonun?

Biroq Dilorom Ishoqovaning o‘ylashicha, hozir butunlay sog‘lig‘ini yo‘qotgan Murod Jo‘rayev mavjud tuzumga xavf soladigan ahvolda emas.

"Menimcha, Islom Karimov uning siyosatini parlament sessiyasida ochiq tanqid qilgani uchun Murod Jo‘rayevdan qasos olmoqda" - deydi Dilorom Ishoqova.

"Hali 22 yil avval Murod Jo‘rayev Prezident Karimovga tik qarab, uning ijtimoiy-iqtisodiy siyosati O‘zbekiston uchun foydali bo‘lmasligini aytgan edi".

Image copyright none
Image caption Dilorom Ishoqovaga ko‘ra, Prezident Karimov tanqid uchun Murod Jo‘rayevdan qasos olmoqda

"Menimcha, Karimov ana shu so‘zlar uchun hamon uni qamoqda saqlab, qasos olmoqda. Chunki Murod Jo‘rayev bilan birga mahkamaga tortilgan boshqa barcha odam ozodlikka chiqdik-ku?!"

Hozir 62 yoshga kirgan siyosiy mahkumning salomatligi yuzasidan xavotirlar ortmoqda.

Kuni kecha Xalqaro Amnesti tashkiloti ham sobiq deputatning qamoqdagi ahvoli va sog‘lig‘idan tashvish bildirib, uni ozod qilishga chaqirgandi.

Parijdagi xalqaro "O‘tyuraklar Klubi" rahbari Mo‘‘tabar Tojiboyevaga ko‘ra, ayni paytda Murod Jo‘rayevning oilasi ham o‘ta og‘ir sharoitda qolgan.

"Uylari deyarli nurab tushibdi. Rafiqasi Xolbikaning sog‘lig‘i ham yomonlashgan. O‘g‘li o‘z kuchi bilan Toshkentda o‘qib, Muborakka kelgan, ammo hech kim ish bermayapti" - dedi Mo‘‘tabar Tojiboyeva.

Xolbika Jo‘rayeva esa uzoq yillik o‘qituvchi bo‘lgani bois o‘ziga nisbatan bosimlar yo‘qligini, ayni damda, so‘nggi ikki yilda Murod Jo‘rayevning qamoqdagi hayotiga ham birmuncha yengillik kelganini urg‘ulaydi.

"U kishini hozir g‘isht quyish kabi og‘ir ishlarga chiqarishmayapti ekan, izolyatordan ham olishibdi".

Lekin bu o‘zgarishlar O‘zbekiston tarixida eng uzoq muddat qamoqda qolayotgan siyosiy mahkum va prezidentni tanqid qilgan sobiq deputatning bir kun kelib ozodlikka chiqishiga qanchalik ishora beradi - noma‘lum.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002