Ijtimoiy minbar: militsiya haqidagi qonun kerakmi?

O‘zbekiston parlamenti 2012 yil noyabrida "Ichki ishlar organlari to‘g‘risida"gi qonun loyihasini tayyorlashga kirishgandi.

Oradan qariyb 2 yil o‘tib ham, qonun qabul qilinmagan.

Shuningdek, mamlakatda Milliy Xavfsizlik Xizmati faoliyatini tartibga soluvchi qonun ham mavjud emas.

Inson huquqlari faollari militsiya va maxsus xizmatlar haqidagi qonunlarning yo‘qligi mamlakatda qonunsizlikning avj olishi, jumladan, noqonuniy hibsga olishlar va qiynoqlarning keng tarqalishiga olib kelganligini ta‘kidlashadi.

Ularga ko‘ra, ushbu holat qiynoqlar va inson huquqlari buzilishining boshqa ko‘rinishlari uchun mas‘ul bo‘lgan ayni idoralar xodimlarini jazoga tortishni qiyinlashtiradi.

Faollar mamlakat parlamentini ichki ishlar va xavfsizlik organlari haqidagi maxsus qonunlarni qabul qilishni tezlashtirishga chaqirishgan.

Xo‘sh, O‘zbekistonda "Ichki ishlar organlari to‘g‘risida"gi qonunni qabul qilish nega uzoqqa cho‘zilmoqda?

Hozirgacha militsiya haqida maxsus qonunning qabul qilinmaganiga sabab nima, deb o‘ylaysiz?

Milliy Xavfsizlik Xizmati haqidagi qonun kerakmi?

Ushbu idoralar xodimlarining o‘zboshimchaliklariga shaxsan guvoh bo‘lganmisiz?

Bu qonunlar qabul qilingani taqdirda, O‘zbekistondagi ahvol o‘zgaradi, deb ishonasizmi?

Fikrlaringizni Facebook dagi BBCUzbek sahifasida qoldiring.

Sharhingizni Whatsapp orqali ham yo‘llashingiz mumkin, telefonimiz: +44-78-58-86-00-02