MH17 yo‘lovchilari jasadlari Xarkovga yetkazildi

  • 23 Июл 2014
Image copyright Reuters

Ukrainada uchoq halokati jabrdiydalari jasadlari qoldiqlari isyonkorlar nazoratidan tashqaridagi Xarkov shahriga yetkazilgan.

Malayziya havo yo‘llariga tegishli uchoq urib tushirilganiga oid ayblovlar manzarasida jasadlarni topshirish yuzasidan xalqaro bosimlar kuchaygandi.

Avvalroq isyonkorlar uchoq "qora quti"sini Malayziya rasmiylariga berishgandi.

"Boing 777" rusumli uchoq payshanba kuni Ukraina sharqidagi isyonchilar nazoratida ostida bo‘lgan hududga qulab tushgan. Uchoqdagi 298 insonning barchasi hayotdan ko‘z yumgan.

Jabrdiydalarning ko‘pi Xollandiya fuqarolari bo‘lishgan. Xabarlarda aytilishicha, Xarkovga yetkazilgan jasadlar qoldiqlari endi nobud bo‘lganlar shaxslarini aniqlash uchun Xollandiyaga yetkaziladi. Ukraina hukumati jasadlarni seshanba kuni Hollandiyaga yetkazish uchun bor imkoniyatini ishga solishini aytgan.

Xalqaro doirada halokat sahnasi yetarlicha o‘rab olinmagani va o‘ta muhim dalillar yo‘qolib ketishi mumkinligidan xavotirlar bildirilgandi.

G‘arb davlatlariga ko‘ra, parvoz raqami "MH17" bo‘lgan uchoq isyonkorlar tarafidan Rossiya tarafidan berilgan raketa qurilmasi vositasida urib tushirilganiga oid ko‘plab dalillar qo‘lga kiritilmoqda.

Ammo, Rossiya Ukraina hukumati kuchlarini ayblaydi.

Jazo choralari

Ayni paytda Ovro‘po Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari Rossiya Ukrainadagi isyonchilarni dastaklayotganini aytib, unga qarshi navbatdagi jazo choralarini ko‘rib chiqish uchun uchrashishmoqda. Moskva Ukraina sharqidagi qurollilarni qo‘llab-quvvatlayotganiga oid ayblovlarni rad etadi.

Bryusseldagi yig‘inda jazo choralari bilan nishonga olingan Rossiya rasmiylari ro‘yxatini kengaytirish masalasi muhokama qilinishi mumkin.

Ammo hozirga qadar OI Rossiya iqtisodining alohida sohalarini to‘laligicha qamrab olishi mumkin bo‘lgan jazo choralarini kiritishga shoshilmayapti.

Ham Ovro‘po Ittifoqi va ham Qo‘shma Shtatlar Qrimni qo‘shib olgani va Ukraina sharqidagi noqarorliklarning boshlanib ketishi ortidan Rossiyaga qarshi sanktsiyalar kiritishdi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002