Jazoir Havo yo‘llari uchog‘i quladi

Image copyright Getty

Jazoir rasmiylarining ma‘lum qilishlaricha, mamlakat havo yo‘llari shirkatiga tegishli uchoq 116 yo‘lovchisi bilan qulab tushgan.

Uchoq Burkina Fasodan Al-Jazoirga qarab yo‘l olgandi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, uchoqda 116 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Ulardan 50 nafari Fransa fuqarosidir.

Fransa hukumatiga ko‘ra, payshanba kuni ertalab ko‘kka ko‘tarilgan uchoq bilan Mali ustidan ketayotgan vaqti aloqa uzilgan.

Aloqa uzilishdan sal avval uchuvchi Niger parvozlarni kuzatish markazi bilan bog‘lanib, to‘fon tufayli yo‘nalishni o‘zgartirishga majbur bo‘layotganligini aytgan.

Uchoq Air Algerie shirkati tomonidan Ispaniyaning Swiftair shirkatidan ijaraga olingandi.

Yo‘lovchilar orasida shuningdek, 24 nafar Burkina Faso, to‘rt Jazoir, ikki Lyuksemburg, bir Belgiya, bir Shvetsariya, bir Nigeriya, bir Ukraina, bir Kamerun va bir Ruminiya fuqarolari bo‘lishgan.

Uchuvchilar va parvoz xizmatchilarining hammasi Ispaniya fuqarolari bo‘lishgan.

Livan rasmiylari unda 10 nafar Livan fuqarosi bo‘lganligini ham aytishgan.

Jazoir rasmiylari hozircha uchoq halokatiga nima sabab bo‘lganligini ma‘lum qilishmagan.

Uchoq qulab tushgan yerda qurolli guruhlar ham faol ekani aytiladi.

Lekin hozircha halokatga yomon ob-havo sharoiti sabab bo‘lgani ehtimoli ko‘proq deyilmoqda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002