O‘zbekistonda Hayit kunini nima uchun Prezident belgilaydi?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov 28 iyulni Ramazon Hayitining birinchi kuni deb e‘lon qilgan.

Bu haqdagi qarorda O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2014 yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 28 iyul, dushanbaga to‘g‘ri kelishi haqidagi qaroridan iqtibos keltirilgan.

Islomiy taqvimga muvofiq, Ramazon oyining boshi va oxiri yangi Oy chiqishiga qarab belgilanadi.

Ammo O‘zbekistonda 1992 yildan buyon davom etib kelayotgan tajribaga muvofiq, Prezident Ramazon oyining boshi va oxirini maxsus farmon bilan belgilaydi.

Islom nuqtai nazaridan bu qanchalik to‘g‘ri? Biz ushbu savolni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansurga berdik.

"Hayitni belgilash aslida Payg‘ambarimiz alayhissalomning hadisi shariflariga binoan belgilanadi. Ya‘ni, "Sha‘bon oyi oxirgi kunida Ramazon oyining hilolini ko‘rib, ro‘zani boshlanglar va Ramazon oyidan keyingi Shavvol oyi hilolini ko‘rib, hayit qilinglar", degan hadislari bor. Ammo, oyni dunyo mamlakatlarining hamma joyida ham kuzatish mumkin emas, ayniqsa, bizning diyorlarimizda oyning birinchi kuni ko‘rinmaydi. Shuning uchun, biz taqvimga qarab hisob-kitob qilamiz", deydi O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Shayh Abdulaziz Mansur.

Shunga ko‘ra, Shayx Abdulaziz Mansur O‘zbekistonda bu yilgi Ramazon hayiti 28 iyulda kutilayapti.

Qirg‘izistonning sobiq muftiysi Sodiq qori Kamoliddin esa, dushanba kuni hayit kutilayotgani, ammo bu hali aniq emasligini aytadi.

"Bilasizlar, Islomda ibodatlar kun, oy hisobi bilan yuradi, hisoblaniladi. Oylar ba‘zida 29 kun, ba‘zan 30 kun keladi. Bu yil ham Ramazon oyi 29 kun kelishi mo‘ljallanib turibdi, chunki undan oldingi Sha‘bon oyi 30 kun keldi. Shunday bo‘ladigan bo‘lsa, dushanba kuni, ya‘ni 28 iyul kuni, inshoolloh, hayit kutilyapti. Ammo, bu juda aniq emas, bu mo‘ljal, chunki bu narsa yakshanba kuni kechqurun ma‘lum bo‘ladi. Mobodo, Ramazon oyi ham 30 kun keladigan bo‘lsa, hayit bir kun orqaga surilishi ham mumkin".

Ammo, O‘zbekistonda bu borada Prezident farmoni asosida ish ko‘rilishini qanday izohlash mumkin? Hayit kunlarini belgilash shar‘iy masala emasmi, bunga siyosatchilarning aralashuvi qanchalar to‘g‘ri?

"Hech qanday aralashish yo‘q. O‘sha qarorlarda ham yozilgan: "O‘zbekiston musulmonlari idorasining 28 iyul hayit kuni qilib belgilagan qarorini tasdiq qilgan holda..." Biz faqat kunini belgilay olamiz,xolos. Unda ko‘p tadbirlar o‘tkaziladi, dam olish kuni qiladi. ...va boshqa-boshqa tadbirlarni o‘tkazish to‘g‘risida Prezidentning qarori chiqadi. Hayit qilinsin yoki ro‘zaning birinchi kuni falon kuni boshlansin degan qaror chiqarilmaydi", deydi Shayx Abdulaziz Mansur.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002