Boroday: "Biz rus xalqidan yordam olayapmiz..."

  • 24 Iyul 2014
Image copyright AP
Image caption Rossiyaparast bo‘lginchilar rahbariga ko‘ra, uning jangarilarida uchoqni uradigan qurol yo‘q

Sharqiy Ukrainadagi rossiyaparast bo‘lginchilar rahbariga ko‘ra, Malayziyaning MH17 yo‘lovchi uchog‘ini urib tushirishga qodir raketa qurilmalari ularda hech qachon bo‘lmagan.

O‘z holicha Donetsk Xalq Respublikasi e‘lon qilib olgan rus bo‘lginchilari rahbari Aleksandr Boroday qo‘l ostidagi jangarilarining ushbu uchoq halokati uchun mas‘ulligini ko‘rsatadigan dalillarni "soxta" deb rad etdi.

Lekin boshqa bir suhbatida u jangchilari qo‘lida bunday qurol borligidan xabardorligini bildirgandi.

Sharqiy Ukraina osmonidan uchib o‘tayotgan Malayziya uchog‘i bir hafta oldin urib tushirilgan va undagi 298 nafar yo‘lovchi va ekipaj a‘zolarining barchasi halok bo‘lgandi.

Bu xunrezlik uchun sharqiy Ukrainadagi rus jangarilari mas‘ul, deb ishoniladi.

Kiyev mulozimlariga ko‘ra, o‘tgan chorshanba kuni bo‘lginchi rusparastlar Ukrainaga qarashli ikkita harbiy uchoqni ham urib tushirishgan.

Uchoqda qurbon bo‘lganlarning ko‘pchiligi Niderlandiya va Malayziya fuqarolari.

Rossiyaparast jangarilar rahbari o‘zlari nazorat qilayotgan halokat sahnasida qolgan uchoq yo‘lovchilari jasadlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishmagan, degan ayblovlarni ham rad etdi.

Shuningdek, bu hududlarda Rossiyada ishlab chiqarilgan SA-11 rusumli raketa tizimi uskunalari umuman bo‘lmaganini urg‘uladi.

Hozirda uchoq halokatiga sahna bo‘lgan joy o‘z holiga tashlab qo‘yilgani haqida habarlar kelmoqda.

Voqea joyida bo‘lgan BBC muxbiriga ko‘ra, u yerda hech kim yo‘q, halokat sahnasi o‘rab olinmagan, hech qanday tekshiruvchi yo favqulodda vaziyatlarda ishlovchi hodimlar ko‘rinmaydi.

Boroday: "Biz rus xalqidan yordam olayapmiz..."

Image copyright Reuters

Boroday BBC bilan suhbatda Rossiyaning bo‘lginchi isyonchilarga ta‘siri mavjud ekanini inkor etmaydi. Ukrainadagi bo‘lginchilar Rossiya fuqarolari tomonidan boshqarilayotgani haqida da‘volarga qarshi ham Borodayning aytadigan tayinli gapi yo‘qligi ayonlashadi.

Gabriel Geytxaus hikoyasi

Tushlik vaqti isyonchilardan qo‘ng‘iroq bo‘ldi.

Ularning rahbari bizni ko‘rishga tayyor ekan.

O‘zini Donetsk Xalq Respublikasi deb e‘lon qilgan hududning bosh vaziri Aleksandr Boroday, jinsi kurtkada, axborot urushi haqida gapiradi.

U bizga o‘z qarashlarini uqtirmoqchi bo‘ladi…

Lekin vaqt oz, Donetsk har kuni bombardimon qilinmoqda.

U va uning odamlari jangovor holatda, xatto ichkarida ham asablar tarang ekanini sezish mumkin.

Isyonchilar, ularga qarshi tog‘dek dalil-isbot yig‘ilganiga qaramay, Malayziya uchog‘ining qulashiga aloqalari borligini rad etishda davom etishayapti.

Janob Borodayning askarlari qulash maydonida dalillarni toptashda, hatto Barak Obama tomonidan haqiqatni yashirishda ayblandi.

"Bu qip-qizil tuxmat, ochig‘i… Men Obamaning o‘ziga nisbatan bunday ayblovlarni ilgari surishni xohlaymayman, chunki tushunaman, unda faktlar borasida to‘la ma‘lumot yo‘q. U ukraina targ‘ibot mashinasi bilan oziqlantirilmoqda…"

Lekin, shunga qaramay, bir necha kun xalqaro ekspertlarga qulash maydoniga kelishga izn berilmadi…

"Bu yolg‘on. Qanaqasiga izn berilmadi? Biz xalqaro ekspertlarni chaqirdik va ular kelishini kutdik. Lekin Kiyev ularning oldiga turli to‘siqlarni qo‘ydi. Kiyev bu yerga hech kim kelishini istamadi. Shaxsan o‘zim va hukumatimning boshqa a‘zolari xalqaro tashkilotlar vakillarini chaqirdik, ovozimiz boricha qichqirdik, kelinglar, tezroq kelinglar, nima uchun ekspertlaringizni olib kelmayapsiz, dedik."

Men undan balki qo‘rqishgandir deb so‘rayman.

"Balki qo‘rqishgandir, demak ularni Kiyev tomoni qo‘rqitgan. Biz o‘z tomonimizdan ularning xavfsizligini ta‘minlashga kafolat beramiz deb aytdik. Ular 100 foiz kafolat deyishdi, lekin qanday qilib jang ketayotgan tomonda 100 foiz xavfsizlik kafolati bo‘lsin? Bu bema‘nilik", deydi u.

Uchoq qulashidan uch kun o‘tib ham qurbonlarning jasadlari dalalarda sochilib yotardi.

Isyonchilar jasadlarga nisbatan beparvolikda, ularning yoz issig‘ida chirishiga yo‘l qo‘yib berishda ayblandilar.

Lekin janob Boroday buni qat‘iyan rad qiladi.

"Biz boshidanoq buni qilmoqchi edik, lekin Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti vakili bizga qattiq bosim o‘tkazdi. U "Jasadlarga qo‘l tekkiza ko‘rmang! Men 57 mamlakat vakiliman. Agar tegsangiz, 57 mamlakat sizni u qiladi, bu qiladi", deya tahdidlar qildi. Bir kun kutdik, ikki kun, uch kun va bironta ekspert kelmadi. Biz, axir qanisizlar, hurmatli ekspertlar, xalqaro hamjamiyat, nega hech kim kelmayapti, deb so‘radik. Ular esa Kiyevda o‘tiraverishdi. Lekin 30 daraja issiqda jasadlarni shunday qoldirish bu noinsoniylik, bu bema‘nilik, shuning uchun biz ortiq kutib o‘tirmadik…"

Bugun ham ikki harbiy uchoqni urib tushirishlariga qaramay, isyonchilar qattiq bosim ostida qolishgan. O‘tgan bir necha hafta davomida ular qator muhim istehkomlaridan ortga chekinishgan. Ular hali ham katta hududlarni nazorat qilishadi, Ukraina ularni siqib chiqarish uchun, xalqaro ekspertlar kelganiga qaramay, o‘z harbiy amaliyotlarini davom ettirdi.

Boroday bir qator shaharlar faqat taktik yo‘l uchun tark etilganini aytadi.

Kuchni qaytadan to‘plash harakatida ekanini urg‘ulaydi.

Men undan boshqa davlatlardan qurol-yarog‘ va yollanma askarlarni olayotgani haqida so‘rayman.

"Biz harbiy o‘lja olayapsiz. Bizning qo‘limizga katta miqdorda o‘lja tushayapti. Buni biz dushmanlarimizdan tortib olayapmiz. Bu hududlarda Ukraina armiyasining bazalari bo‘lgan. Bu bazalar bizning qo‘limizga o‘tdi, undagi qurol- aslaha omborlari, bronitexnika ham bizga o‘tdi", deydi u.

Uchoqlarni urib tushirishga mo‘ljallangan BUK rusumli qurol haqida so‘rayman.

U rad etadi. Bizda BUK bo‘lmagan deydi.

Suratlar haqida so‘raganimda, u BUK tushirilgan suratlar kompyuterda ishlangan deb gapni aylantiradi.

Rossiyadan yordam masalasida esa, " biz rus xalqidan yordam olayapmiz", deydi.

"Biz xalqning yordamini olayapmiz, bizga ko‘ngillilar kelishayapti, shaxsan o‘zim ham rus xalqidan kelgan yordamman. Men Rossiya fuqarosiman va Moskva shahri yashovchisiman. Men Donbaslik emasman. Bu yerga ko‘ngilli bilan kelganman. Taqdir taqozosi bilan, men qurol ushlab okopda o‘tirganim yo‘q, balki Bosh vazir kursisida o‘tiribman".

Boroday o‘zining josuslik xizmatlariga, xususan Rossiya xavfsizlik xizmatiga aloqasi borligini rad qiladi.

"Maxsus xizmatlar xodimlari orasida tanishlarim ko‘p. Men professional siyosatshunosman, shunday ekan, siyosatchilar, biznesmenlar, maxsus xizmatlar xodimlari orasida tanishlarim ko‘p", deydi u.

"Mana masalan, juda yaxshi tanishim bor, u maxsus xizmatlarning iste‘fodagi sobiq a‘zosi. U bizning mudofaa vazirimiz, polkovnik Strelkov. U ham Moskvalik. U maxsus xizmatlarda ishlaganida ham mening yaqin do‘stim edi. Uni 20 yildan beri taniyman. Xo‘sh, nima qilibdi", deb so‘raydi Boroday.

Bunaqa aloqalar bilan Rossiya hukumati ta‘sir o‘tkazishi mumkinmi, deb so‘rayman undan.

"Nazariy olib qaralsa, albatta o‘tkaza oladi. Lekin o‘tkazmaydi", deydi u.

Nima uchun?

"Buni Rossiya hukumatidan so‘rang".

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002