Rossiyadagi o‘zbeklar: "Elchi tuzukroq bo‘lsin!"

Image caption "Dangasa"lar xat yozdi...

Rossiyadagi o‘zbeklar O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi ularning haq-huquqini chinakam himoya qiladigan rasmiy shaxs bo‘lishini istashadi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov nomiga yo‘llangan ochiq xatda 2010 yilda elchilikka tayinlangan Ziyodulla Po‘latxo‘jayev ishonchni mutlaqo oqlamagani, uning elchilik faoliyati davomida Rossiyadagi o‘zbekistonlik muhojirlarning ahvoli og‘irlashgani aytilgan.

Mazkur xat Rossiyadagi o‘zbeklarning "Yoshlar" harakati va bir nechta jamoatchilik tashkilotlari tomonidan mamlakat Tashqi ishlar vaziriga yo‘llangan.

Bundan bir necha kun avval O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Ziyodulla Po‘latxo‘jayev ishdan olingani xabar berilgandi.

Rossiyada mehnat qilayotgan O‘zbekistonlik muhojirlarning aytishlaricha sobiq elchi ular uchrayotgan qiyinchiliklarni hal etishga umuman axamiyat bermagan.

Masalan, so‘nggi uch yil ichida Rossiyada o‘zbekistonliklarga qarshi ochilgan jinoiy ishlar soni 148534 tani tashkil etgan. O‘zbekiston elchixonasi vakillari esa aqalli birorta ham sud ishida qatnashmagan, O‘zbekiston fuqarolariga yordam ko‘rsatmagan.

Rossiyada garchi bu mamlakatda yashash va ishlash qonunlarini buzishmagan bo‘lsa-da, turli vaj-bahonalar bilan O‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini chiqarib yuborish hollari tez-tez uchrab turadi.

So‘nggi paytlarda Rossiyadan chiqarib yuborilayotgan o‘nlab tojikistonlik mehnat muhojirlarining haq-huquqlari tiklangan.

O‘zbekistonlik muhojirlar bu ishda Tojikiston elchixonasining ham sa‘yi-harakati borligini ta‘kidlash bilan birga, O‘zbekiston elchixonasining ham ana shunday ish tutishini istashadi.

Rossiyada bu yerga ishlash uchun kelgan O‘zbekiston fuqarolarining hujjatlari tortib olinib, qullikka solish hollari ham ko‘p uchraydi. Lekin, Rossiyadagi O‘zbekistonliklarga ko‘ra, mana shunday og‘ir holga tushgan o‘z fuqarolari taqdiriga ham sobiq elchi tuzuk e‘tibor bermagan.

Yetarli ish sharoiti yaratilmagani uchun ish paytida jarohat olish, halok bo‘lish, qilgan ishi uchun ish haqini yetarli olmaslik yoki butunlay olmaslik, mahalliy taqirboshlar hujumiga uchrash hollari ham aksar xollarda elchixona e‘tiboridan chetda qoladi.

Ustiga Rossiya matbuotida aslida tirikchilik vajidan Rossiyaga kelib mehnat qilayotgan O‘zbekistonliklarni jinoyatchi sifatida ko‘rsatish an‘anasi kuchli bo‘lsa-da, bunga qarshi asosli javob harakatlari kuzatilmaydi.

"Mamlakat prezidentining o‘zi bizni dangasalar va tekinxo‘rlar, deb atab turganidan so‘ng, aslida elchidan nima kutish mumkin?", deydi yetti yildan buyon Moskvada ishlayotganini aytgan qashqadaryolik mehnat muhojiri.

Harholda Rossiyadagi O‘zbekistonliklar yaxshi o‘zgarishlarga ishonchlarini butkul yo‘qotishmagan. Chunki, masalan, aslida toshkentdan bo‘lgan sobiq shifokor, hozirda Moskvada oshpazlik qilayotgan ayolning fikricha, Rossiyadagi bir necha million nafar fuqarosining taqdiri baribir O‘zbekiston hukumatini tashvishga solishi zarur va shart.

Shuningdek, ochiq xatda elchixonaning Rossiyadagi o‘zbek jamoalarini birlashtirishning uddasidan chiqmagani, O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyatini namoyish etuvchi birorta ham tadbir uyushtirmagani, Rossiyadagi Kurash federatsiyasiga hech qanday yordam ko‘rsatmagani ta‘kidlangan.

Rossiyadagi o‘zbeklar O‘zbekiston rahbariyatidan Rossiyaga yangi elchi tayinlashda avvalgi xatoni takrorlamaslikni so‘rashmoqda, deb yozilgan uz.ca-news.org/news cahifasida.

O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalari umumiyatla o‘z fuqarolari taqdiriga befarq ekani, hech qursa pasport yangilash va yoki sun‘iy nazorat uchun yaratilgan chiqish vizasi berish kabi masalalarda yordam berishga oshiqmasligi azaldan ma‘lum.

Sobiq Sho‘ro davlatlarining xorijdagi elchixonalari bilan O‘zbekiston vakolatxonalarining farqi ham aksariyat holatlarda xuddi shu befarqlik va yo imkonsizligidadir.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002