Ekologik vahshiylik xatolari anglab yetilayaptimi?

Image caption Daraxtlar ham... omon chiqmadi

So‘nggi 6-7 yil davomida butun O‘zbekiston bo‘ylab keksa, baquvvat, yozda soya-salqin beradigan daraxtlarga ayovsiz qiron keltirish ortidan daraxtlarni muhofaza qiladigan tuzilma tashkil etishga qaror qilingan.

O‘tgan yili O‘zbekistonda atigi 1000 ta keksa daraxt qolgani ma‘lum bo‘lgan edi.

Toshkentlik taniqli jurnalist Natalya Shulepinaning atrof-muhit masalalarini yoritishga ixtisoslashgan sreda.uz blogi xabar qilishicha, Farg‘ona viloyati hokimligi O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasiga daraxtlar himoyasi bilan shug‘ullanadigan bo‘lim ochishga ruxsat berishini so‘rab murojaat qilgan.

Bunga javoban hukumat maxsus qaror qabul qilgan.

Bu qaror butun O‘zbekiston emas, faqat Farg‘ona viloyatiga mo‘ljallangan.

U Farg‘ona shahri markazini obodonlashtirish, qimmatli daraxt turlari va o‘simliklarini asrash, shahar maydonlari, xiyobonlari atrofini toza-orasta saqlash maqsadiga qaratilgan.

Shu maqsadda hokimiyat qoshida Farg‘ona shahrini ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish departamenti tashkil etiladi.

Bu departament tashkil etilishidan oldin Farg‘ona viloyati hokimligi Farg‘ona shahri markazida nechta daraxt, nechta simyog‘och, fontan va tungi yoritish uskunalari borligini inventarizatsiyadan o‘tkazishi talab qilinadi.

Sreda.uz web-sayti yozishicha, Farg‘ona shahri markazida nechta keksa daraxt qolganini hisoblab chiqish ham daraxtlarni vahshiyona kesishni to‘xtatish yo‘lidagi birinchi qadam bo‘lishi mumkin.

Web-sayt Toshkentning Amir Temur xiyobonidagi, Farg‘ona shahridagi keksa va qimmatli daraxtlar inventarizatsiya qilinmagani va shu sabab ham Toshkentda bir asrlik daraxtlardan 300 tasiga qiron keltirildimi yoki 400 tasiga, noma‘lum ekanini yozadi.

La‘natga qolgan daraxt qo‘poruvchilar

Image caption "Qudratiga o‘zi ishonmagan mulozimlarning qurboni..."

O‘zbekistonlik amaldorlar oxirgi 6-7 yilda hech kim bilan maslahatlashmasdan sog‘lom, ko‘p yillik, yozda mikroiqlim barpo etadigan ulkan daraxtlarni qo‘porishga "ruju qo‘ydilar".

Nafaqat O‘zbekiston, balki xorijda ham ko‘pchilikni larzaga solgan voqea Toshkentning Amir Temur xiyobonidagi yoshi bir asrdan katta daraxtlarning tag-tomiri bilan yo‘q qilingani bo‘ldi.

Toshkentliklar so‘zlariga ko‘ra, Amir Temurning "bizning qudratimizga shubha qilsangiz, biz qurdirgan binolarga boqing" iborasini yoqtiradigan bugungi rahbarlar uchun bir asrlik daraxtlardan ko‘ra xiyobon chetiga qurilgan Forumlar saroyining mahobatini ko‘z-ko‘z qilish muhim bo‘lgan.

Suhbatdoshlardan biri, " tepada o‘tirganlar o‘zlari ishonmaydi, hech kimdan kam emasmiz deb ko‘krakka mushtlagani bilan nimaga erishdik, qanaqa qudrat haqida gapirasiz, yo‘q narsaga o‘zlari ham ishonmaganidan ko‘prikbozlik, binobozlik qilishadi", deb kuyinadi.

Ko‘pchilik kuzatuvchilar fikricha, O‘zbekistondagi bir asrdan keksa, bugun ham sog‘lom va baquvvat, yozning jaziramalarida insonlarga soya beradigan daraxtlarning ildizlari bilan qo‘porilishi ortida kamida uchta sabab bor.

Biri mansab kursisini egallagan amaldorlarning "yuqoriga yoqish" va shaharni qayta qurish va obodonlashtirish bahonasida davlat byudjetidan ko‘proq mablag‘ni noqonuniy o‘zlashtirish istaklaridir.

Shuningdek, SSSR zamonini eslatadigan xotira qoldirmaslik, mamlakat mustaqilligi yillarida O‘zbekiston shahar va ko‘chalarining naqadar keng va obod bo‘lganini ko‘rsatib qo‘yish intilishi.

Oxirgi ikki yilda yozda O‘zbekistonda haddan ziyod jazirama issiq kuzatilayapti, mana shunday kunlarda "ko‘chada qolganlar soya-salqin berib turgan daraxtlarni ko‘porishga buyruq berganlarni la‘natlab yuriptilar", deb yozdi Internet ijtimoiy tarmoqlaridan biri foydalanuvchisi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002