Hamas rahbari: Isroil G‘azo qamalini bekor qilishi shart

Image caption Xolid Meshaal: "...Falastin istilosiga nihoya berish vaqti keldi."

Hamas lideri Xolid Meshaal qarshilik harakati otashkesim bitimini iloji boricha tezroq imzolashni istashini, biroq buning uchun Isroil G‘azo bo‘lgasi qamalini bekor qilishi shartligini aytgan.

BBC bilan bo‘lgan eksklyuziv suhbatida janob Meshaal Falastin xalqi Isroil va Misr "qamalisiz yashashni" va dunyoga ochilishni istaydi, deb aytgan.

"G‘azo xalqi dunyoning eng katta qamoqxonasida sekin o‘lim bilan jazolantirilmoqda", - deb aytgan Xolid Meshaal.

BBC: Inqiroz yana qancha davom etishiga tayyorsiz?

Xolid Meshaal: Bu azobu insoniy fojealar Isroil dastidan bo‘layapti, biz qurbonlarmiz. Men bularning iloji boricha tezroq tugashiga umid qilaman. Bu Netanyahuning G‘azoga hech qanday asossiz boshlagan urushidir. Netanyahu G‘arbiy sohildagi muhojirlar masalasidan foydalanib, G‘azodan intiqom olayapti. U Falastin xalqi qonini to‘kish bilan o‘z siyosiy raqiblari talabini qondirishni istaydi.

BBC: Axir sizga otashkesim bitimi taklif qilindi-ku. Bu yana qancha davom etishi kerak?

Xolid Meshaal: Biz tajovuzni aritish va muhosirani olib tashlashga qaratilgan har qanday tashabbusni qo‘llab-quvvatlaymiz. Bizga muhosirani yanada kuchaytiruvchi otashkesim bitimi taklif qilindi. G‘azo xalqi 8 yildan buyon davom etayotgan qamaldan xunob bo‘lgan. Bu asossiz muhosira avvalgi urushga nisbatan ko‘proq insonlar umriga zomin bo‘ldi. Mening talabim aniq: tajovuz va muhosirani to‘xtatsinlar.

BBC: Dohadan turib qamalni olib tashlash talab qilish oson. Ammo sizga otashkesim muhimroq emasmi?

Xolid Meshaal: Bu mavqe‘ Dohada o‘ylab topilgani yo‘q. Bu G‘azo xalqi, Hamas, "Islomiy Jihod" va "Xalq Jabhasi" mavqe‘sidir. G‘azo xalqi bizga "otashkesimga rozi bo‘lmang", demoqda. Biz bu muhosiraning olib tashlashlarini istaymiz, xolos. Biz "sekin o‘lim" davom etishi uchun "tez o‘lim" to‘xtatilishini istamaymiz. Dunyodagi banklar Falastin banklariga G‘azo xalqiga pul jo‘natmaslik talabi bilan bosim o‘tkazmoqda. G‘azoda insonlar halok bo‘layapti. Atlantika ummonidagi yirik orol - Britaniya qamalda qoldi, deb tasavvur qiling. Britaniya xalqi nima qilgan bo‘lardi? Britaniya shaharlarining muhosirada qolishi va boz ustiga ularning Ikkinchi Jahon Urushi paytidagi singari bombalanishini tasavvur qiling. Bizni ayblashdan oldin o‘tmishda nimalar yuz bergani va unga qanday javob qaytarilganini eslang. Bir necha kun muqaddam Britaniya parlamentining bir vakili "men Isroilga raketa otgan bo‘lardim," - deganini eshitdim.

BBC: Lekin Hamas xalqni ataylabdan xavf ostiga qo‘yishda ayblanayapti...

Xolid Meshaal: Raqamlar boshqacha manzarani berayapti. Raqamlardan turlicha foydalanish mumkin. Biz 700 dan ortiq shahid berdik. Ularning aksari tinch fuqarolardir. Buni Isroilning o‘zi ham tasdiqlayapti.

BBC: Siz G‘azo bo‘lgasida insonlar hayotini ataylabdan xavf ostiga qo‘yishda ayblanayapsiz...

Xolid Meshaal: Mas‘uliyat kimning zimmasida bo‘lishi kerak? G‘azoga uchinchi bor bostirib kirayotgan istilochilaru kelgindilarmi yoki o‘zini himoya qilayotganlarmi? Men sizdan so‘rayapman. Britaniya De Goll boshchiligidagi Fransa ozodlik harakatiga boshpana berib, BBC yordamida Parijdagi natsistlarga qarshi qarshilik harakatini boshlaganida frantsuzlar o‘limiga De Goll mas‘ul bo‘ldimi? Janubiy Afrika xalqi singari Falastin xalqi ham emin-erkin yashashni istaydi. Xalqaro hamjamiyatga tarixdagi eng so‘nggi istilo - Falastin istilosiga nihoya berish vaqti keldi.

BBC: Maktablarga raketalarni joylashtirish bilan qarshilik harakatini qanday qilib oqlash mumkin?

Xolid Meshaal: Bu - g‘irt bo‘hton. Qani o‘sha raketa otuvchilar? Isroil ko‘rsatsin!

BBC: BMTning aytishicha, maktab binosida...

Xolid Meshaal: G‘azodan raketa otayotganlar qarshilik harakatiga qarashli. Ular yer ostida va Isroil ularga yeta olmayapti. Shuning uchun Isroil ular odamlar orasida degan bahona bilan shifoxonalar, masjidu maktablarni bombalayapti. G‘azo xalqi bo‘g‘izlanayapti, ammo dunyo bunga befarq. Aksincha Hamasni ayblash bilan ovora.

BBC: Oddiy odamlar o‘layapti deysiz, lekin nima uchun Isroil harbiylari falastinliklarga telefonlar orqali turgan joylaringizdan teza chiqib keting, deb ogohlantirgan bir paytda Hamas Ichki ishlar vaziri o‘rningizdan jilmang, deydi?

Xolid Meshaal: Siz Falastin rahbariyati o‘z xalqini o‘z vatanidan chiqarib yuborishini istaysizmi? Sizga Britaniya va Amerikada mana shunday tushuntirishdimi? Qaysi hukumat o‘z xalqidan uylarini tashlab chiqishni so‘raydi?

BBC: Hamas rahbarlarining oddiy odamlarga o‘z joylaringizdan jilmang, deyishga qanday haqqi bor?

Xolid Meshaal: Falastin xalqi o‘z tuprog‘ini tark etayotgani yo‘q. 18 kundan buyon jang bo‘layapti, lekin siz birorta falastinlik G‘azodan chiqib ketganini eshitdingizmi? Falastinliklar o‘z tuprog‘i va o‘z uylarida qolishga haqlari bor. Isroil odamlarni qanday ogohlantirishini bilasizmi? Isroil avvaliga telefon orqali ogohlantiradi va uch daqiqadan keyin uylarni buzish uchun F16 uchoqlarini yo‘llaydi. Shu ham ogohlantirishmi? Isroil qarshilik harakatiga zarba bera olmagach, oddiy insonlarni nishonga olishga tushdi. Haqiqiy manzara mana shunday.

BBC: Insonlarni o‘z uylarini yalang‘och qo‘llari bilan himoya qilishga chaqirish mas‘uliyatsizlik emasmi?

Xolid Meshaal: Bu oilalarning xohishi. Falastinliklar o‘z vatanida. Bu falastinliklar hayoti. Falastinlik uyini o‘z puliga qurgan. Isroilliklar undan uyni jimgina tashlab chiqishini kutayaptimi? Hamas odamlarga uylariga o‘tirish buyrug‘ini bergani yo‘q. Hamas insonlarni matonatli bo‘lishga undaydi. G‘azoga borib, shifoxonalardagi odamlarni, buzilgan joylarni ko‘ring – aybni qurbonlarga to‘nkamang. Hamma ayb bu qirg‘inni sodir etgan Isroilda. Bizdan 700 nafar inson halok bo‘ldi. Ularning aksari oddiy fuqarolardir. Hamas esa e‘tiborni Isroillik askarlarni o‘ldirishga qaratmoqda. Bu Falastin muqovimati va Isroil istilosi o‘rtasidagi axloqiy tafovutdir.

BBC: Shimon Peres bayonoti: hech bir davlat terrorchining tunneldan chiqib, begunoh insonlarni o‘ldirishiga jim qarab tura olmaydi...

Xolid Meshaal: Dunyoda Falastinni ishg‘ol qilgan bosqchinchining ishg‘olini tan olgan biron davlat bormi? Bu sionistlar istilosi emasmi? Istilochi Isroil emasmi? G‘arbiy sohilni ishg‘ol etilganini tan olgan xalqaro qonun yo‘qmi? Xalqaro hamjamiyat nima qildi? Ishg‘oldan ziyon ko‘rayotgan falastinliklar emasmi? Xalqaro qonunlarga Isroil ham rioya qilishi kerak. U ishg‘ol qilayapti, noqonuniy jamloqlarni qurayapti, qon to‘kayapti, insonlarni boshpanasiz qoldirayapti. Nima uchun faqat G‘azodan kelayotgan kuchsiz raketalarni ko‘rasiz. Nima uchun G‘azoni nishonga olayotgan eng zamonaviy raketalarni tanqid qilmaysiz?

BBC: Isroil qurollari siznikidan ustunligi haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Ammo siz otgan raketalardan Isroil himoyalanish haqqiga ega emasmi?

Xolid Meshaal: Yerlari Isroil tomonidan bosib olingan Falastin xalqi-chi? Ular o‘zlarini himoya qilish huquqiga ega degan xalqaro qonun yo‘qmi? Nega endi Isroil o‘zini himoya qilish haqqiga ega ekan? Isroil - ishg‘olchi va sitamgar. Unda ulkan armiya bor. Falastin xalqining yarmi istilo ostida va qolgan yarimi hijratda yashaydi. Xalqimiz o‘zini himoya qilish huquqiga ega, ammo dunyo Isroil foydasiga munofiqlik qilayapti. Dunyo bizni demokratiyani qabul qilishimizni istaydi. Ammo, nima uchun dunyo Hamas saylovlarda g‘olib chiqsa, Falastindagi demokratiyaga hurmat ko‘rsatmaydi?

BBC: Hozirda mojaro yechimi ikkala tomonning xohish-irodasiga qarab qolgandek… Qachongacha? Raketalar Tel-Aviv va undan ham uzoqroq shaharlarga otiladi. Hamas strategiyasi shumi?

Xolid Meshaal: Hamas strategiyasi - bosqinchidan yerini qaytarib olish va boshqa davlatlar singari mustaqil davlat qurish. Hamas strategiyasi - Falastin xalqini himoya qilish. Ha, biz og‘ir jangga kirishganmiz, Isroil bizdan kuchliroq, ammo haqiqat biz tomonda. Biz va isroilliklar o‘rtasidagi farq - yer ishg‘olchilari va yerning haqiqiy egalari o‘rtasidagi farqdir. Tarix bizga mujodala qanchalar uzun bo‘lmasin haq tomonning g‘olib chiqishini o‘rgatgan.

BBC: Lekin bugun G‘azo xalqi uchun keyin nima bo‘lishidan hozir nima bo‘lishi muhimroq. O‘tgan safar ikki haftadan ko‘proq davom etgan hujumda 1300 dan ko‘proq falastinlik halok etilgandi. G‘azoga qayta oyoqqa tiklanishi uchun uzoq vaqt kerak bo‘ldi. Tinchlik o‘rnatilishi uchun yana qancha odam o‘lishi kerak?

Xolid Meshaal: Biz uchun har bir insonning hayoti aziz. Har bir tomchi qon biz uchun aziz. Ular bizning farzandlarimiz, Isroil farzandlari emas. Xalqaro qonunlarga ko‘ra, istilo bu - jinoyat, tajovuz bu - jinoyat, muhosira bu - jinoyat. Falastinlik qonini to‘kishni to‘xtatishni istaganlar G‘azo istilosi va muhosirasiga nuqta qo‘ysinlar.

BBC: Otashkesimni imzolash uchun nima ketadi?

Xolid Meshaal: Biz otashkesim iloji boricha tezroq imzolanishini istaymiz. Bu G‘azo muhosirasini olib tashlash bilan bir vaqtning o‘zida bo‘lishi kerak. Bu G‘azo xalqining talabidir. Men BMT, Britaniya va AQShni G‘azoga borishga va u yerdagilar istagini o‘rganishga chaqiraman. G‘azoliklarning talabi ham xuddi shunday bo‘lishiga men kafolat beraman.

BBC: Amerikaliklar ikki bosqichdan iborat bitim ustida ishlashayapti. Siz uni tan olishga tayyormisiz?

Xolid Meshaal: Bitim shakli qanday bo‘lishidan qat‘i nazar men uchun muhim bo‘lgani G‘azo muhosirasini olib tashlash bo‘yicha haqqoniy kafolatning berilishidir. O‘tmishda bunday va‘dalar bo‘lgan, ammo hech biri ijro etilmagan. G‘azo Falastin zaminining bir bo‘lagidir. U yerda 1.8 million odam yashaydi. Ular qamaldan holi yashashlari kerak. Biz aeroport istaymiz, biz bandargoh istaymiz. Biz dunyoga ochilishni istaymiz. Biz G‘azoni dunyoning eng yirik qamoqxonasiga aylantirgan nazorat qilinuvchi chegara o‘tish nuqtalari bo‘lishini istamaymiz. Odamlar davolangani, ishlagani chetga chiqa olishmaydi. Nima uchun G‘azo xalqi dunyodagi eng yirik qamoqxonada sekin o‘lim bilan jazolantirilmoqda? Bu - jinoyat. Biz tajovuz to‘xtatilishini va muhosira olib tashlanishini istaymiz. Biz G‘azoda qon to‘kishlar to‘xtashini xohlaymiz.

BBC: Siz Hamas siyosiy rahbarisiz, Hamas nomidan gapirasiz. Siz iqtisodiy o‘zgarishlar yuzasidan muzokaralar olib borilishi barobarida raketalar otishni to‘xtatishga tayyormisiz?

Xolid Meshaal: Nima uchun bosqichma-bosqich deb turib olgansiz? Arafat Osloda bosqichma-bosqich yechimga rozi bo‘ldi, besh yil o‘tib nimaga erishdik? Hech narsaga. Oradan yigirma yil shunday o‘tib ketdi. Biz tajovuz va muhosirani to‘xtatish bo‘yicha xalqaro hamjamiyat mas‘ul bo‘lishini istaymiz. Biz haqqoniy bitim bo‘lishini istaymiz. Biz istiloga nuqta qo‘yilishini ham xohlaymiz. Falastinliklar G‘arbiy Sohil va G‘azo bo‘lgasida erkin yashashni istashadi. Biz kelajagimizni o‘zimiz belgilashni va o‘z yerimizda yashashni xohlaymiz.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002