Rossiya "Ohangarontsement" atrofidagi vaziyatdan tashvish bildirdi

Image caption "Evrotsement" Ohangarondagi korxonasini yo‘qotishdan 900 million dollar zarar ko‘rishini aytmoqda

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi "Evrotsement" shirkatining O‘zbekistondagi korxonasi atrofida yuzaga kelgan vaziyatdan tashvishda ekanini bildirgan.

Bu haqda Interfaks agentligi Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga iqtibosan xabar tarqatgan.

Rossiyaning Toshkentdagi elchixonasi O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligiga yo‘llagan notada "Ohangarontsement" zavodining davlat tasarrufiga o‘tkazilishi ehtimolidan xavotir izhor qilingani aytiladi.

2 iyul kuni Toshkent viloyat Xo‘jalik sudi O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining "Ohangarontsement"ning xususiylashtirilishi noqonuniy bo‘lgani haqidagi da‘vosini qondirgan.

"Evrotsement" 30 kun ichida qarordan norozilik bildirib, yuqori mahkama idorasiga murojaat qilishga haqli ekani aytilgan.

Agar yuqori mahkama idorasi ham qarorni tasdiqlasa, korxona davlat tasarrufiga o‘tkaziladi.

Shoshilinch qaror

"Evrotsement" rahbari Mixail Skoroxod O‘zbekiston Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining "Ohangarontsement"ni xususiylashtirish haqida 1994 yilning 30 avgustida chiqarilgan qarorni bekor qilishni so‘rab, Toshkent viloyat Xo‘jalik sudiga bergan arizasi haqida shu yilning 16 iyul kuni xabar topganliklarini aytgan.

Interfaks agentligining janob Skoroxoddan iqtibos keltirishicha, oradan bir kun o‘tib, 17 iyul kuni Xo‘jalik sudidagi tinglov boshlangan va 20 iyul kungi bir necha soat davom etgan majlisdan so‘ng Xo‘jalik sudining qarori e‘lon qilingan.

"Evrotsement" rahbariga ko‘ra, o‘zbek tomonining korxonani xususiylashtirish noqonuniy bo‘lgani haqidagi da‘volari asossiz.

Janob Skoroxod "Evrotsement" Ohangarondagi korxonasini yo‘qotishdan 900 million dollar zarar ko‘rishini aytgan.

2006 yilda "Ohangarontsement"ni sotib olgan Rossiyaning "Evrotsement" guruhi o‘tgan vaqt mobaynida O‘zbekistonga yangi texnologiyalar olib kirgan va sifatli mahsulotlari bilan tanilgani aytiladi.

"Ohangarontsement"ning O‘zbekiston tsement mahsulotlari bozoridagi ulushi 30 foizni tashkil etgan va korxona o‘z mahsulotlarini qo‘shni davlatlarga eksport qilib kelgan.

Bundan ikki yil muqaddam Qozog‘iston shirkatiga tegishli "Bekobodtsement"da o‘tkazilgan tekshiruvlar shirkatning milliylashtirilishi bilan tugagandi.

O‘tmishda Rossiyaning O‘zbekistondagi kamida ikki yirik shirkati moliyaviy qallobliklar va yuzlab million dollar miqdoridagi soliqlarni to‘lamaganlikda ayblangan.

"Vimm-Bill-Dann" va "MTS" shirkatlari O‘zbekiston xo‘jalik mahkamalaridagi uzoq tortishuvlar ortidan o‘zbek bozorini tark etishga majbur bo‘lganlar.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002