Rossiya Tashqi ishlar vaziri BBCni tsenzurada aybladi

Image copyright AFP
Image caption Lavrov BBCdan norozi

Rossiya Tashqi ishlar vaziri BBCni tsenzurada aybladi

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Olga Ivshinaning videolavhasi BBC Rus xizmatining sahifasidan olib tashlanishini "tsenzuraning ko‘rinishi" deb ta‘riflagan.

"Umid qilamizki, bizning g‘arblik hamkasblarimiz axborot olish huquqiga doir erkinlik qoidalariga rioya qilishadi", deb aytgan Lavrov janoblari matbuot anjumanida.

Tashqi ishlar vaziri G‘arb davlatlarini Malayziyaga tegishli uchoq halokatiga doir axborotlarni yashirish va uning ta‘biricha, Kiyevning tinch fuqarolarga nisbatan zo‘ravonligini ko‘rib ko‘rmaslikka olishda ayblagan.

"MH17 halokati: BBC Bukni qidiradi" deb nomlangan lavha 25 iyul kuni Rus xizmatining sahifasida e‘lon qilingan va keyinroq lavhaning "mukammal bo‘lmagani va BBCning tahririy qadriyatlariga to‘la javob bermagani" uchun olib tashlangan edi.

Shu bilan bir qatorda, Britaniya matbuotini muvofiqlashtiruvchi Ofcom tashkiloti Russia Today televizion tarmog‘i tomonidan Malayziya shirkati uchog‘ining halokatiga doir bir tomonloma xabarchilikka doir mushtariylarning shikoyatini tekshirmoqda.

Bu televizion tarmoq Rossiya hukumati tomonidan moliyalanadi.

G‘arbga savollar

Image copyright RIA Novosti
Image caption Russia Today ni hozirgacha bir necha jurnalist tark etgan

Lavrovga ko‘ra, uchoq halokatini tekshirishga doir amallar turfa savollarni o‘rtaga otadi.

Masalan, dispetcherlar orasidagi so‘zlashuvlar hozir ham oshkor etilgani yo‘q. "Amerikaliklar uchoq qulashi sabablariga doir rad etib bo‘lmaydigan dalillarga egamiz deyishmoqda, xo‘p, unda nima uchun bu dalillar oshkor etilmayapti", deb so‘ragan Sergey Lavrov.

Amsterdamdan Kuala-Lumpurga yo‘l olgan uchoq 17 iyul kuni Donetsk viloyatining Grabovo qo‘rg‘oni yaqiniga qulab tushgan edi.

AQShning josuslik xizmatlariga ko‘ra, bu uchoq aftidan rossiyaparast bo‘lginchilar tomonidan urib tushirilgan.

Ammo bo‘lginchilar bu da‘volarni rad etishadi.

Lavrov mamlakat sharqidagi rossiyaparast kuchlar va Kiyev o‘rtasida muzokaralar tez orada boshlanishiga umid bildirgan.

Ammo Rossiya Tashqi ishlar vaziriga ko‘ra, Rossiya tomonidan Qrimning qo‘shib olinishiga doir masala muhokama etilmaydi.

Lavrov Ukrainadagi ziddiyatni G‘azo bo‘lgasidagi vaziyatga tenglashtirgan.

G‘arb davlatlari Rossiya bo‘lginchilarni dastaklamoqda degan fikrda sobit qolmoqda.

Ayni mana shu holat mamlakatni inqirozni yana ham yomonlashtirmoqda.

Sahifadan olib tashlangan lavha

Image caption "Buk" rusumidagi raketalar isyonchilar ixtiyorida bo‘lganmi?

Olga Ivshinaning avvaliga nashr qilingan va keyinroq olib tashlangan lavhasi Rossiya matbuotida jiddiy noroziliklarga sabab bo‘lgan.

Ikkinchi bor nashr qilinganida lavhada tomonlarning nuqtai-nazarlari to‘laroq aks etgan.

Unga Kiyevning rasmiy munosabati qo‘shilgan.

Kiyevga ko‘ra, Malayziya uchog‘i qulagan kuni Ukraina harbiy uchoqlari yaqin atrofda parvoz qilmagan.

Lavhadan faqatgina Ukraina kontrazvedkasi rahbari Vitaliy Naydaning fikrlari BBC muharrirlariga ko‘ra, lavhaga mos bo‘lmagani uchun olib tashlangan, xolos.

Rossiya matbuoti mahalliy aholining fikrlari uchun olib tashlandi deb da‘vo qilar ekan, buning aksi o‘laroq, mahalliy aholi vakillari bilan suhbatlarga "tegilmagan".

"BBC o‘z o‘zini tsenzura qilish bilan shug‘ullanmaydi, balki o‘z jurnalistlari savol berishdan tortinmasliklariga ishonadi. Bu savollar suhbatdosh uchun noqulay va mushkul bo‘lishi mumkin", deb aytgan BBC Rus xizmati muharriri Yan Leder.

O‘tgan hafta Rossiyaning Russia Today tarmog‘i muxbiri Sara Fert aynan Malayziya uchog‘i halokatining yoritilishidan norozilik bildirib iste‘fo bergan edi.

Uning aytishicha, Rossiya hukumati moliyalaydigan Russia Today telekanali mavjud faktlarni o‘z manfaati yo‘lida ishlatgan va ochiqdan ochiq Ukraina tomonini ayblagan.

Russia Today esa bu ayblovlarni va Britaniyaning ommaviy-axborot vositalarni muvofiqlashtiruvchi tashkilotga tushgan shikoyatlarni rad etadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002