Gurjiston: Saakashviliga sirtdan ayblov e‘lon qilindi

Image copyright Getty
Image caption Mixail Saakashvili ayblarni siyosiy deb atagan

Gurjiston Bosh prokuraturasi dushanba kuni mamlakatning sobiq prezidenti Mixail Saakashvilini jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha qaror chiqargan.

Prokuraturadan bildirishlaricha, bu ish 2007 yil 7 noyabrda namoyishchilarni kuch bilan tarqatish, "Imedi" telekompaniyasiga bostirib kirish va Badri Patarkatsishvilining mol-mulkini noqonuniy ravishda topshirishga bog‘liqdir.

Aytilishicha, qaror chiqishi ortidan 24 soat ichida Saakashviliga qarshi rasman ayblov e‘lon qilinishi kerak. Biroq, Saakashvili tergov organlariga kelishdan bosh tortmoqda.

Saakashvili janoblaridan tashqari, ayblov haqidagi qaror go‘yoki o‘z lavozimini suiste‘mol qilgani uchun o‘sha paytdagi ichki ishlar vaziri Vano Merabishvili, bosh prokuror Zurab Adeishvili, mudofaa vaziri David Kezerashvili va Tbilisi hokimi Gigi Ugulavalarga qarshi chiqarilgan.

Tergov jinoiy kodeksning 333-moddasi bo‘yicha davom etmoqda. Aybdor deb topilganlar besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum etilishlari mumkin.

Gurjiston prokurorining qaroridan avval Saakashvili dushanba tongida ikkinchi marta guvoh sifatida ko‘rsatma berishga chaqirilgan, biroq u kelmagan.

Prezidentlik faoliyatining ikkinchi muddati tugashi ortidan Gurjistonni tark etgan Saakashvili ayblovlarni "siyosiy" deya qoraladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002