Qozog‘iston poytaxtida velotaksilar paydo bo‘ldi

Image caption Velotaksining narxi ming tanga

Hozircha 10 donani tashkil qiluvchi velosipedlar sayyohlarni shaharning yangi qurilgan qismi bo‘ylab aylantiradi.

Biznesni yo‘lga qo‘ygan yosh tadbirkorlar uni kengaytirish va shu bilan shahar yo‘llarida izdihomni kamaytirishga hissa qo‘shishmoqchi.

Qirollar foytuni uslubida ishlangan velotaksilar Ostonaning so‘nggi 17 yil ichida qurilgan "So‘l sohil" deb atalmish qismida yuradi.

G‘oya mualliflaridan biri Amirxan Ashenovning BBCga aytishicha, to‘rt yil oldin Amerikaga "Ish va sayohat" dasturi bo‘yicha borgach ushbu sohada ishlagan va uni Qozog‘istonda tadbiq qilish g‘oyasi paydo bo‘lgan.

"Biz 2010 yili "Work and travel" dasturi bo‘yicha Amerikada bo‘lganmiz. Mana shunday velotaksilarda ishlaganmiz. G‘arb bozorida bunday xizmatga talab katta ekanligini ko‘rdik. Nima uchun Qozog‘istonda ushbu biznesni yo‘lga qo‘yib bo‘lmaydi, deb o‘ylab amalga oshirdik", - deydi Amirxan Ashenov.

Yosh tadbirkorlar Amerikadan qaytgach 4 yilni ushbu biznesni amalga oshirish uchun mablag‘ yig‘ish va hujjatlashtirishga sarflaydi.

Natijada velosipedning qismlari Yaponiyadan keltirishdi va Ostonada o‘zlari terib chiqishdi.

Tadbirkorlar velosipedlarning sonini kelajakda 100 taga yetkazmoqchi va yurish davomida o‘zi elektr toki ishlab chiqarishga mo‘ljallangan motorlar o‘rnatishni rejashlashtirgan.

"Qimmat"

"Velotaksichilikni tashkil qilishdan maqsad faqat biznes emas. Yaqin kelajakda Ostonada "Eskpo-2017" tadbiri bo‘lib o‘tadi. Unga ko‘plab xorijliklar tashrif buyuradi. Sayyohlar Ostonani boshqacha rakursda ko‘rishni ham istaydi. Nafaqat mashina yoki avtobusda balki saylgohlarda ham yurishni istaydi. Sayyohlarga poytaxtimizni ko‘rsatishni istaymiz", - deydi Amirxan Ashenov.

Yosh tadbirkorlar ularning velotaksi biznesi kelajakda Ostonada mashinalar izdihomini bartaraf etishga biroz ko‘maklashishidan umid qiladi.

Biroq velotaksichilikning Ostona uchun murakkab tomoni shundaki bu yerda har mavsum velosiped minishning imkoni yo‘q. Nisbatan shimolda joylashgan Ostonaning qishi o‘ta sovuq bahori va kuzi ham qorli va yomg‘irli bo‘ladi.

Tratuar va saylgohlar osha yuruvchi velotaksining narxi ming tanga yoki 5,5 dollarni tashkil qiladi. Siz 5,5 dollarga 3 chaqirim masofani bosib o‘tishingiz mumkin. Narxlar 11 dollargacha chiqadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda izoh qoldirayotgan o‘quvchilar ushbu narxlarning Ostona uchun qimmatligini aytishmoqda.

Tashkilotlar narxlar uncha qimmat emasligini ta‘kidlashmoqda. Ashenovga ko‘ra bitta velofoytunga 3 kishigacha chiqish mumkin. Bu shaharliklar va mehmonlar uchun hozircha ekzotika.

Lekin kelajakda velofoytunlar ko‘payishi ortidan narxlar 300 tanga yoki 1,5 dollargacha tushishi mumkin.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002