Malayziya uchog‘i "raketa bilan urib tushirilgan"

Image copyright Reuters
Image caption Gollandiyalik tergovchilar halokat sahnasiga yetib borisha olmayapti

Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa xizmatining (MXMX) xabar qilishicha, Malayziya havo yo‘llarining MN17 reysli uchog‘i uni raketa qismlari teshishi oqibatida uchoq ichida havo bosimining keskin tushib ketishi tufayli yerga qulagan.

MXMX vakillarining so‘zlariga ko‘ra, bu hozirda britan ekspertlari tergov qilayotgan uchoq "qora qutilar"idan olingan ilk ma‘lumotdir.

Malayziya uchog‘iga urilgan raketani kim otgani hozircha noma‘lum qolayapti.

Tergov komissiyasiga rahbarlik qilayotgan gollandiyalik ekspertlar hali bu xabarga biron munosabat bildirganlaricha yo‘q.

MN17 bortida nobud bo‘lganlarning aksari Gollandiya fuqarolari bo‘lganlar.

Kim otgan?

Image copyright Reuters
Image caption AQSh raketa bo‘lginchilar nazorat qilayotgan hududdan otilganini aytgan

Uchoq qulagan joyda qaqshatqich janglar davom etar ekan, ikkinchi kundirki, Gollandiya va avstraliyalik tergovchilar u yerga yetib bora olmayaptilar.

Ukraina armiyasi dushanba kuni o‘z qo‘shinlari uchoq qulagan joyga yaqin ikki qishloq ustidan nazoratni qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lganlarini bildirgan.

Xalqaro ekspertlar hozirda uchoq qulagan joydan 30 chaqirimlik masofada joylashgan Shaxtyorsk shahrida qolishmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, Shaxtyorsk og‘ir qurollardan o‘qqa tutilmoqda va u yerdan mahalliy aholi qochib chiqmoqda.

"Otashkesim haqida kelishuvga erishilganiga qaramay, bizning ishimizga otishmalar bilan halaqit berayotganlari jonimizga tegdi", - dedi Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (OXHT)ning Ukrainadagi vakolatxonasi rahbari Aleksandr Hug.

MN17 parvoziga nima bo‘lganini tushunish uchun nafaqat "qora qutilar" tergov qilinishi, balki uchoq qoldiqlarining tekshirilishi, jasadlar tanalari ochib ko‘rilishi, hamda Amerika sun‘iy yo‘ldoshlarining ma‘lumotlari olinishi kerak bo‘ladi.

AQSh sun‘iy yo‘ldoshlari raketa bo‘lginchilar nazorat qilayotgan hududdan otilganiga ishora qilganlar.

Aytish joizki, agar "qora qutilar"dagi ma‘lumot uchoq raketa bilan urib tushirilganini aniq-taniq aytsa-da, bu raketani kim otganini aniqlash uchun yetarli ma‘lumot bo‘lmaydi.

Ayni damda BMTning inson haqlari bo‘yicha rahbari Navi Pillay Malayziya uchog‘ining raketa bilan urib tushirilishi urush jinoyati deya hisoblanishi mumkinligini aytgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002