AQSh: "Rossiya xalqaro bitimni buzdi"

Image copyright AFP
Image caption Bitim 1987 yilda Mixail Gorbachev va Ronald Reygan tomonidan imzolangan

AQSh hukumatiga ko‘ra, Rossiya yadroviy raketa sinovini amalga oshirish bilan muhim xalqaro kelishuvni buzgan.

Amerikaliklarning da‘vo qilishlaricha, Rossiya raketa sinovini amalga oshirib, Sovuq urush davrida imzolangan O‘rtacha va qisqa masofaga uchadigan raketalarni yo‘q qilish bo‘yicha bitimga xilof ravishda amal qilgan.

AQSh ma‘muriyatining yuqori darajali rasmiysi Rossiya sinovining tafsilotlarini bermadi, biroq uning amali "o‘ta jiddiy" ekanini aytdi.

Qo‘shma Shtatlar va Sovet Ittifoqi o‘rtasida kelishilgan bitimga binoan, 500dan 5500 chaqirimga yetib borish salohiyatiga ega o‘rta masofali raketalar man etilgan.

Oq Uyning bu da‘volari AQSh Rossiyani Ukrainadagi mojaroga aloqadorlikda ayblashi bilan o‘zaro sovuqlashgan aloqalar manzarasida yangramoqda.

"Man etilgan jihozlar"

Image copyright AFP
Image caption Obama mazkur masalada Putinga maktub yo‘llagan

Ismi-sharifi ochiqlanmagan yuqori darajali AQSh rasmiysi o‘z bayonotida raketa sinovi juda muhim masala ekani va AQSh ma‘muriyati uni "Rossiya bilan anchadan beri muhokama qilishga uringan"ini bildirgan.

"Biz Rossiyani bitimni imzolash orqali o‘ziga olgan majburiyatlarini bajarishga va man qilingan jihozlarni ishonchli tarzda yo‘q qilishga undaymiz", - deb aytgan rasmiy.

Uning aytishicha, Barak Obama mazkur masala borasida Rossiya rahbari Vladimir Putinga maktub yo‘llagan.

BBCning Vashingtondagi muhbiri Pol Blekyning aytishicha, mazkur masala yillar osha qizib kelayotganiga qaramay, AQSh hukumati ilk marta ochiqchasiga ayblovlar bilan chiqdi.

O‘tgan yanvar oyida New York Times gazetasi Rossiya 2008 yildan beri raketalar sinovini amalga oshirib kelayotgani haqida yozgan.

Maqola chiqqan vaqtda AQSh Davlat departamenti mazkur masala muhokama qilinayotganini bildirgandi.

Sovuq urush davrida sobiq prezidentlar Ronald Reygan va Mixail Gorbachevlar o‘rtasida imzolangan bu bitim, muhbirimizga ko‘ra, AQSh-Rossiya qurol nazorati harakatlarining yuragida turadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002