Islom Karimov Islomdan nega qo‘rqadi?

Image caption Islom Karimov 1991 yilda Qur‘onga qo‘l qo‘yib, qasamyod qilarkan

Markaziy Osiyodagi eng yirik musulmon aholisiga ega O‘zbekiston rahbari Islom Karimov ilk bor 1991 yilda Qur‘onga qo‘l qo‘yib, qasam ichgan va o‘zini o‘zbeklarning boy islomiy me‘rosini qayta tiklayotgan shaxs sifatida taqdim etgan.

Ammo oradan ko‘p o‘tmay, diniy jamoatlar va harakatlarni jinoiylashtirish va musulmonlarni qamoqqa tashlashni boshlagan.

AQSh Davlat Departamentining dushanba kuni e‘lon qilingan diniy erkinliklarning ahvoliga doir so‘nggi hisobotida aytilishicha, O‘zbekiston diniy mahbuslarning soni bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda.

Hisobot o‘tgan bir yil davomida O‘zbekiston hukumati fuqarolarni "ekstremizm" ayblari bilan qamoqqa tashlashda davom etgani, ro‘yxatdan o‘tgan va o‘tmagan diniy jamoatlarga reydlar uyushtirgani, diniy adabiyotlarni musodara va yo‘q qilish, shuningdek, diniy ozchiliklarning o‘z e‘tiqodlariga amal qilishlariga to‘sqinlik qilishda davom etganini aytgan.

Davlat Departamenti O‘zbekiston hibsxonalarida o‘lim, qiynoq va do‘pposlashlar haqidagi xabarlar kelishda davom etishini, hukumat diniy ekstremist deb hisoblagan shaxslarga nisbatan shafqatsiz munosabat to‘xtamaganini aytgan.

Hisobotda aytilishicha, O‘zbekistonda diniy ektremizmda ayblanib, qamoqqa tashlanganlar soni 12 mingacha bo‘lishi mumkin.

2004 yilda Human Rights Watch diniy-siyosiy ayblar bilan qamalganlar soni 7 ming ekanini aytgan edi.

Bu raqamning oshib borayotganini mahalliy huquq faollari ham tasdiqlashadi.

Birgina o‘tgan haftaning o‘zida 100 ga yaqin shaxsning diniy ekstremizm ayblari bilan mahkamaga tortilgani haqida xabarlar olingan.

Qashqadaryoda O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zosi ekani aytilgan va oralarida ayollar ham bo‘lgan 75 kishi ustidan mahkamada ilk hukmlar yangragan.

Ayblanuvchilar o‘zlariga qo‘yilgan ayblarni rad etganlar va qiynoqqa solinganliklarini aytishgan.

Ikki xil Islom

O‘zbekistonda diniy faoliyat 1998 yilda qabul qilingan diniy tashkilotlar va vijdon erkinligi to‘g‘risidagi qonunga binoan tartibga solinadi.

Biroq inson huquqlari tashkilotlari barcha cheklovlar asosida aynan shu qonun yotishini ta‘kidlashadi.

Qonun qabul qilinishi ortidan mamlakatdagi yuzlab masjidlar yopilgan, qator diniy jamoat va alohida ulamolar qonundan tashqari, deb e‘lon qilingan.

Inson haqlari guruhlari O‘zbekiston hukumati faqat o‘z talqinidagi Islomga yo‘l berishi, mustaqil dindorlarni esa muntazam ta‘qib qilishini aytadilar.

2000 yilda O‘zbekistonga tashrif buyurgan AQShning sobiq Davlat Kotibi Madlen Olbrayt Buxorodagi yahudiylar salavotiga tashrifi chog‘ida O‘zbekistondagi musulmonlarning ahvoliga e‘tibor qaratgandi.

O‘zbek hukumati yahudiylarning ibodat qilishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini aytgan Olbrayt xonim "Biz O‘zbekistonning asosiy aholisini tashkil etuvchi musulmonlarga ham shunday sharoit yaratilishini istar edik", - deb aytgan edi.

Ammo o‘tgan vaqt mobaynida musulmonlarning ahvoli yomonlashishda davom etdi.

"Musulmonlarga qarshi ta‘qiblar Prezident Karimov boshqaruvning ilk yillaridayoq boshlandi. 1997 yildan keyin esa Karimov din erkin bo‘lishi kerak, deb ishongan islomiy jamoatlarga qarshi tom ma‘noda urush e‘lon qildi", - deydi Human Rights Watch ning O‘zbekiston bo‘yicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlou.

Uning aytishicha, diniy ekstremizmda ayblanib, qamoqqa tashlanganlar orasida o‘zbek jamiyatida o‘z mavqeiga ega bo‘lgan va jamiyat foydasiga ishlagan shaxsiyatlar bor.

Image caption Karimov O‘zbekistonning islomiy me‘rosini ko‘z-ko‘z qilishni yaxshi ko‘radi

"Xayrullo Hamidov, Ruhiddin Fahruddinov va Akrom Yo‘ldoshev singari shaxslar o‘nlab, yuzlab, ehtimol minglab o‘zbeklar ixlos qilgan shaxslar bo‘lishgan. Hukumat bu odamlarni qanchalik ko‘p ta‘qib qilsa, o‘zbeklar unga shunchalik ko‘p qarshilik ko‘rsatishadi. Ularning ma‘ruzalarini telefonlarga yozib olib eshitishadi va jamoatlarida muhokama qiladilar. Hukumat ularni qamoqdan ozod qilishi va diniy mavzularni ochiq muhokamaga olib chiqishi kerak. Bir vaqtning o‘zida ham inson huquqlariga amal qilib. ham barqarorlikni ta‘minlash mumkin", - deydi Human Rights Watch vakili.

Tahlilchilarga ko‘ra, Prezident Karimov o‘z hokimiyatining ilk yillarida dindorlarni dunyoviy muxolifatga qarshi ittifoqchi sifatida ko‘rgan.

1991 yil dekabrida Namangan shahrida yuz bergan g‘alayonlarda janob Karimov agar parlament izn bersa, O‘zbekistonni islomiy davlat deb e‘lon qilishga tayyorligini aytgan edi.

Siyosiy muxolifat Namanganda O‘zbekiston Islomiy Harakatining o‘zagini tashkil etgan Tohir Yo‘ldosh boshchiligidagi diniy guruhlar 1991 yil dekabridagi ilk prezidentlik saylovlarida Karimovga ovoz berganini aytadi.

Ammo oradan ko‘p o‘tmay, dindorlarga qarshi keng miqyosdagi repressiyalar boshlanib ketgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, janob Karimov islomiy g‘oyalarni o‘zining yakka shaxs boshqaruviga asoslangan va korruptsiya botqog‘iga botgan boshqaruviga tahdid deb ko‘radi.

G‘arbda erkin faoliyat olib boradigan "Hizbu Tahrir" guruhi Prezident Karimovni Islom dinining eng yirik dushmanlaridan, deb ta‘riflagan.

Ammo O‘zbekiston Prezidentining diniy masalalar bo‘yicha sobiq davlat maslahatchisi, taniqli ulamo Shayh Abdulaziz Mansur bu ayblovlarni rad etadi.

Uning aytishicha, Prezidentning Islom diniga hurmati baland.

"Qaniydi shu gapimni boshqalar eshitsa va ishonsa. Biz Prezident bilan yuzma-yuz qolgan paytlarimiz yoki boshqa maslahatchilar bilan birga huzurlariga chaqirganlarida Islom dini haqida shu qadar ixlos bilan gapirardilarki, har safar u kishining so‘zlarini eshitib, ko‘zimdan yosh chiqardi, juda ham ta‘sirlanardim", deydi o‘zbekistonlik ulamo.

U mamlakatda diniy faoliyatga ayrim cheklovlar borligini tan oladi, ammo bu cheklovlarning hammasi "yaxshi niyatda" kiritilganini aytadi.

"Ba‘zi cheklovlar bor, masalan, ko‘chada namoz o‘qima, masjdid yo uyingda o‘qi, deyiladi. Yoki norasmiy, kichkina masjidlarning faoliyati to‘xtatiladi. Hamma cheklashlarning o‘ziga yarasha sabablari bor va bu yomon niyatli emas. Atrofimizga qaraylik, olam notinch. Bunday sharoitda ogoh bo‘lmasak bo‘lmaydi. Diniy erkinlik yo‘q degan gaplarni eshitamiz, ammo ularni o‘zlari g‘ayriqonuniy ishlar qilib, chetga qochib chiqib ketgan odamlar chiqarishini ham bilamiz", deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari, Shayh Abdulaziz Mansur.

Yaqinda Prezident Karimov Toshkent markazida bunyod etilayotgan "Minor" masjidi qurilishini borib ko‘rgan.

2000 dan ortiq kishiga mo‘ljallangan ushbu masjid so‘nggi 20 yilda qurilgan birinchi yirik masjiddir.

Mintaqaning eng yirik musulmon aholisiga ega 31 millionlik O‘zbekistonda masjidlar soni qo‘shni Qozog‘istondagidan kam.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002