Shinjondagi zo‘ravonlikda "13 xitoy o‘ldirilgan"

Image copyright AFP
Image caption Yorkent musulmon uyg‘urlarning markazlaridan hisoblanadi

Xitoy rasmiylariga ko‘ra, g‘arbiy Shinjon mintaqasida dushanba kuni sodir bo‘lgan zo‘ravonlikda 13 kishi halok bo‘lgan.

Mahalliy mulozimning BBCga aytishicha, hodisa Tojikiston bilan chegaradagi Yorkent shahrida sodir bo‘lgan.

Qurbonlarning barchasi Xan xitoylari ekani aytiladi.

Yorkent musulmon uyg‘urlarning markazlaridan hisoblanadi.

Rasmiy matbuot va hukumat manba‘lari hodisa haqida xabar bermagan.

Xitoy hukumati axborot oqimini qattiq nazorat qilgani uchun Yorkentdagi hodisa tafsilotlarini tasdiqlash qiyin.

Etnik tanglik

Image caption Xitoy mintaqada armiyaning ishtirokini kuchaytirgan

BBC muxbiri Damian Grammatikasning aytishicha, hodisaning batafsil yoritilmayotganiga mintaqadagi etnik munosabatlarning yomonlashib ketishidan havotirlar sabab bo‘lishi mumkin.

2009 yilda Shinjon poytaxti Urumchida uyg‘urlar va Xan xitoylari o‘rtasida yuz bergan ommaviy to‘qnashuvlarda 200ga yaqin kishi halok bo‘lgan, ularning aksariyati Xan xitoylari ekani aytilgan.

Rasmiylar so‘nggi oylarda avj olgan zo‘ravonliklarda uyg‘ur bo‘lginchilarini ayblashadi.

Shu yil mayida Urumchidagi bozorda ikki mashinaning portlatib yuborilishi oqibatida kamida 31 kishi halok bo‘lgan.

Mart oyida esa, Kunming temiryo‘l bekatidagi qirpichoqda esa 29 kishi o‘ldirilgan edi.

Bunga javoban Xitoy hukumati xavfsizlik amaliyotini boshlagan, Shinjonning yirik shaharlarida politsiya va armiyaning ishtiroki kuchaytirilgan.

Uyg‘ur faollari Xitoy boshqaruviga qarshi norozilik, xususan, diniy va madaniy erkinliklarning cheklanayotgani haqida gapirishadi.

Xitoy esa mintaqa aholisining turmushini yaxshilash uchun yirik sarmoyalar kiritayotganini aytib keladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002