"Putin uchun og‘riqli" sanktsiyalar

Image caption Kuzatuvchilarga ko‘ra, G‘arbning yangi sanktsiyalari Putinga yaqin doiralarni nishonga olgan

Seshanba oqshomida Qo‘shma Shtatlar va Ovro‘po Ittifoqi Rossiyaga qarshi qo‘shimcha jazo choralarini kiritdi.

G‘arbning ishonishicha, Moskva Ukraina sharqidagi vaziyatni beqarorlashtirishda davom etmoqda.

Amerika sanktsiyalari, AQSh prezidenti Barak Obama so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning energetika, mudofaa va moliya sohalariga qarshi qaratilgan.

Qo‘shma Shtatlar jazo choralari xususan "Moskva Banki", VTB va "Rosselxozbank" hamda Rossiya Birlashgan Kemasozlik Korporatsiyasini nishonga olgan.

Ovro‘po Ittifoqi kiritgan yangi jazo choralari esa davlat hissalari bo‘lgan Rossiya banklariga Ovro‘po Ittifoqi banklari bilan 90 kun davomida hamkorlik qilishni taqiqlaydi va Rossiyaga ilg‘or texnologiyalar eksportini cheklab qo‘yadi.

Rossiyaga qarshi qo‘shimcha sanktsiyalar amalda o‘tgan hafta boshlatilgan edi.

O‘shanda Qo‘shma Shtatlar "Gazprombank", "Vneshekonombank", "Rostneft" va NOVATEYEK kabi shirkatlarni "qora ro‘yxat"ga kiritgan edi.

Rossiyadagi eng yirik neft ishlab chiqarish shirkati - "Rosneft" jazo choralari tufayli Qo‘shma Shtatlar va Kanadadagi loyihalarini ortga surishi mumkinligini bildirgandi.

"Rossiya dushmanlari"

Barak Obamaning bayonotiga birinchi bo‘lib Rosssiya bosh vazirining muovini Dmitriy Rogozin javob qaytardi.

U Twitter sahifasida "Rossiya kemasozlik korporatsiyasiga qarshi sanktsiyalar qo‘llash haqidagi Obama qarori Rossiya harbiy kemasozlik saonati Rossiya dushmanlariga muammo tug‘dirayotganini ko‘rsatadi", - deb yozgan.

Ayni paytda Rossiyaning VTB banki unga nisbatan kuchga kirgan jazo choralarini "siyosiy vajlarga asoslangan qaror" deya baholadi.

Shu bilan birga bank o‘z hissadorlari, sarmoyadorlari va mushtariylari o‘ngidagi barcha talablarni o‘z vaqtida bajarishga va‘da qildi.

Rossiya Federatsiyasi Kengashi byudjet qo‘mitasining rahbari Sergey Ryabuxin fikricha, sanktsiyalar "Rossiya iqtisodi foydasiga ishlaydi".

Uning ishonishicha, kiritilayotgan cheklovlar Rossiyaga ichki zahiralarni ishga solib mahsulot ishlab chiqarishni faol rivojlantirish imkonini beradi va iqtisodda mutanosiblikni yaratadi.

Ammo, ko‘pchilikning ishonishicha, yangi jazo choralari, vaqt o‘tib, Rossiya iqtisodiyotiga salbiy ta‘sir ko‘rsata boshlashi mumkin.

"Putin uchun og‘riqli..."

Rossiya muxolifati rahbarlaridan biri Boris Nemtsovning qayd etishicha, Qo‘shma Shtatlar "Sberbank" emas, VTBga qarshi sanktsiyalarni kiritish bilan Putin atrofidagi shaxslarga bosim o‘tkazishga urinmoqda.

Rossiya aholisining 70 foizga yaqini o‘z omonatini "Sberbank"da saqlaydi.

Agar "qora ro‘yxat"ga "Sberbank" ham kiritilsa, Boris Nemtsovning ishonishicha, bundan millionlab rossiya fuqarolari zarar ko‘rishi mumkin.

"Bunday sanktsiyalar Kremllik targ‘ibotchilarga barcha aybni Amerikaga to‘nkash imkonini beradi va xalqni G‘arbga qarshi qayrab qo‘yadi. Ammo mushtariylari sezilarli sonda oz bo‘lgan VTB va "Rosselxozbank"ka esa chekist Kostin va chekist Patrushevning o‘g‘li Dmitriy rahbarlik qiladi. Bu sanktsiyalar Putin uchun og‘riqli bo‘lsa ham, fuqarolar uchun halokatli emas", - deb yozadi janob Nemtsov Facebook sahifasida.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02