O‘zbekiston AQShning mintaqadagi harbiy hamkoriga aylanmoqdami?

Image copyright us.defence.gov

O‘zbekiston Tashqi Ishlar vazirligi rahbariyati AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni general Lloyd Jeyem Ostin III bilan uchrashgan.

Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar qatorida Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishi ham muhokama qilingan.

AQSh yuqori lavozimli mulozimlari va harbiylarining O‘zbekistonga tashriflari so‘nggi vaqtlarda ko‘paygan.

AQShlik rasmiylar O‘zbekistonning mintaqada harbiy jihatdan yaqin hamkorga aylanishi ehtimollariga ham ishora qilishmoqda.

General Lloyd Jeyem Ostin III bilan uchrashuv haqida Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bergan.

Bundan sal oldinroq Prezident Obamaning Rossiya va Ovrosiyo bo‘yicha maslahatchisi Selest Vollander O‘zbekistonda bo‘lib, AQSh qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishidan so‘nggi vaziyatni muhokama qilgandi.

Siyosatshunoslar AQSh Sho‘rolar davlati qulashi ortidan mintaqada G‘arb uchun layoqatli hamkor O‘zbekiston bo‘lishi mumkin, degan g‘oyani oldinga surib kelganini ta‘kidlashadi.

Markaziy Osiyoda O‘zbekistonning aholisi ko‘pligi va Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri chegaraga ega emasligi tufayli bu mamlakat amerikalik strateglarning nazariga tushgani aytiladi.

Frantsiyada istiqomat qiluvchi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov 2005 yildagi Andijon voqealari ushbu strategiyalarni izdan chiqarishga sabab bo‘lganini bildirdi.

"2009 yildan beri bu strategiya qaytadan izga tushyapti. Amerikaning O‘zbekiston bilan yaqinlashuvining ikkita tarkibiy qismi mavjud. Birinchisi, mintaqadagi xavfsizlik - Afg‘oniston masalasida hamkorlik. Ikkinchisi esa geosiyosat. Geosiyosiy hamkorlik shimolga qaratilgan. Bu birinchi o‘rinda Rossiyaga nisbatandir", - deydi Kamoliddin Rabbimov.

Tahlilchiga ko‘ra, Ukraina hodisalari sabab G‘arb o‘zining Rossiyaga bo‘lgan munosabatini qaytadan ko‘rib chiqmoqda.

Uning aytishicha, Rossiyaning iqtisodiy imkoniyatlari to‘planishi va resurslarini parvarishlashi Rossiyani raqib holatidan ashaddiy raqib darajasiga chiqardi.

Rossiya kuch qudratini to‘plarkan o‘zining ta‘sir doirasi deb biluvchi Markaziy Osiyoda yanada ta‘sirini oshirish harakatiga tushgan.

Mintaqada Rossiya bosimlaridan holi bo‘lgan davlat sifatida O‘zbekiston ko‘riladi, deydi sharhlovchi.

G‘arb shu nuqtai nazardan ham O‘zbekistonga yaqinlashishni va u bilan hamkorlik qilishni istaydi. Biroq ushbu hamkorlik O‘zbekistondagi siyosiy tizim tabiatining barqaror emasligi sabab noqis bo‘lib qolaverishi aytiladi.

"Amerika anglaydiki, O‘zbekiston siyosiy tizimi bu juda qattiq avtoritardir. Bu Amerika siyosiy doiralari uchun noqulay ahvol. Shuning uchun ham O‘zbekiston bilan hamkorlik tabiatan cheklangan bo‘lib qolaveradi. Lekin amerikaliklar, umuman G‘arb, O‘zbekiston bilan bir necha yo‘nalishda, Afg‘oniston masalasida hamkorlik qilishga majbur va mahkum", - deydi Kamoliddin Rabbimov.

Siyosatshunosga ko‘ra, shunga qaramasdan O‘zbekiston AQShga Xonobod singari harbiy bazasini qaytadan taqdim qilishining ehtimoli hozircha yo‘q.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02