Moskvada "Hizbu Tahrir rahbarlari" hukm etildi

Moskva shahar sudi Hizbu Tahrir islomiy tashkilotining rahbarlari va a‘zolari deb ayblangan shaxslarga nisbatan hukm chiqargan. Ularga 7 yildan 11 yilgacha qamoq jazosi berildi.

Rossiya matbuoti xabar qilishicha, Rossiya fuqarolari bo‘lmish Azizbek Inomov, Shamil Ismoilov, Saypula Qurbonov va Tojikiston fuqarosi bo‘lmish Zikrulloxon Rahmonxo‘jayevlar Rossiya konstitutsion tizimini qo‘lga olish va kuch bilan o‘zgartirishga tayyorlanganlar, hamda yerosti guruhlar yaratib, uning a‘zolarini qurollantirganlar.

Hizbu Tahrir tashkiloti Rossiyada man etilgan guruhlar ro‘yxatidadir.

Sud jarayonini suratga olgan NTV telekanali xabariga ko‘ra, ayblanuvchilarga hukm chiqarish to‘rt soat davom etgan va bu vaqt mobaynida ayblanuvchilar miq etib tovush chiqarmaganlar.

"Moskvadagi guruh lideri, tibbiy fanlar nomzodligiga ega bo‘lgan "Stomatolog" laqabli Saypula Qurbonov bir og‘iz ham gapirmadi", - deyiladi lavhada.

Rasmiy ma‘lumotga ko‘ra, mazkur guruh yuzlab a‘zolariga ega va ular ustidan mahkama jarayonlari uzluksiz davom etmoqda. Oxirgi sudlanuvchilar esa ana shu guruhning rahbariyati bo‘lgani da‘vo qilinadi.

Tergovchilarning bildirishicha, 2010 yilda sudlanuvchilar yashagan xonadonlardan biridan qo‘lbola portlovchi moddalar va bomba ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan tarkibiy qismlar topilgan. Portlovchi moddalardan biri 2010 yilda Moskva-Rijskaya temir yo‘l bekatida topilgani va u Milliy birlik kunida portlashi rejalangani aytiladi.

Sudlanuvchilar Hizbu Tahrir tashkilotiga a‘zo ekanliklarini rad qilmaganlar. Biroq, Moskvada joylashgan "Memorial" inson haqlari tashkilotining vakili Vitaliy Ponomaryovning aytishicha, ularning Rossiyada hukumatni kuch bilan qo‘lga olishga tayyorlanganliklari haqidagi iddaolar asossizdir.

Janob Ponomaryovning ochiq xatida aytilishicha, ayblovlar mazkur tashkilot mafkurafiy g‘oyalarining noto‘g‘ri yo‘lda qilingan talqinlariga asoslangan. U Hizbu Tahrir a‘zolari kuch bilan hokimiyatni o‘zgartirishni maqsad qilmasliklari va o‘z maqsadlariga erishish uchun terror amallaridan foydalanmasliklarini aytadi.

Tergov ishida 2011 yilda Ramazon hayiti munosabati bilan "Izmaylovo" va 2012 yilda "Salyut" mehmonxonalarida o‘tkazilgan ochiq anjumanlar tilga olingan.

Janob Ponomaryovga ko‘ra, mazkur anjumanlarda radikal chaqiriqlar yangramagan.

"Anjumanlar o‘tkazilishi huquq-tartibot organlari bilan kelishilgan, masalan, "Salyut" mehmonxonasida OMON xodimlari zalga kirayotgan har bir kishi pasport ma‘lumotlarini yozib qoldirishlarini talab qilganlar. Biroq, tergovda "shaxsi aniqlanmagan a‘zolar" haqida gap ketayapti", - deydi "Memorial" faoli.

Sudda taqdim qilingan ko‘plab xufyona yozilgan video va audiolarda tashkilotning a‘zolari muntazam ravishda uchrashganlari, islomiy adabiyotni o‘qiganlari, hamda tashkiliy va diniy masalalarni muhokama qilganlari namoyon bo‘lgan.

Biroq, inson haqlari faoliga ko‘ra, bu uchrashuvlarda Rossiyada hokimiyatni kuch bilan egallashga chaqiriqlar bo‘lmagan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02