Karimov AQShning harbiy rejalari bilan qiziqdi

  • 31 Iyul 2014
AQSh generali bilan kechgan muzokaralar tafsilotlari ma‘lum emas

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Qo‘shma Shtatlarning Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketganidan so‘nggi rejalarini bilishni istashlarini aytgan.

Janob Karimov bu haqda chorshanba kuni Oqsaroyda AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni Lloyd Ostin bilan muzokaralar chog‘ida gapirgan.

O‘zbekiston davlat televideniyesining Prezident Karimovdan iqtibos keltirishicha, O‘zbekiston rahbari AQSh generalidan Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqib ketganlaridan so‘ng AQShning mintaqadagi roli qanday bo‘ladi, deb so‘ragan.

"Bizning oxirgi uchrashuvimizdan buyon juda ko‘p narsa o‘zgardi. Biz eng avvalo, Markaziy Osiyo va Afg‘oniston masalasini gaplashib olishimiz kerak. Eng muhim savol-AQShning Afg‘onistondagi ishtiroki qanchalik bo‘ladi? Agar sizning qo‘shinlaringiz Afg‘onistondan chiqib ketadigan bo‘lsa, Qo‘shma Shtatlarning Markaziy Osiyodagi roli qanday bo‘ladi?", - deb so‘ragan Prezident Karimov.

AQSh Markaziy Qo‘mondonligi rahbarining ushbu savollarga qanday javob bergani ma‘lum emas.

Rasmiy xabarda janob Ostin "o‘zbek-amerika munosabatlarining istiqbollari yuzasidan fikr almashish imkoniyati yaratilgani uchun minnatdorlik bildirib, Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash tarafdori ekanini ta‘kidlagani" aytiladi.

Prezident Karimov bundan avval ham 2014 yilda xalqaro kuchlar Afg‘onistondan chiqib ketganidan so‘ng xavfsizlik vaziyatining yomonlashishi borasida xavotirlar bildirgan, ammo bu janob Karimovning AQShning kelajakda mintaqadagi harbiy ishtiroki borasida ilk bor to‘g‘ridan-to‘g‘ri savol qo‘yishi.

So‘nggi yillarda Prezident Karimov yana AQShning yaqin hamkoriga aylangan

Savolning ohangidan O‘zbekiston rahbari Amerikaning mintaqadagi harbiy ishtiroki kamayishini istamasligi seziladi.

Bundan avval O‘zbekistonga tashrif buyurgan AQSh rasmiylari, jumladan, sobiq Davlat Kotibasi Hillari Klinton janob Karimovni Amerika Markaziy Osiyoni o‘z holiga tashlab qo‘ymasligi borasida ishontirishga uringanlar.

Ammo ayrim tahlilchilarga ko‘ra, aftidan, Ukrainadagi voqealar manzarasida Prezident Karimov Qo‘shma Shtatlardan ko‘proq kafolatlar istamoqda.

O‘zbekiston Qrimning Rossiyaga qo‘shib olinishi va Ukraina sharqidagi voqealar mustaqillikka jiddiy xavf tug‘dirganini aytgan.

O‘zbekiston kuch tizimlariga yaqin deb taxmin qilinadigan Uzmetronom nashri AQSh generali o‘zbek tomoni bilan Afg‘oniston bilan chegaradagi Termez shahrida Amerikaning harbiy kontingenti va texnikasini joylashtirish masalasini muhokama qilgani haqida yozgan.

Nashrning diplomatik manba‘lardan iqtibos keltirishicha, Qo‘shma Shtatlar buning uchun O‘zbekistonga "yiliga 1 milliard dollar to‘lashga rozi".

AQSh generalining O‘zbekistonga tashrifi haqida yozgan Rossiya matbuoti ham rossiyalik ekspertlarning O‘zbekiston Qo‘shma Shtatlarning Markaziy Osiyodagi tayanchiga aylanayotgani haqidagi fikrlarini keltirgan.

Avvalroq AQSh rahbariyati Markaziy Osiyoda yangi harbiy baza izlayotgani haqidagi xabarlarni rad etgan edi.

Ammo tahlilchilarga ko‘ra, Ukrainadagi voqealar mintaqadagi geosiyosiy vaziyatni o‘zgartirgan va Qo‘shma Shtatlar ham o‘z rejalarini qayta ko‘rib chiqayotgan bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston AQShning Andijon voqealari yuzasidan tanqidlari sabab, 2005 yilda Amerika harbiylarini mamlakatdan chiqarib yuborgan edi.

Ammo so‘nggi yillarda Toshkent AQSh va NATO bilan hamkorlikni 2005 yilgacha bo‘lgan darajaga chiqarishga muvaffaq bo‘lgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02