Toshkent ko‘chalari - zamon zo‘rnikimi?

  • 31 Iyul 2014
Image caption "Toshkent ko‘chalari xatarnok..."

Toshkentda aprel oyida avtohalokatga uchragan qiz 3 oy koma holatida yotganidan so‘ng vafot etgan.

Avtohalokat qimmatbaho BMW 630 mashinasining Chevrolet Cobalt rusumli mashinani katta tezlikda kelib urishi natijasida sodir bo‘lgan.

Ommaviy axborot vositalari yo‘l harakati hodisasi va ikki kishining o‘limiga sabab bo‘lgan BMW haydovchisi to‘g‘risida biror ma‘lumot bermagan.

Facebook da "Voditeli Tashkenta" guruhi a‘zolari BMW egasi jazosiz qolganini ta‘kidlab undan g‘azabga kelgan. Guruh ishtirokchilari avtohalokat sababchisiini jazoga tortish maqsadida hodisa guvohlarini izlay boshlagan.

Katta tezlikda kelayotgan qimmatbaho kabriolet BMW 630 mashinasi ichida haydovchi va bir qiz bo‘lgan Chevrolet Cobalt mashinasini urib ketadi.

Oqibatda Chevrolet Cobalt ichida bo‘lgan yigit va qiz jiddiy harohat olishgan. Yigit ikki kundan so‘ng hushiga kelmay jon taslim qilgan, qiz 3 oy koma holatida yotgach joni uzilgan.

Ommaviy Axborot vositalarida yo‘l transport hodisasiga sababchi bo‘lgan haydovchining shaxsi oshkor qilinmagan va uning jazoga tortilib tortilmagani haqida ham xabar yo‘q. Qimmatbaho mashina haydovchisining jazosiz qolayotgani ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining g‘azabiga sabab bo‘lgan. Facebook da BMW egasini jazoga tortish bo‘yicha kampaniya boshlangan.

Foydalanuvchilar avtohalokatga sababchi bo‘lgan haydovchining taqdiri bilan qiziqmagani va izlanish olib bormagani uchun jurnalistlarni ayblagan.

Guruh ishtirokchilari guruh nomidan yo‘l-patrul xizmatiga tergov natijalari nima bilan tugagani haqida maktub yozish taklifi bilan chiqqan.

Hodisadan yaqindan tanish ishtirokchilar BMW ni haydagan shaxs ta‘sirga ega boylardan birining farzandi ekanini va bu uning birinchi marta mashinani urishi emasligini yozishgan.

"Voditeli Tashkenta" guruhi a‘zolari O‘zbekistonda yo‘llarida mashina boshqarish qiyinlashib borayotganini, yuqorida tanishi bor qoida buzuvchilar jazosiz qolib ketayotganini va bunga barham berish kerakligini ta‘kidlashgan.

Image copyright Uzavto.net

Toshkent ko‘chalarida yurish xavfli bo‘lib borayotganini yil o‘tgan sayin kuzatish mumkin.

Kuzatuvchilar mashinalarning jadallik bilan ko‘payishi va haydovchilik mahoratiga ega bo‘lmaganlarning yo‘l qoidalarini buzishi mana shunday boshboshdoqlik keltirib chiqarganini aytishadi.

Noto‘g‘ri parking, piyodalarga yo‘l bermaslik, qizil chiroqqa amal qilmaslikni Toshkentda yurgan 1 oy davomida ko‘plab guvohi bo‘ldim.

Eng qizig‘i yo‘l qoidasi buzilayotganini haydovchilarning o‘zlari tan olmasligida edi.

Piyodalar o‘tish yo‘lakchasida "zebra" chizilgan bo‘lsa ham mashinalar oqimi sizga yo‘l bermaydi.

Bu holatni taksiga minganda boshqa haydovchilarga aytsangiz, "ayb yo‘lovchilarda, o‘zlari tez o‘tib olmaydi", deb javob berishadi va piyodaga yo‘l bermaslikda davom etadi.

E‘tiborli tomoni yo‘l qoidasini buzayotganda haydovchilar Yo‘l Patrul Xizmati qo‘liga tushib qolmaslik uchun so‘nggi texnologiyalardan foydalanayotganlikda...

Radarni aniqlovchi antidetektorlarni ko‘plab mashinalarda uchratish mumkin. Bundan tashqari androyd operatsion tizimidagi telefonlarga o‘rnatilgan zello dasturi va undagi Toshkent haydovchilari guruhi juda ommalashgan.

Haydovchilar ushbu dastur orqali Toshkent ko‘chalarining qayerida DAN xodimi turgani haqida guruhning boshqa a‘zolariga jonli ma‘lumot berib ketadi.

"Hamzaning svetaforidan shunday o‘tishingiz bilan turibdi. Ehtiyot bo‘linglar", - deya ogohlantiradi haydovchi.

"Hamza uchun", - rahmat degan javob eshitiladi.

Ushbu xizmatni o‘rnatib olgan tanishimning aytishicha, guruhda so‘kinish man‘ qilingan, so‘kingan ishtirokchilar guruhdan chiqarib yuboriladi.

Istagan odam eng ko‘p ishtirokchisi bo‘lgan biror guruhni tanlaydi va shahar bo‘ylab DAN xodimlarining qayerda turganidan boxabar bo‘lib yo‘lida davom etaveradi.

Bunday dasturlar haydovchilarning DAN (Yo‘l patrul xizmati xodimlari) yo‘q yerda hushyorlikni yo‘qotishiga va yo‘l qoidasini buzishiga olib kelishini haydovchilarning o‘zlari ham tan oladi. Lekin hamma jarima to‘lashni istamaganligi uchun ham bu xizmatdan foydalanaveradi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02