G‘azo: Rafahdagi BMT maktabi hujumga uchradi

Image copyright AFP

G‘azodagi tibbiy xodimlarga ko‘ra, mojarodan qochgan falastinliklarga boshpana bo‘lib xizmat qilayotgan BMT maktabiga qilingan Isroil havo hujumi kamida 10 kishini o‘ldirgan.

G‘azo bo‘lgasining janubidagi Rafah shahrida joylashgan bu maktabda minglab falastinliklar boshpana topganlari ishoniladi.

Isroil armiyasi biron munosabat bildirmadi, biroq G‘azoga qarshi hujumlarini davom ettirdi.

Image copyright Getty

G‘azodagi jangarilar Isroilga raketalarni otishda davom etar ekanlar, yakshanba kunining o‘zida G‘azoda 30 odam halok bo‘lgan.

O‘tgan hafta Isroil Jabaliyadagi BMT boshpanasiga tanklardan hujum qilib 16 kishini o‘ldirgani keskin xalqaro tanqidlarga sabab bo‘lgandi.

Rafahdagi manbalar oxirgi hujumda bomba maktab darvozasi yoniga kelib tushganini aytishdi.

Image copyright AFP

Isroil o‘z hududiga G‘azodan jangarilarni kirituvchi Hamas tunnellarini yo‘q qilishni istaydi va hozirda armiya 37 tunneldan aksarini portlatgani xabar qilinadi.

Oxirgi rasmiy ko‘rsatkichlarga binoan, uch hafta avval boshlangan mojaroda 1740 falastinlik nobud bo‘lgan va 9080 nafari jarohat olgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02