Rossiya Ukraina bilan chegarada yirik harbiy mashqlarni boshladi

Image copyright Reuters

Rossiyaning Ukraina bilan chegaradagi Astaraxan viloyatida Rossiya havo qo‘shinlarining keng ko‘lamli harbiy mashqlari boshlangan.

G‘arb davlatlari bu mashqlarini yana bir bor Moskvaning o‘z qudratini ko‘z-ko‘z qilish va qo‘rqitish harakati deya talqin qilishmoqda.

Mashqlar o‘tkazilayotgan Ashuluk poligoni Ukrainadan ming chaqirimdan kamroq masofada joylashgan, biroq undagi mashqlar ko‘lami poligon hududidan ancha kengroq hududni qamrab oladi.

Rossiya Mudofaa vazirligi mashqlar 4 avgustdan 8 avgustgacha bo‘lib o‘tishini bildirdi.

"Mashqlarga 100dan oshiq uchuvchi jihozlar, jumladan Su-27 va MiG-31 qiruvchi uchoqlari, Su-34 ko‘p funktsiyali komplekslari, Su-24 bombardimonchi uchoqlari, Mi-8, Mi-24 va Mi 28N tikucharlari jalb etiladi", - deya iqtibos keltirdi Interfaks Mudofaa vazirligi vakilidan.

Ukrainadagi inqiroz davom etayotgan bir vaqtda Rossiya birinchi marta keng ko‘lamli harbiy mashqlarni o‘tkazayotgani yo‘q. G‘arbda bu mashqlarni qo‘shni davlatga tahdid ishorasi sifatida ko‘rishmoqda.

Joriy yil bahorida Rossiya Ukraina chegarasi yonida o‘z harbiy bo‘limlarining katta qismini joylashtirdi va buni o‘quv-tayyorlov mashqlar ekani bilan izohladi.

Yozda esa Astraxandagi Markaziy harbiy okrugida 60 ming harbiylar ishtirokida qo‘shinlar tekshiruvdan o‘tkazildi. Tekshiruvlarda e‘tibor asosan desant bo‘limlarini tinchlikni saqlash amaliyotlarini o‘tkazish uchun noma‘lum poligonlarga tashlash masalasiga qaratildi.

Ukraina hukumati ko‘p marta o‘z chegaralarida Rossiya qo‘shinlarining joylashtirilganidan xavotir izhor qilgan. Oxirgi vaqtda esa u Donetsk va Lugansk viloyatlaridagi janglarda Rossiya armiyasining vakillari bevosita ishtirok etayotganlarini aytgan.

Rossiya tomoni bunday da‘volarni rad etadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02