O‘n minglab rossiyalik sayyohlar xorijda qolib ketishdi

Image copyright ap
Image caption Rossiyalik sayyohlar Misr, Bolgariya, Tunis va Turkiya kabi mamlakatlarda chiptasiz qolib ketishdi

Rossiyaning "Labirint" sayyohlik shirkati ishdan chiqishi ortidan 27 ming nafar rossiyalik sayyohlar xorijda qolib ketishgan.

Shirkat o‘z faoliyatining to‘xtatilishiga rubl qiymatining tushib ketishi va "salbiy siyosiy va iqtisodiy vaziyat" sabab bo‘lganini aytdi.

Ovro‘po Ittifoqi va AQSh tomonidan Ukrainadagi mojaro tufayli Rossiyaga qarshi kiritilgan iqtisodiy jazo choralari kengroq jahon iqtisodiga, jumladan Rossiyadagi G‘arb sarmoyalariga ham shikast yetkazayotganiga ishoralar bor.

Xususan, rossiyalik milliarder o‘zining shaxsiy uchog‘i AQSh sanktsiyalari tufayli ucha olmayotganini aytdi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga yaqin milliarder tadbirkor Gennadiy Timchenko "Galfstrim" shirkati uning shaxsiy uchog‘iga xizmat ko‘rsatmay qo‘yganini bildirdi.

Rossiyalik sayyohlarga yordam ko‘rsatuvchi "Turpomoshch" (Tur yordam) shirkati endilikda Bolgariya, Misr va Tunis kabi davlatlarda qolib ketgan rossiyalik turistlarni vatanga parvoz qilishlari uchun havo chiptalarini topishga urinayotganini aytdi.

"Turpomoshch" chiqargan bayonotda aytilishicha, "Labirint" shanba kuni to‘satdan faoliyatini to‘xtatishi tufayli 27 ming rossiyalik sayyoh qaytish chiptasisiz qolib ketganlar.

Agentlikka ko‘ra, "Labirint"ning g‘azabnok va xavotirga tushgan mijozlari "Turpomoshch"ga to‘xtovsiz qo‘ng‘iroq qilishmoqda va uning "menejerlari tinimsiz ishlayapti". "Turpomoshch"ga har daqiqada besh nafar "Labirint" mijozi sim qoqayapti.

"Labirint" o‘zining ishdan chiqishiga Rossiya hukumatining uchoqlarga harbiy va xavfsizlik xodimlari chiqarmaslik maslahati ham sabab bo‘lganini bildirdi.

O‘tgan oy Rossiyaning "Neva" sayyohlik shirkati kasodga uchragandi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer