Uyg‘urlar Xitoyning "terrorchilar" da‘vosini rad etishmoqda

Image copyright Getty

Xitoy rasmiylari 28 iyulda Shinjon uyg‘ur muxtor hududida bo‘lib o‘tgan zo‘ravonliklarda 37 odam o‘lganini xabar qilganlar.

Sinxua davlat xabar agentligiga ko‘ra, qurbonlar go‘yoki ortida mahalliy va xalqaro terror tashkilotlari turgan qandaydir jinoiy guruh hujumi oqibatida nobud bo‘lganlar.

Hujumchilar orasida talafotlar undanda ko‘p bo‘lgan - politsiya bilan to‘qnashuvlarda 59 kishi halok bo‘lgan.

Hodisadan qariyb bir hafta o‘tib, Xitoy ma‘muriyati o‘lganlar haqidagi tafsilotlarni endi oshkor qilayapti.

Ayni damda hodisaning yagona versiyasi yo‘q. Sinxua agentligiga ko‘ra, 215 hujumchi pichoqlar va boltalar bilan Yorkentdagi politsiya nuqtalari va hukumat binolariga hamla qilganlar.

Ammo, Amerikadagi Uyg‘urlar uyushmasi faollarining aytishlaricha, politsiya Ramazon oyida musulmonlarning siquvga olinishiga qarshi o‘tayotgan tinch namoyishga qarata o‘t ochgan.

"Notinch Shinjon"

"Bu jiddiy terrorchilik hujumi edi, uning ortida mahalliy va xorijiy terrorchi tashkilotlar turibdi. Qora maqsadlarga ega bo‘lgan bu hujum yaxshi ushtirilgan va rejalangan", - deyiladi Shinjon muxtoriyatining Xitoyparast mahalliy hukumati web saytida.

Sinxua hujumchilar 30ta mashinani yanchib tashlaganlarini xabar qiladi.

Biroq Amerika Uyg‘urlar uyushmasi bu xabarlarning haqqoniyligini savol ostiga olmoqda.

Uyushmaga ko‘ra, 28 iyulda mahalliy uyg‘urlar norozilik namoyishini uyushtirganlarida politsiya o‘ta shafqatsiz usullar bilan uni tarqatgan.

Bu ikki versiyaning hech birini hozirda mustaqil manbalardan tasdiqlashning imkoni yo‘q.

Ushbu hududda bir necha yildirki beqarorlik hukm surmoqda: uyg‘urlarning bir qismi xitoyliklar ularning o‘lkasini qanday boshqarayotganidan norozilar, hamda Pekindan ko‘proq diniy va siyosiy erkinliklarni istashadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer