"O‘zbekiston aholisining 76 foizdan ko‘prog‘i qashshoqlikda kun kechiradi"

Image copyright bbc
Image caption Bir necha million o‘zbekistonlik xorijda mehnat qilib, oila tebratadi

O‘zbekiston aholisining 76 foizdan ko‘prog‘i qashshoqlikda kun kechiradi.

"Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha global indeks" (The Economist Intelligence Unit) mualliflari ana shunday xulosaga kelganlar.

Ushbu indeks har yili Britaniyaning nufuzli "Ekonomist" (The Economist) nashri tahlilchilari tomonidan tayyorlanadi.

Ularga ko‘ra, bu dunyodagi eng yomon ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.

"Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha global indeks" dunyoning 109 mamlakatini o‘z ichiga olgan.

O‘zbekiston, qayd etgan ko‘rsatkichlari bo‘yicha, ro‘yxatning 73 o‘rniga qo‘yilgan.

Unda dunyodagi oziq-ovqat xavfsizligi darajasi uch omilga asoslangan holda tahlil qilinadi: birinchisi, aholining oziq-ovqat sotib olish salohiyati; ikkinchisi, oziq-ovqat ishlab chiqarish; va uchinchisi, oziq-ovqat zahirasi va sifati.

Birinchi omil, ya‘ni aholining oziq-ovqat sotib olish salohiyati bo‘yicha, O‘zbekiston dunyoning eng yo‘qsil mamlakatlari sirasiga kiritilgan.

Jahon tajribasida 1 insonning bir kunda topgan daromadi 2 dollardan kam bo‘lsa, u qashshoq deb ko‘riladi.

Ayni xalqaro tasnif bo‘yicha O‘zbekiston aholisining 76,7 foizi qashshoqlikda kun ko‘radi.

O‘zbekiston bu ko‘rsatkich bo‘yicha Afrika qit‘asidagi Niger va Mali kabi eng yo‘qsil mamlakatlar qatoriga qo‘yilgan.

Ammo oziq-ovqat ishlab chiqarish va zahira qilish bo‘yicha O‘zbekiston yaxshi ko‘rsatkichlarni qayd etgan.

"Global indeks" xulosalariga tayanaladigan bo‘lsa, O‘zbekiston hozirda yetarli oziq-ovqat ishlab chiqaradi, ammo fuqarolarning aksarida yetarli miqdorda oziq-ovqat sotib olishga moddiy imkon yo‘q.

Biroq O‘zbekiston rasmiy statistik raqamlariga qaraladigan bo‘lsa, mamlakat "Buyuk kelajak" shaxdam qadam tashlamoqda va aholi farovonligi ortib bormoqda.

Qashshoqmi yoki kam ta‘minlangan?

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda minimal maosh 1994 yildan 2014 yilga qadar 1373 marotiba ortgan.

Biroq, O‘zbekistonda aholining qancha qismi qashshoqlikda yashashi haqidagi statistik ma‘lumotlar davlat siri sifatida ko‘riladi.

Mamlakatning millionlab fuqarolari xorijdan daromad topishga majbur etilgan.

O‘zbekiston matbuotida "qashshoq oila", deb yozish taqiqlangan.

Bu ibora o‘rniga jurnalistlarga "kam ta‘minlangan oila" yoki "ehtiyojmand oila", deb yozish maslahati beriladi.

Mansabdorlarning iqtisodiy o‘sish yoki aholi farovonligi oshgani haqida keltiradigan raqamlari mustaqil tahlilchilar tomonidan doimo savol ostiga olinadi.

Mustaqil hisob-kitoblarga ko‘ra, oxirgi paytda Toshkentda kichik bir oilaning iste‘mol savati kamida 300 AQSh dollarini tashkil etmoqda.

Nafaqa va ijtimoiy yordam oxirgi yillarda mahalla kengashlari orqali belgilanadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02