Sofiya Rotaru, "sariq matbuot" va savod haqida…

O‘zbekistonning yoshlar orasida anchayin ommabop va anchayin savodsiz nashri bo‘lmish Sayyod Sho‘rolar davri estrada yulduzi Sofiya Rotaruning Toshkentga safari arafasida tashkilotchilardan birining o‘ziga xos maktubini sharhlagan.

Mas‘uliyati cheklangan "ART MODERN MUSIC" shirkati aftidan qator tashkilotlarga yo‘llagan maktubida yumshoq qilib aytilsa, "o‘z xizmatlarini" ya‘ni bu o‘rinda, Sofiya Rotaru kontsertiga chiptalarni sotib olish taklifi bilan chiqqan...

Ammo qaysidir ma‘noda O‘zbekistondagi qator tashkilotlarga va hatto davlat idoralariga mos bo‘lgan mantiqsizlik o‘laroq, o‘zining bu xizmatini "Sog‘lom bola yili" bilan bog‘lagan.

Sayyod ham nashrga xos savod bilan bu maktubdan norizo bo‘ladi.

"Chipta sotilmayotganiga tashkilotlarga "Sog‘lom bola yili"ni ro‘kach qilish shartmikan? Mustaqilligimizga Sofiyaxonimning nima aloqasi bor ekan bu xam tushunarsiz))

Xatni balandparvoz yemagan va mantiqsiz so‘zlar bilan bo‘yab, matnda xam ayyorlikni siyosatga taqab niqoblash naqadar kulgulik.

Sofiyu Rotaruning Toshkentga kelishi bilan bog‘liq barcha sirlarga "Nyushadan kuygan Rotaruga balogardon" maqolasigacha (manbaa) faktlari bilan yoritib kelgandik.

Xamma narsani uddalash mumkin, ayniqsa katta pul bo‘lsa, biroq u qay yo‘l bilan topilishiga xam bog‘liq bo‘lsa kerak. Birovlarni chuv tushirib qaqshatib qilingan tantana kimga bayramu, kimga aza.

Kimlar u xarom pullardan "dolya"da bo‘lib bu ishlarni ximoyalashda?)) To‘g‘risida, mana faktlari bilan ko‘rsatilgan narsaga shunchaki so‘zlar o‘yini bilan baxona qilib bu ishlarni ximoya qilish uchunam biror sabab bo‘lishi kerakku to‘g‘rimi?)

Xullas, kontsert va nixoyat bo‘lishi (pullar to‘langani) va Sofiya Rotaru avvalgi mashmashalar sabab bazo‘r rozi bo‘lib, jazosiga katta pulga kelayotganini xisobga olsa, bir tarafdan chipta sotib olganlarga xursand bo‘lish mumkin...demak, chipta sotib olganlar chuv tushmadi, shunisigagina shukr!

Ammo boshqa tarafdan...qiziq bu kontsert xarajatiga qaysi bechora kuygan ekan?"

(Matn o‘zgartirilmadi – tahririyat)

O‘zbekistondagi manbamizga ko‘ra, bu kabi "xizmatlar" taklifi bilan maktub yo‘llash mamlakatdagi qator idoralar va shirkatlar uchun yangilik emas.

Davlat matbuot nashrlariga obunadan tortib, hukumat uyushtiradigan deyarli barcha tadbirlarda asosan ishbilarmonlar gardaniga o‘ziga xos "o‘lpon" solinadi.

Davlat nazorati ostida bo‘lgan matbuot esa yillarki majburan shakllantirilgan an‘anaga quloq qoqmay rioya qiladi.

Bu an‘anaga ko‘ra, hukumat tepasidagilar hech qachon xato qilishmaydi va ularga til tekkizish jinoyatdir...

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02