Alisher Usmonov: "Arsenal" tarixida yangi davr boshlanmoqda

Image copyright AFP

Angliyaning mashhur "Arsenal" futbol klubi aktsiyalarining 30 foizi sohibi Alisher Usmonov aytishicha, yaqin orada "Arsenal" Angliya va Ovro‘po futbolida peshqadamlar safidan joy oladi.

Bu haqda 60 yoshli o‘zbek milliarderi Daily Telegraph ro‘znomasiga aytgan.

"Men o‘ylaymanki, biz "Arsenal" uchun yangi davrni boshlaymiz, yutuqlarni qo‘lga kiritamiz. Bu futbol uchun eng muhim narsa", deb aytgan "Arsenal"ning ikkinchi yirik hissadori.

"Klub muvaffaqiyat qozonish uchun juda yaxshi jihozlangan. Klubda to‘g‘ri qarorlar, shu jumladan, strategik nuqtai nazardan ham to‘g‘ri qarorlar qabul qilinayapti. Hozir bizda Mesut O‘zil, Aleksis Sanchesga o‘xshagan o‘yinchilarni sotib olish uchun mablag‘imiz paydo bo‘ldi", deb aytgan Alisher Usmonov.

Daily Telegraph bu ikki o‘yinchi jami 75 million AQSh dollariga sotib olinganini eslatadi.

Janob Usmonov "Arsenal" klubi rahbariyati yuritayotgan siyosat klub foydasiga xizmat qilmayotgani haqida 2012 yilda o‘zining ochiq xatini e‘lon qilgan edi.

"Direktorlar kengashi va klubning asosiy aktsionerlari kredit olib yangi stadion qurishga qaror qildilar. Bu narsa oxirgi 10 yil davomida "Arsenal"ning na Angliya chempionatida, na Chempionlar ligasida g‘alaba qozonishiga olib keldi", degan Alisher Usmonov.

"Emireyts" stadioni qurib bitkazilganida klubning umumiy qarzi 318 million funt sterling yoki 530 million AQSh dollaridan oshib ketgan.

"Buning oqibatida o‘zimizning kuchli o‘yinchilarimizni sotishga to‘g‘ri keldi, yuqori o‘rindagi futbolchilar bilan klubni kuchaytirish imkoniyati bo‘lmadi. Ammo bu qiyinchiliklarni bosib o‘ta oldik. Mana endi ishonchim komilki, Arsen Venger va Ivan Gazidis mablag‘larni to‘g‘ri sarflashadi", degan janob Usmonov.

"Men o‘zimning yo‘lim, Alisher Usmonovning yo‘li Roman Abramovich yoki Shayx Mansurlarning qilgan ishlarini takrorlash bo‘lib qolishini istamayman. Agar men klub mablag‘ga muhtojligini ko‘rsam, albatta, pul qo‘yaman. Ayni paytda "Arsenal"ning istiqboli yaxshi va qo‘shimcha mablag‘ga muhtoj emas", deya Alisher Usmonovdan iqtibos keltirgan Daily Telegraph.

Janob Usmonov "Arsenal"ning eng yirik - 63 foizlik hissadori Stiv Kronke bilan hech ham muloqot qilmaganini tan olgan.

Asli o‘zbekistonlik Alisher Usmonov, Forbs jurnali ro‘yxatiga ko‘ra, dunyodagi eng badavlat insonlar ro‘yxatida 42-o‘rinni egallaydi, uning jami boyligi 27 milliard AQSh dollari atrofida deb ko‘riladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02