Kunlik aspirin saratonga chalinish ehtimolini pasaytiradi

Londondagi qirolicha Mariya universiteti tadqiqotchilari kelgan xulosaga ko‘ra, har kuni aspirin qabul qilish oshqozon, ichak va qizilo‘ngach va boshqa inson organlarining saratonga chalinish ehtimolini ancha kamaytiradi.

Aspirinning foyda va zarari haqidagi bahslar tibbiyot mutaxassislari orasida anchadan buyon bahs va munozaralarga sabab bo‘lib keladi.

Londondagi olimlar aspirinning foydasi va zararini o‘rgangan 200 tadqiqotni o‘rganib chiqqanlar.

Qirolicha Mariya universiteti professori Jek Kuzik ushbu tadqiqotga rahbarlik qilgan.

Professor Kuzikning tadqiqoti xulosasiga tayanib maslahat berishicha, Britaniyada yashayotgan yoshi 50 dan oshgan har bir inson har kuni 75 milligrammdan aspirin ichishni boshlamog‘i lozim.

Tadqiqot xulosalariga ko‘ra, 50 yoshdagi insonlar har kuni aspirin qabul qilib borsa, 10 yildan keyin 1000 kishi orasida saratondan o‘lganlar soni 16 kishiga kamayadi, yurak xurujidan o‘lim soni bittaga kamayadi, biroq qon ketishidan o‘lganlar soni ikkitaga ko‘payadi.

O‘shanda jami taxminan 122 ming o‘lim oldini olish mumkin bo‘ladi, deyishadi londonlik tadqiqotchilar.

Tadqiqotchilarga ko‘ra, aspirin oshqozon-ichak va qizilo‘ngach saratoni bilan bog‘liq o‘limlar sonini 30-40 foizga kamaytirgan.

Image copyright SPL

Ko‘krak va o‘pka saratoni, prostata saratonidan o‘lim hollari ham kamaygani aniqlangan, biroq tadqiqotchilar bu ko‘rsatkich uncha katta emasligini aytishadi.

Aspirin oshqozonda qon ketishi va insultga sabab bo‘lishi ham aniqlangan.

Shuning uchun ham o‘zi oxirgi to‘rt yil mobaynida muntazam aspirin ichib kelayotgan professor Jek Kuzik bu dorining salbiy oqibatlariga ko‘ra ijobiysi ko‘p ekani aniqlandi, degan fikrda.

"Salbiy oqibatlari bor ekaniga qaramasdan, aftidan aspirinni har kuni qabul qilish chekishni tashlagandan keyin va ortiqcha vaznni yo‘qotgandan keyin paydo bo‘ladigan saratonga chalinish tahdidini kamaytiradigan eng samarali va oson usul bo‘lib chiqdi", degan professor Kuzik.

So‘nggi tadqiqot kelgan xulosaga ko‘ra, aspirinni har kuni ichib yurib uni to‘xtatgandan keyin ham ijobiy ta‘siri davom etadi, biroq bu ijobiy ta‘sir organizmga sezilishi uchun qancha muddat davomida aspirinni qabul qilib yurish kerak, bunisi aniq emas.

Organizmning qarishi tufayli ichki qon ketish yuz bermasligi uchun olimlar faqat 10 yil bilan cheklanishni maslahat beradilar.

75 milligrammdan ko‘proq dozada aspirin qabul qilish natijasida himoya ta‘siri yanada kuchayadimi-yo‘qmi, bu ham ma‘lum emas.

Ushbu tadqiqotda agar britaniyaliklar 50 yoshdan 64 yoshigacha har kuni aspirin qabul qilib borsa, 122 ming insonni hayoti saqlab qolinishi aytiladi, biroq taxminan 18 ming kishi aspirinning salbiy oqibatlaridan vafot etishi mumkin.

Olimlarga ko‘ra, hammadan ham ko‘ra ichki qon ketish ehtimoli ko‘p bo‘lgan insonlar, kashandalar va spirtli ichimliklarni ko‘p iste‘mol qiladiganlarda salbiy oqibatlar ko‘p kuzatilishi mumkin.

Shuning uchun ham aspirinni kundalik qabul qilishni istaganlar avval shifokor bilan maslahatlashishlari lozimligi urg‘ulanadi.

Olimlar aspirin qay yo‘l bilan insonni saratondan muhofaza qilishini bilmaydilar.

Biroq ularning taxmin qilishicha, aspirin qon to‘qimalari shamollashi oldini oladi yoki bu to‘qimalarga xastalik yanada tarqalmasligi uchun ta‘sir ko‘rsatadi.

Aspirinsiz xastalik organizmda ko‘proq tarqaladi, deb ko‘riladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02