Shinjonning Qoramoyida islomiy liboslar taqiqlandi

Image copyright AP
Image caption Xitoy hukumatiga islomiy liboslar qatori soqol ham ...yoqmaydimi?

Islomiy liboslar va musulmoncha soqol qo‘yganlar davlat transport vositalariga chiqarilmaydigan bo‘ldi.

Bu haqda hukumat gazetasi xabar bergan.

Qoramoy shahridagi mulozimlarga ko‘ra, jami islomiy deb ko‘rilgan liboslar, ular orasida ro‘mollar, paranjilar va yuzga tortiladigan pardalar bilan 20 avgustga qadar tranport vositalariga chiqish taqiqlanadi.

Bunga shaharda sport festivali o‘tayotgani sabab qilib ko‘rsatilgan.

Bir paytlar Shinjonda ko‘pchilik bo‘lgan uyg‘urlar Xitoyning maxsus siyosati tufayli milliy ozchilikka aylangan.

So‘nggi yillar mintaqa bir emas bir necha bor qonli zo‘ravonliklarga sahna bo‘lgandi.

Xitoy mulozimlari odatdagiday har zo‘ravonliklarda uyg‘ur bo‘lginchilarini ayblashadi.

Karamay Daily gazetida mulozimlar jamoat transportidan taqiqlanadigan "odamlarning besh turini" sanab o‘tishgan.

Sanalganlar burqa, paranji, ro‘mol yopingan va Islom ramzi deb ko‘rilgan hilolu yulduz tasviri tushirilgan libos kiyganlar hamda "uzun soqol qo‘ygan yoshlar"dir.

"Bu taqiqqa bo‘ysunmagan yo‘lovchilar haqida politsiyaga xabar qilinadi", deyiladi maqolada.

Shuningdek, barcha yo‘lovchilarning sumkalari tekshirilishi ham ta‘kidlanadi.

"Bu xavfsizlik choralari ijtimoiy barqarorlikni ta‘minlaydi, fuqarolarimizning irqidan qat‘iy nazar jonini va molini omon saqlaydi", deb yozadi gazeta.

Qoramoy Urumchidan 400 chaqirim shimolda joylashgan.

Xitoy hukumati nimadan qo‘rqadi?

Image copyright AFP
Image caption Islomiymi va yo milliy?

Oxirgi oylarda ham turli qonli hodisalar sur‘ati o‘sdi. Xitoy rasmiylari bu hodisalarda uyg‘ur bo‘lginchilarini ayblab kelmoqdalar.

May oyida Urumchidagi bozorga ikki mashinada bostirib kirgan hujumchilar 31 kishini halok etishdi. Mart oyida Kunming shahridagi poyezd bekatida 29 kishi pichoqlab o‘ldirildi.

Bunga javoban Xitoy rasmiylari bir yil mobaynida xavfsizlik choralari kuchaytirilishi, Shinjon bo‘ylab shahar va qishloqlarda politsiya va askarlar soni ko‘paytirilishi haqida e‘lon qildilar.

Hozirga qadar o‘nlab kishilar hibsga olindi, ekstremistik amallarda ayblanib, qamoqqa tashlandi.

Lekin uyg‘ur faollarining aytishlaricha, Xitoyning bu kabi qattiqqo‘l siyosati, uyg‘arlar madaniyati va dinini cheklash amallari kuchli qarshilik harakatiga turtki bermoqda.

Xitoy rasmiylari esa mintaqani rivojlantirish va insonlar hayotini yaxshilash uchun ko‘plab sarmoyalar yotqizayotganlari, "terrorchilar"ni esa xorijiy Islomiy guruhlar "gij-gijlayotgani"ni aytmoqdalar.

O‘tgan oy Xitoyning chekka g‘arbiy mintaqasi Shinjonda mahalliy hukumat tomonidan etnik uyg‘ur bo‘lgan musulmonlarning ro‘za tutishlari ta‘qiqlangan edi.

Rasmiylarga ko‘ra, davlat korxonalari xodimlari ro‘za tutish kabi diniy ibodat amallarini bajarishlari mumkin emas.

Hukumatning bunday qarori mintaqada sodir etilgan qator hujumlar orqasidan xavfsizlik choralarining o‘ta kuchaytirilgan manzarasida yuz bermoqda.

Xitoy hukumati barcha hujumlarda musulmon bo‘lginchilarni mas‘ul deb biladi, uyg‘ur rahbarlari esa bu da‘volarni inkor etadilar.

Faollar rasmiy Pekinni Uyg‘urlarga qarshi amalga oshirilayotgan diniy va madaniy qatag‘onni oqlash uchun Uyg‘ur bo‘lginchilari tomonidan xatarni o‘ta bo‘rttirib ko‘rsatishda ayblaganlar.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02