Tarixdagi eng yirik xakerlik hujumi - 1,2 milliard ma‘lumot o‘g‘irlangan

Image copyright Thinkstock

AQShdagi informatsion xavfsizlik masalalariga ixtisoslashgan Hold Security shirkati e‘lon qilishicha, rossiyalik xakerlar kompyuterlar tarixidagi eng yirik ma‘lumotlarni o‘g‘irlashga muvaffaq bo‘lganlar.

Hold Security ga ko‘ra, 1 milliard 200 milllion Internet foydalanuvchisi va ularga tegishli bo‘lgan ocharso‘zlar, 500 milliondan ortiq elektron pochta manzillari o‘g‘irlangan.

Amerika shirkati xabar qilishicha, ma‘lumotlar 420 mingdan ortiq web-saytlarga "buzib kirilgani" oqibatida qo‘lga kiritilgan.

"Bu tarixdagi eng yirik ma‘lumot yo‘qotish", deya ushbu hodisaga ta‘rif bergan Hold Security.

"Ularning nishoni faqat yirik shirkatlar bo‘lmagan, ular qurbonlari tashrif buyurgan har bir saytni nishonga olganlar", deya ma‘lum qilgan Hold Security.

AQSh shirkati jabrlanganlarning ismi-shariflarini e‘lon qilmagan.

Hold Security shirkati buni ma‘lumotlarni oshkor qilmaslik hamda hali ham hujum qurboniga aylanishi ehtimoli saqlanib qolayotgan web-saytlar nomini ko‘pchilikka ma‘lum qilmaslik istagi bilan izohlagan.

Ushbu hodisa haqida ilk bor New York Times ro‘znomasi xabar tarqatgan.

Ro‘znoma Hold Security shirkatiga aloqasi bo‘lmagan ekspertga murojaat qilgan va u o‘g‘irlangan ma‘lumotlarni tahlil qilib, ularning haqiqiyligini tasdiqlagan.

"Kompyuter jinoyatlari bo‘yicha boshqa bir ekspert esa bu masalani ommaviy shaklda muhokama qila olmasligini aytgan, biroq u ayrim yirik shirkatlar o‘zlariga tegishli ma‘lumotlar o‘g‘irlanganidan boxabar bo‘lganlar, deb aytgan.

Wall Street Journal yozishicha, Hold Security shirkati e‘lon bergan va biror bir web-sayt hujumga uchrab ma‘lumoti o‘g‘irlanganlar orasida bor yoki yo‘qligi haqidagi ma‘lumot uchun to‘lov talab qilgan.

Boshida shirkatning bunday ma‘lumotni 120 AQSh dollariga sotishi haqidagi e‘lonni o‘z web-saytida e‘lon qilgani, keyinroq bu yozuv olib tashlangan.

New York Times ro‘znomasiga ko‘ra, xakerlar ilk ma‘lumotlarni "qora bozor"dan sotib olishgan, bu ma‘lumotlardan elektron pochta provayderlari, Internet ijtimoiy tarmoqlari va boshqa web-saytlarga spam hujumi uyushtirish bilan ko‘proq ma‘lumotlarni qo‘lga kiritish mumkin bo‘lgan.

Ma‘lumotlarni qo‘lga kiritgan xakerlarning soni 10 tacha ekani, ularning yoshlari taxminan 20 lar atrofidaligi, ular bir-birlarini shaxsan tanishlari hamda ularning serverlari Rossiya hududida joylashgani xabar qilinadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02