Tog‘li Qorabog‘da vaziyat tarang qolmoqda

Image copyright Getty
Image caption Tog‘li Qorabog‘dagi armani askarlar (arxiv)

Xalqaro hamjamiyat e‘tibori jahondagi qator mojarolarga "mixlangan" ekan, G‘arbning energetika sohasidagi yirik hamkorlaridan biri Ozarbayjon va Rossiyaning mintaqadagi ittifoqdoshi Armaniston o‘rtasida ziddiyat yuzaga chiqmoqda.

O‘tgan hafta oxirida yuz bergan qurolli to‘qnashuvlar ikki qo‘shni davlat o‘rtasida yangi urush kelib chiqishi borasida xavotirlarni kuchaytirgan.

Shu hafta oxirida Rossiyaning Sochi shahrida Ozarbayjon va Armaniston prezidentlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tishi e‘lon qilingan ekan, ba‘zi tahlilchilar mojaroning qayta alanga olishida Rossiyani ayblashmoqda.

Ularga ko‘ra, mintaqada o‘z ta‘sirini saqlab qolishga urinayotgan Rossiya uchun bu kabi mojaro ayni muddaodir.

1994 yili erishilgan otashkesimdan beri eng jiddiysi deya ta‘riflangan to‘qnashuvlarda ikki tomondan 18 askar halok bo‘lgan.

To‘satdan yana avj olgan bu mojaroga shu vaqtgacha, "muzlatilgan holatda" deya qarab kelingandi.

Ozarbayjon neftdan tushgan pullariga sotib olgan qimmatbaho tanklari birinchi marotaba harbiy paradda emas, jang maydonida ko‘rinish berdi.

Otishmalar onda-sonda hanuz davom etayotgani haqida xabarlar bor, lekin Rossiya Arman va Ozari prezidentlarini Sochida yuzma-yuz uchrashtirmoqchi ekanligi haqidada xabar tarqalishi bilan oradagi tanglik bir qadar ko‘tarilganday bo‘ldi.

"Afsuski, bu yangi bir urushga aylanib ketishi mumkin edi", deydi Atlantik Kengash tadqiqiot markazidan Sabine Freyzer.

Bu oxirgi to‘qnashuvlarda qurbonlar soni vaziyatning qanchalar jiddiy ekanidan dalolat beradi.

Uch kun davom etgani aytilgan to‘qnashuvlarda Ozarbayjonnning ma‘lum qilishicha, 13 askarini qurbon bergan.

Xalqaro miqyosda tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi Mudofaa vazirligiga ko‘ra, ulardan besh askar qurbon bo‘lgan.

So‘nggi ziddiyatga nima turtki berdi?

Image copyright Getty
Image caption Tog‘li Qorabog‘da Qizil Xos jamiyati

Ba‘zilar buning ortida uchinchi kuchlar turganligini aytmoqdalar.

Ozarbayjonlik siyosiy tahlilchilar shimoldagi eng katta qo‘shni Rossiyadan shubha qilmoqdalar.

Rossiya oxirgi vaqtda Sharqiy Ukrainadagi qurolli bo‘lginchilar va isyonchilarni qo‘llayotganlikda ham gumon qilinadi.

Tahlilchi Rashad Shiringa ko‘ra, Rossiya Vladimir Putinning Ovrosiyo Ittifoqi loyihasiga qo‘shilish uchun Ozarbayjon hukumatiga bosim o‘tkazish niyatida.

"Bularning hammasi Sochidagi uchrashuv natijalarining Rossiya xohlaganidek bo‘lishiga yo‘l ochish maqsadida qilinmoqda. Chunki to‘qnashuvlarning kelib chiqishi va bu avvaldan rejalanmagan uchrashuv vaqti orasidagi o‘ta qisqa muddat juda shubhali ko‘rinmoqda" , deydi Rashad Shirin.

Rossiya Tashqi Ishlar vaziri Sergey Lavrov prezident Putin shu hafta oxirida Ozarbayjon va Armaniston prezidentlari bilan uchrashishini e‘lon qildi.

Mojaro tarixi 1980 yillarga borib taqaladi. O‘shanda Sho‘rolar Ittifoqi qulashidan sal avvalroq rasman Ozarbayjonga tegishli bo‘lgan, lekin aksar aholisi armanlar bo‘lgan Tog‘li Qorabog‘ ustidan kelib chiqqan qonli hodisalar ikki qo‘shnini ashaddiy raqiblarga aylantirdi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Olti yil davom etgan urush mobaynida 30 ming inson qurbon berildi, minglab odamlar uy-joylarini tashlab chiqishga majbur bo‘ldilar.

O‘shanda Rossiya vositachiligida otashkeksimga erishilgandi.

Urush natijasida Tog‘li Qorabog‘ va Ozarbayjonga tegishli bo‘lgan yana yetti mintaqa Armaniston kuchlari nazorati ostida qolgan.

Sabine Freyzer Rossiyani so‘nggi voqealarda ko‘r-ko‘rona ayblash mushkul deydi.

Ammo to‘qnashuvlardan keyin deyarli darhol Rossiyaning muzokaralar taklifi bilan aralashuvi shubhalidir, deydi u.

"Rossiya jahon hamjamiyatining e‘tiborini Ukrainadan chalg‘itmoqchidir balki... Moskva o‘zini nafaqat Ukrainada, balki Qovqozda ham muhim ahamiyat kasb etishini ko‘rsatib qo‘ymoqchi", deydi Sabine Freyzer.