Test sinovi yoki pora berish udumiga bir nazar...

Image caption O‘zbekiston rasmiy matbuoti test sinovlarini "faqat ijobiy tomondan yoritishdi"

O‘zbekiston Test markazi ma‘lumotiga qaraganda, yaqin 60 oliygohga 543 mingdan oshiq abituriyentlar da‘vogarlik qilishgan.

O‘rtacha bitta o‘ringa 9 kishi hujjat topshirgani ma‘lum bo‘ldi.

Test sinovi natijalari 15 avgust kuni e‘lon qilinadi.

O‘zbekistonning rasmiy manbalari 1 avgust kuni bo‘lib o‘tgan test imtihonlari jarayonini faqat ijobiy tomondan yoritishdi.

Bu manbalarga ko‘ra O‘zbekiston yoshlarining test sinovlarini topshirish uchun barcha qulay shart-sharoitlar yaratilgan va bilimi bor yigit-qizlar albatta o‘zi xohlagan oliygoh fakultetiga hech qanday to‘sqinliksiz kiradi.

Rasmiy manbalar test sinovlarini topshirish jarayonini bayramona kayfiyatda o‘tkanligiga ko‘proq urg‘u berishdi.

Shuningdek har bir sinfxonadagi kameralar borligi va abituriyentlar faqat bilim bilan o‘qishga kiradigan iddaolar takrorlanardi.

Parda ortida nima gap?

Image caption Jizzaxlik suhbatdosh "ko‘pchilik" pora berib, o‘qishga kirish yo‘lini tanlagan

"Albatta, test sinovlari kimlarningdir bolalari uchun haqiqiy sinov davri bo‘ldi, - deydi biz bilan suhbatda bo‘lgan jizzaxlik bir o‘rta yoshdagi va o‘zini Qahramon deb tanishtirgan kishi. - Bu yil ham bolamning baxtini sinashga keluvdik. Qani, natijalar chiqsin-chi. Bolam o‘tganlar ro‘yxatda kiritilishi shart. Chunki anchadan beri repetitor uni test imtihonlariga tayyorladi. Shartnoma asosida kirsayam, roziman. Domlalarga beradigan pulim yo‘qligi uchun ikkinchi yil o‘g‘lim hujjat topshirib, test sinovlariga kirib chiqdi. Hayronman, bilimi test sinovlaridan o‘tishga yetadi, ammo..."

Qahramon akaning gapiga qaraganda, u yoki bu narsasini sotib, boshqalar kabi o‘g‘lini grant yo shartnoma asosida kirishiga sharoit yaratsa bo‘ladi.

Ammo uning vijdoni bunga yo‘l quymaydi.

O‘g‘li o‘z kuchi bilan oliygohga kirgani ma‘qul.

Qahramon akaning gapiga qaraganda, o‘shanda o‘g‘li "keyingi yillar ham yaxshi bilim olish uchun harakat qiladi va uning boshini egilmaydi".

Jizzaxlik akamizning gapida jon bor.

Test imtihonlari o‘tishidan sal oldinroq bir qo‘shnim hech ikkilanmay shunday degan edi: "Jiyanim kelgan Namangandan. Yuridicheskiyga topshirdi. Birov bilan gaplashib, yarim pulini ham berdik. Test imtihonlaridan bemalol o‘tadigan bo‘ldi, Xudo xohlasa. Qolgan pulni jiyanim ro‘yxatda nomi chiqqandan keyin berishga qaror qildik. U kishi rozi bo‘ldi. Boshqa chora yo‘q endi. Shunday qilmasak, bola bechoraning orzusi ushalmay qoladi-da".

Qo‘shnimning bildirishicha, hozir juda ko‘pchilik shunday yo‘lni tanlagan.

O‘z bilimi bilan kiruvchilar soni unchalik ko‘p emas ekan.

Unga ko‘ra, poraxo‘rlik oliygohlarimizda keng quloch yoygan.

Hatto keyingi imtihonlar uchun ham talabalar domlalarga pul yig‘ib berishar ekan.

"Na pul bor va na o‘qish"

Ba‘zilari bunday gaplarni o‘zini yo yaqinlarini puldor ko‘rsatish uchun aytsa, birovlari o‘g‘li yo qizini qanchalik yaxshi ko‘rishini va tengdoshlari oldida boshi baland bo‘lishi uchun pullarini ayamasligini ta‘kidlashardi.

"Hozirgi paytda bolalarni o‘qitmasa, bo‘lmaydi, - deydi Muhammad aka degan bir keksa haydovchi.-Ammo ko‘pchilik yigit-qizlarimiz o‘qishni bitirgandan keyin ish topolmay sarson bo‘lishlari yaxshi hol emas", - deb qo‘shib qo‘ydi u.

Bu suhbatdoshimga ko‘ra, oliygohning diplomi ham yaramay qolar ekan ba‘zida.

Odamlar shuncha pul sarflab bolalarini o‘qitishadi, lekin ish topishda yoshlarimiz qiynalishadi.

Muhammad akaning aytishicha, test sinovlaridan boshlab to bola o‘qishni bitirguncha juda katta pul sarf-xarajat bo‘ladi.

Muhamad aka ta‘kidlashicha? oldingi vaqtlar (Sho‘rolar davrini nazarda tutgan bo‘lishi kerak), yigit-qizlar o‘qishni bitirgandan keyin unga ishxonaga yo‘llanma berishardi va ishga kirish qiyin masala emas edi.

Ammo hozir kollejlaru oliygohlarni bitirgan yigit-qizlar ish topolmay ko‘chama-ko‘cha sarson bo‘lib yuripti.

Bir yigitcha bilan O‘zbekiston jahon tillar universiteti oldida tanishgan edim.

Nomi Baxtiyor ekan.

Jimgina o‘tirganini ko‘rib uni sekin suhbatga tortdim.

"O‘tgan yili kirishim kerak edi. O‘quv yili yarmigacha o‘qishga qabul qilinganim to‘g‘risida farmon chiqadi deb va‘da berishdi. Bo‘lmadi. Yil ham tugab, talabalar uylariga ta‘tilga ketishdi. Men haliyam sarson yuribman. Pul berganmiz ularga. Grant asosida o‘qishga kirasan deyishgan. Hatto shartnoma asosida ham qabul qilishmadi. Axir biz pulni oldindan berganmiz. Allaqachon talabalik gashtini surayotgan bo‘lishim kerak edi".

Baxtiyorga ko‘ra Farg‘ona viloyatidan kelgan ekan.

"Otam bir necha yildan beri Rossiyada ishlaydi, - deydi Baxtiyor.- Meni o‘qishga kirishim uchun shuncha pul yig‘di. Ammo hayhot. Na pul boru na o‘qishga kirdim".

Yana bir nuqtaga ahamiyat bermay ilojimiz yo‘q.

Bu yilda o‘tgan test sinov jarayonida ko‘pchilik yigit-qizlar sinfxonaga mobil telefon va boshqa shpargalkalar olib kirishga harakat qilishgan va hatto ba‘zilari bu mobil telefon va shpargalkalarni ishlatishgayam muvaffaq bo‘lishgan.

Lekin ularning asosiy qismidan bu narsalar olib quyilganligi turli xil manbalarda e‘lon qilindi.

Pora berishu pora olish udumlarimizga aylanganlini ishora qilishadi ba‘zi bir yoshi ulug‘ odamlar.

Ularga ko‘ra, buning oqibati yaxshilikka olib bormaydi, chunki pora bilan o‘qishga kirgan bola albatta poraxo‘rga aylanadi yoki hech bo‘lmasa, qing‘ir yo‘llar bilan mo‘may daromad topishga intiladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02