Maosh ichidan chiqqan yaroqsiz pullar va bemalol sotilayotgan eskirgan dorilar

Buxoro muhandislik-texnika instituti o‘qituvchilaridan biri 2 avgust kuni maoshining bir qismini olar ekan, uni oldindan tuzib qo‘ygan rejasi bo‘yicha sarflay boshlagan.

Lekin, u qo‘shni Navoiy viloyatiga borib, xarid qilayotgan bir paytida qizarib qolgan. Navoiy shahridagi do‘konlardan birining sotuvchisi o‘qituvchi uzatgan pulni sanab olar ekan, bu pulingiz yaroqsiz deb qaytarib bergan.

o‘qituvchi maosh sifatida 300 ming so‘m olgan edi. "Turonbank" dan berilgan bu pullar orasida O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki (Milliy bank) Bosh amaliyot bo‘limi tomonidan bosilgan "Eskirgan" tamg‘ali pullar topilgan. Bu haqda, UZ24’ga asoslanib, Daryo.Uz websayti xabar bergan.

Milliy bank Bosh amaliyot bo‘limiga bu borada murojaat qilinganda, inkassatsiyadan olingan barcha pullar Milliy bank g‘aznachilari tomonidan ishlatilganlik darajasiga qarab taqsimlangach, O‘zbekiston Markaziy bankiga topshirilishi ma‘lum qilindi. Markaziy bank esa pullarni respublikadagi barcha banklar filiallariga jo‘natadi.

"Agar shunday bo‘lsa, "Turonbank"ka eskirgan pullar qayerdan kelib qoldi ekan", deydi buxorolik boshqa bir muallim.

Lekin, hozircha o‘qituvchiga berilgan 300 ming so‘mning qanchasi aslida yaroqsiz holatiga kelgan bo‘lsa-da, muomalaga chiqarib yuborilgani aniqlanmagan. Chunki, maoshning 200 ming so‘mini o‘qituvchi Buxoroda ishlatib bo‘lgan ekan.

Navoiylik sotuvchi-ku, hushyor ekan, pul bo‘lsa-bo‘ldi-da, deya savdosi yurishayotganidan xursand qancha sotuvchilar allaqachon muomaladan chiqarib pullarni sanab olib, g‘aflatda qolishgan bo‘lsa, deydi mahalliy kuzatuvchilardan biri.

Shu o‘rinda o‘tgan oyda "Xalq banki"ning Toshkent viloyatidagi To‘ytepa filiali ayrim nafaqaxo‘rlarga eski, muomala uchun yaramaydigan, yo‘q qilinishi zarur bo‘lgan pullarni nafaqa sifatida tarqatgani uchun uzr so‘ragani va bu holatning boshqa qaytarilmasligini ta‘kidlaganini eslatish joiz.

Buxoro va Toshkentda eskirgan pullar tarqatilayotgan bo‘lsa, Samarqandda muddati o‘tgan dorilar bemalol sotilayotgan ekan.

CA-NEWS websaytining xabar qilishicha, Samarqand shahridagi "Izzayev Farm" MChJ dorixonasida o‘tkazilgan rejadan tashqari qisqa muddatli tekshiruvda 2 turdagi 5 o‘ram dori vositalarining yaroqlilik muddati o‘tganligi aniqlandi.

Mazkur tekshiruv O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining dori vositalari va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish bosh boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan.

Shuningdek, Paxtachi tumanidagi "Madina giyohlari maskani" MChJga qarashli dorixona hamda Samarqand shahridagi "Nazokat-S" MChJ dorixonasida ham yaroqlilik muddati allaqachon o‘tib ketgan dori-darmonlar sotilayotgani aniqlangan.

Ushbu holatlar bo‘yicha vazirlik bosh boshqarmasi mutaxassislari tomonidan dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining dori vositalari va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish bosh boshqarmasi mutaxassislari davlat Raqobat qo‘mitasiga murojaat qilishib, "Izzayev Farm" MChJ, "Madina giyohlari maskani" MChJ, "Nazokat-S" MChJ tomonidan qonunbuzarlik sodir etilgani sababli ularga nisbatan chora ko‘rishni so‘rashgan.

Kuzatuvchilarning aytishlaricha esa, muddati o‘tib ketgan dorilarni sotish O‘zbekistonda tez-tez uchraydigan holga aylanmoqda.

Masalan, o‘tgan oy O‘zbekiston televideniyesi "Sog‘lom bola yili" munosabati bilan sog‘liqni saqlash muassasalari, bemorxonalardan tayyorlagan ko‘rsatuvida Surxondaryoda bemor bolalarga muddati o‘tib ketgan dorilar berilayotgani ko‘rsatilgandi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02