Isroilning G‘azoga havo hujumlari qayta boshlandi

Image copyright AP

Isroilning ma‘lum qilishicha, juma kuni ertalab uch kunlik otashkesim tugashi ortidan falastinlik jangarilar raketa otishni boshlashlariga javoban G‘azoga qarshi havo hujumlar ham jonlangan.

Isroil Mudofaa vazirligi raketa hujumlari qayta boshlanishini "qabul qilib bo‘lmas, chidab bo‘lmas va uzoqni ko‘ra bilmaslik amali" deya ta‘riflagan.

G‘azo bo‘lgasini nazorat qiluvchi Hamas guruhi Isroil ularning talabalarini bajarmaganligi tufayli otashkesim muddatini uzaytirishdan bosh tortishini ma‘lum qilgandi.

G‘azoga qarshi to‘rt hafta davomida amalga oshirilgan hujumlar aksari tinch aholi vakillari bo‘lgan 1890 falastinlikning umriga zomin bo‘ldi.

Isroil rasmiylari esa, o‘zlari tarafda 64 askar, ikki fuqaro va bir taylandlik ishchi nobud bo‘lgan.

Isroil hujumlarni iyul oyi boshlarida Hamasning raketa hujumlariga javoban va o‘z hududiga jangarilar kirib kelishini ta‘minlovchi yer osti yo‘llari tizimini vayron qilish maqsadida, deya boshlagandi.

Falastin rasmiylarining aytishlaricha, juma kuni qayta boshlangan Isroil hujumlari oqibatida G‘azo shahridagi masjid yaqinida 10 yoshli bola halok bo‘lgan.

Uch kun avval otashkesim e‘lon qilinarkan, Isroil o‘z harbiy amaliyotlaridan ko‘zlangan maqsadga erishganini aytib, G‘azodan qo‘shinlarini olib chiqqandi.

Falastinlik jangarilar otashkesim muddati tugashi bilan, juma kuni mahalliy vaqt bilan soat 8 larda raketa otishni qayta boshlaganlar.

Isroilning ma‘lum qilishicha, Hamas tomonidan kamida 35 raketa otilgan.

Mudofaa vazirligigiga ko‘ra, "Temir gumbaz" mudofaa tizimi raketalardan uchtasini daf qilgan, qolganlari ochiq maydonga kelib tushgan.

Ko‘plab falastinliklar yana uylarini tashlab chiqa boshlaganlar.

Otashkesim muddatini uzaytirish bo‘yicha muzokaralar payshanba kuni tungacha davom etgan, lekin boshi berk ko‘cha holatiga kelib to‘xtagan.

Hamasning aytishicha, Isroil tomoni G‘azo qamalini bekor qilish, falastinlik mahbuslarni ozod qilish va hujumlarni to‘xtatish kabi talablarni bajarishdan bosh tortgan.

O‘z navbatida, Hamas Isroilning G‘azo bo‘lgasidan qurol-yarog‘larni butunlay olib chiqish talabini rad etgan. Hamas voiziga ko‘ra, guruh uzoq muddatli urushga tayyordir.

Isroil rasmiylari otashkesimni uzaytirish xohishini izhor etganlarini bildirib, zo‘ravonliklarning yangi davrasi boshlanib ketishida Hamas guruhini ayblaganlar.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02