Qirg‘iz xalq vakili nima uchun Isroil bayrog‘ini yirtdi?

Isroilning Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi elchisi Eli Tasman Qirg‘iziston Tashqi Ishlar Vazirligiga parlament deputati Tursunboy Bakir o‘g‘li tomonidan Isroil davlat bayrog‘ining yirtilishiga norozilik bildirib, nota yullagan.

Isroil elchisi Tursunboy Bakir o‘g‘lini davlat bayrog‘ini oyoq osti qilgani uchun javobgarlikka tortilishini talab qilgan.

4-avgust kuni Oliy Kengashning "Or-Nomus" partiyasi fraktsiyasidan deputat Tursunboy Bakir o‘g‘li Isroilning G‘azo bo‘lgasida o‘tkazayotgan harbiy amaliyotlari oqibatida begunoh yosh bolalar va ayollar o‘ldirilayotganligiga norozilik bildirish uchun Isroil bayrog‘ini yirtib tashlagandi.

Tursunboy Bakir o‘g‘lining aytishicha, go‘dak, ayol va qariyalarning o‘ldirilayotganligi juda achinarli holat va ularning urushga hech qanday aloqalari yo‘q.

Tursunboy Bakir o‘g‘li bundan besh yil avval ham Isroil bayrog‘ini yoqib yuborgandi.

Bu gal Tursunboy Bakir o‘g‘li tomonidan xorijiy davlat bayrog‘ining yirtib tashlanishi Qirg‘iziston jamiyatida, jumladan ijtimoiy tarmoqlarda juda jonli muhokama qilinmoqda.

Oliy Kengash deputatlarining ahloq-odob qoidalari bo‘yicha raisasi, deputat Oynuru Oltiboyeva Bakir o‘g‘li o‘z hissiyotlarini boshqara olmay qolgan, deya afsus bildirdi.

"U kishi o‘zi ham kasbiy diplomat, Malayziyada ishlab kelgan. U doimo sabr-toqatli inson edi, endi esa nima bo‘ldi ekan, hayronman?" - deb aytdi Oynuru Oltiboyeva.

Qirg‘iziston Tashqi Ishlar vazirligi ushbu hodisa yuzasidan Isroil elchisidan nota olinganligini hozircha tasdiqlagani yo‘q.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02