"O‘zbekistonda Ebola virusidan xavotirlarga o‘rin yo‘q"

Image caption Jahon Sog‘liqni saqlash Tashkiloti (JSST) G‘arbiy Afrikada Ebola kasalligining tarqalishini xalqaro favqulodda holat deb e‘lon etdi

Podrobno.uz saytining O‘zbekiston epidemiologlaridan iqtibosan yozishicha, ushbu virusning mamlakatga kirib kelishi uchun asos yo‘q.

"Aeroport va vokzallardagi zamonaviy nazorat va epidemiya o‘chog‘i bo‘lmish davlatlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri havo aloqasining yo‘qligi sabab virusning O‘zbekistonga kirib kelishi uchun asos yo‘q", deb yozadi internet nashri.

"O‘zbekiston havo yo‘llari" avia shirkati matbuot xizmati Toshkent aeroportida hech qanday karantin holati kiritilmaganini va faqatgina shifokorlarga shikoyat qilgan yo‘lovchilarning harorati o‘lchab ko‘rilayotganini bildirgan.

Murojaat qilganlar orasida Ebola xastaligi alomatlari bilan yo‘lovchilar qayd qilinmagan.

Jahon Sog‘liqni saqlash Tashkiloti (JSST) G‘arbiy Afrikada Ebola kasalligining tarqalishini xalqaro favqulodda holat deb e‘lon etdi.

JSST rasmiylariga ko‘ra Ebola virusi tarqalishini to‘xtatish uchun mushtarak xalqaro choralar ko‘rilishi lozim.

Ebola inson salomatligi uchun xatarli bo‘lgan virus turlaridan biridir.

Uning odamni o‘limga olib borish darajasi 55%dan 90%gacha deb o‘lchanadi. Ebola tana suyuqligi orqali odamdan odamga yuqadi.

Hozirga qadar bu yilning o‘zidayoq G‘arbiy Afrikada Ebola kasalligidan 930dan ortiq inson halok bo‘lgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02