"Xitoyda ikkinchi Checheniston paydo bo‘lishi mumkin"mi?

Image copyright AP

Qattiqqo‘llik Shinjonda noroziliklarni olovlantirmoqda. Xitoy rahbariyati o‘z taktikasini o‘zgartirishi shart.

Britaniyada chop etiluvchi nufuzli "The Economist" nashridagi maqola xuddi shunday so‘zlar bilan boshlanadi.

Maqola uyg‘urlar Xitoyda o‘zlarini hech qachon bamaylixotir his qilishmagani, qachonlardir ana shu musulmon turkiy xalq katta sonda yashagan Shinjon o‘zi istamagan holda Xitoy imperiyasining bir qismiga aylanishga majbur bo‘lgani haqidagi so‘zlar bilan davom etadi.

Bu orada norozi uyg‘urlarning mustaqil respublika tuzish yo‘lidagi barcha urinishlari, alal-oqibat, chippakka chiqqani aytilarkan, o‘z o‘rnida, Xitoy hukumatining 1949 yildan buyon Shinjonning ovozini chiqarmaslik siyosati ish bermayotganligi alohida ta‘kidlanadi.

"Xitoy Prezidenti Si Tszinpin milliy zo‘ravonliklar girdobida qolish bilan tavakkal qilayapti. Shinjon – Xitoyning Chechenistoniga aylanishi mumkin", - deb yozadi "The Economist".

Image copyright AFP

Maqolaning xuddi shu o‘rnida Xitoy Kommunistik partiyasi mintaqa nazoratini o‘z qo‘lida mahkam tutish uchun bir emas, bir nechta taktikani qo‘llab ko‘rgani tafsilotlari keltirilarkan, ularning qanchalik uyg‘urlar foydasiga bo‘lgani tahlil qilinadi.

Misol uchun, Xitoy hukumati infratuzilmasini yaxshilash va sanoat ishlab chiqarishni kuchaytirish uchun mintaqadan pulini ayamagan bo‘lsa-da, yaratilgan ish o‘rinlarining aksariyati xanlarga nasib etgani, boshqaruvdagi partiya esa, uyg‘urlarning salgina noroziliklariga nisbatan ham keskin mavqe‘ga o‘tib olgani ta‘kidlanadi.

Agar, ushbu maqolada keltirilgan raqamlarga tayanilsa, hozirga kelib 22 millionli mintaqa aholisining 40 foizdan ortiqrog‘ini xanlar tashkil etishadi.

Nashrning yozishicha, joriy paytda Shinjonda norozilik yashirib bo‘lmas bir darajaga yetgan.

O‘tgan oy esa, mintaqa uchun 2009 yilda Urumchida yuz bergan va 200 ga yaqin insonning umriga zomin bo‘lgan zo‘ravonliklar ortidan eng qonlisi bo‘lgan.

Image copyright AP

Xuddi shu o‘rinda "The Economist" keltirgan ma‘lumotlarga tayanilsa, Shinjonda kuzatilgan so‘nggi zo‘ravonliklar kamida 100 kishining o‘limi bilan yakun topgan.

Ammo, qachonki zo‘ravonliklar bosh ko‘tarmasin, Xitoy hukumati bunga nisbatan murosasiz mavqe‘ni namoyon etadi va e‘tiborini jihodchilik tahdidiga qaratadi, - deb yozadi nashr.

"Partiya bu kabi hujumlarda, asosan Afg‘oniston va Pokistonni nazarda tutib, Markaziy va Janubiy Osiyo chegaralari bo‘ylab yoyilib ketgan islomiy jangarilarni aybdor deb biladi. Bu bilan mahalliy uyg‘urlar xanlar bilan hamohanglikda umrgo‘zaronlik qilishayotganini da‘vo qilmoqchi bo‘ladi. Ammo, fojea shundaki, Xitoy hukumatining o‘zi aytgan gapini ro‘yobga chiqarib, jihodchilikni uyg‘ur jangariligining o‘zagiga aylantirishi mumkin", - deyiladi maqola davomida.

"The Economist"ning yozishicha, hozir Xitoyning Shinjonga nisbatan qattiqqo‘l siyosati o‘z vaqtida toqatli bo‘lgan bir xalqni radikallashtirayotgani nishonalari paydo bo‘lmoqda.

"Misol uchun, chetdagi uyg‘ur faollarining aytishlaricha, Qashg‘ar yaqinida yuz bergan so‘nggi zo‘ravonliklarning terrorchilikka hech bir aloqasi yo‘q. Ularga ko‘ra, bunga politsiya kuchlari sababchi bo‘lishgan – hukumatning Ramazon oyida ro‘za tutishga qo‘ygan taqig‘ini amalda qo‘llamoqchi bo‘lishgan", - deyiladi ushbu maqolada.

Image copyright

Ammo, xuddi shu o‘rinda, nashrning Sudan va G‘arbiy Sohildagi voqealardan xulosa qilib yozishicha, biror bir mojaro diniy tus olsa, unga barham berish oson bo‘lmaydi.

"The Economist" 90-yillar boshidagi Checheniston misoli janob Sini qo‘rqitishi lozim, deydi.

O‘z o‘rnida, nashrning e‘tirof etishicha, Xitoy prezidenti hozir mavjud muammoni anglab yetgan ko‘rinadi.

"Deylik, janob Si o‘tgan may oyida xosan Shinjondagi vaziyatni muhokama qilish uchun ataydan partiya rahbarlarini yig‘di. Ular Shinjon, ayniqsa, mintaqa janubida uyg‘urlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish lozimligini o‘zlari ham tan olishdi. Yig‘indan keyin Shinjondagi davlatga qarashli korxonalarga yangi ishchilarining kamida chorak foizi uyg‘urlar va boshqa milliy ozchiliklardan bo‘lishi kerakligi aytildi. Uyg‘urlarning ta‘lim olishlari uchun shart-sharoit yaratish lozimligi - boshqa bir ustivor masala bo‘lishi shart, deb ko‘rildi", - deya yozarkan, "The Economist" bu choralar, halicha yetarli emas, degan qarashni izhor etadi.

Maqolada xotima qilinishicha, yana uyg‘urlarning diniy qadriyatlari hurmat qilinishi, barcha musulmonlarning Hajga borishlariga izn berilishi, uyg‘urchada o‘qish, ish yuritishga ko‘proq imkoniyat yaratilishi va Xitoy hukumati mo‘‘tadil uyg‘urlarni ta‘qib qilishni bas qilishi lozim.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02