So‘rov: "Putinning obro‘si oshgandan oshib bormoqda"

Image copyright Reuters

Yangi so‘rov natijalariga tayanilsa, hozirga kelib, qariyb 90 foiz rossiyalik prezident Vladimir Putinni qo‘llab-quvvatlaydi.

So‘nggi so‘rov Rossiyadagi yirik "Levada" mustaqil omma fikrini o‘rganish markazi tomonidan olib borilgan.

Sotsiologlarga ko‘ra, 2008 yildan buyon janob Putinning obro‘si bunchalar yuksakliklarga ko‘tarilmagan.

Ayon bo‘lishicha, bularning barchasiga, oylarki, o‘z yechimini topmay kelayotgan Ukraina inqirozi sabab bo‘lmoqda.

G‘arb Ukrainadagi voqealarga rasmiy Kremlning agressiv siyosati sababchi ekanini da‘vo qilarkan, so‘nggi oylarda Rossiyani har tomondan ihotalab qo‘yishga zo‘r bergan.

Ovro‘po Ittifoqi va AQSh Rossiyaga nisbatan ustma-ust jazo choralari joriy etishga kirishgan.

Ayon bo‘lishicha, prezident Putinning Rossiyadagi obro‘si xuddi shu manzarada o‘zining rekord nuqtasiga yetgan.

Bu borada Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedev ham janob Putinga yeta olmagan.

Rossiyaliklarning yetmish foizdan sal ortiqrog‘i o‘z Bosh vazirlarining shu kunlardagi faoliyatini ma‘qullashlarini bildirishgan.

O‘z o‘rnida shuni ham ta‘kidlash joizki, aholisining uchdan ikki qismidan ortiqrog‘i joriy paytda Rossiya "to‘g‘ri yo‘ldan borayotgani"ga ishonarkan.

"Levada" mustaqil omma fikrini o‘rganish markazining yangi so‘rovi shu yilning 1-4 avgust kunlari Rossiyaning 134 shahrida ikki mingga yaqin kishi orasida olib borilgan.

Va yana

Image copyright Reuters

Yangi so‘rov aynan Ukraina inqirozi manzarasida Rossiyada G‘arbga qarshi kayfiyatlar ham o‘zining qiyomiga yetganiga dalolat qilgan.

Deylik, shu yil boshida AQShga xayrixoh bo‘lgan rossiyaliklarning soni 43 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozirga kelib bu raqam 18 foizga ham yetib-etmasligi ma‘lum bo‘lgan.

O‘tgan sakkiz oy ichida Amerikaga salbiy munosabatda bo‘lgan rossiyaliklarning miqdori ham keskin ortgan.

Deylik, yanvar oyida Rossiya aholisining 44 foizi Amerikaning siyosati menga yoqmaydi, degan bo‘lsa, bugun 74 foizi xuddi shunday qarashda ekan.

Markaz mutaxassislari tahliliga ko‘ra, bunga avvaliga Ukrainada moskvaparast prezident Viktor Yanukovichning qudratdan ag‘darilishi sabab bo‘lgan.

Yaqinda Ukraina sharqida Malayziya yo‘lovchi uchog‘ining urib tushirilishi ortidan, rasmiy Moskva va G‘arb orasidagi munosabatlarning keskin sovib ketishi esa, Rossiyada AQSh obro‘sining butkul tushib ketishiga olib kelgan.

Markaz tomonidan shu yil iyul oyida o‘tkazilgan boshqa bir so‘rov aksariyat rossiyaliklarning Ukraina inqirozida G‘arbni ayblashlariga dalolat qilgandi.

Xuddi shu so‘rov natijalaridan ayon bo‘lishicha, Ovro‘po Ittifoqiga yovqarash mavqe‘da bo‘lgan rossiyaliklarning soni ham shu yil boshidan buyon qariyb ikki baravar (30%-60%)ga ortib ketgan.

Boshqa tomondan, Rossiyada Ukrainaga do‘stona munosabatda bo‘lganlarning foizi ham teng yarmiga (66%-33%)ga qisqargan.

Mamlakat aholisining sakson foizga yaqini esa, Rossiya va Ukraina orasidagi bugungi munosabatlarni "dushmanona va tang", deb baholagan.

Xuddi shunday fikrda bo‘lganlarning aksariyatiga ko‘ra, bularning barchasiga yangi ukrain hukumati sababchi.

Ikki qo‘shni davlat orasidagi aloqalarning butkul izdan chiqishida Rossiyani ayblayotganlar soni esa, so‘rov ishtirokchilari orasida bor-yo‘g‘i 1 foizni tashkil etishi ma‘lum bo‘lgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02