Yangi loyiha Toshkent yo‘llaridagi qoidabuzarliklar oldini oladimi?

Ayrim haydovchilar xavfsizlikni ta‘minlash uchun jarimalar miqdorini oshirish, poraxo‘rlikning oldini olish uchun esa, DAN xodimlarining maoshlarini keskin ko‘tarish kerakligini ta‘kidlashadi
Image caption Ayrim haydovchilar xavfsizlikni ta‘minlash uchun jarimalar miqdorini oshirish, poraxo‘rlikning oldini olish uchun esa, DAN xodimlarining maoshlarini keskin ko‘tarish kerakligini ta‘kidlashadi

Toshkentda jurnalistlar yo‘l harakati bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilashga bel bog‘lagan. Radar.uz qo‘shma axborot loyihasi mamlakat yo‘llaridagi qoidabuzarliklar haqida jamoatchilikka bildirish va yechimlar taklif qilishni maqsad qilgan.

Loyihani kun.uz, daryo.uz va gazeta.uz saytlari ishga tushirgan. Loyiha mualliflari mamlakat yo‘llarida xavfsizlik masalasi kundan kunga jiddiylashayotganini va qoidalarni ommaviy buzish oddiy holga aylanib qolganidan bunga hech kim e‘tibor qaratmayotgani aytadi.

"Vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish vaqti keldi", - deb yozadi loyiha tashabbuskorlari.

Radar.uz loyihasi tashabbuskorlari uning barcha qiziquchilar uchun ochiqligini va yo‘l harakati xavfsizligi sohasida ahvol achinarli ekanligini yaqqol misollar bilan manfaatdor tomonlar va jamoatchilikka bildirish ekanligini yozadi. Ushbu loyiha ko‘tarilgan muammolar yuzasidan ehtimoliy yechimlar taklif qilishni ham o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Loyiha ishtirokchilari birinchi aktsiya sifatida Toshkentdagi chorraharlarning birida monitoring o‘tkazgan. Bir soatlik kuzatuv davomida yo‘l harakati qoidalarini 85 marta qo‘pol ravishda buzish qayd etilgan. Ushbu qoidabuzarlar jarimaga tortilganida davlat g‘aznasiga 28 ming dollardan ko‘proq jarima to‘lashiga to‘g‘ri kelardi.

"Agar yo‘l harakati qoidalarini buzganlar uchun aniq ishlaydigan mexanizm bo‘lganida edi, ushbu holatda davlat g‘aznasiga 65 million 879 ming 979 so‘m jarima ko‘rinishida tushgan bo‘lardi", - deydi radar.uz loyihasi xodimlari.

Haydovchilik madaniyati

O‘zbekiston yo‘llarida mashinalarning ko‘payishi ortidan haydovchilik madaniyatining yo‘qolib borayotgani haqida ko‘p aytiladi.

Mahalliy matbuotda qayd etilgan yo‘l transport hodisalarini muntazam yoritib borish yo‘lga qo‘yilmagan bo‘lsa-da, Facebookdagi "Voditeli Tashkenta" guruhi ishtirokchilari o‘zlari guvoh bo‘lgan hodisalarni sahifaga joylab boradi.

Toshkentlik haydovchi Nuriddin aka yo‘l qoidalarining buzilmasligi uchun haydovchi bilimga ega bo‘lishi kerakligini aytadi.

"Qoidaga rioya qilish odamlarning o‘zida bo‘lishi kerak. Haydovchilar bir birini hurmat qilishi va qoidalarni buzmaslikka harakat qilishi kerak. Kamera va radarlar qo‘yib shunga olib kelishyapti", - deydi Nuriddin aka.

Ayrim haydovchilar xavfsizlikni ta‘minlash uchun jarimalar miqdorini oshirish, poraxo‘rlikning oldini olish uchun esa, DAN xodimlarining maoshlarini keskin ko‘tarish kerakligini ta‘kidlashadi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda harakatning xavfsiz bo‘lishi uchun piyodalarning ham mas‘uliyati oshirilishi, ularga ham jazo qo‘llash yo‘lga qo‘yilishi lozimligi aytiladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02