"Chinni bozor"dagi yong‘in sabablari o‘rganilmoqda

Zangiota tumani hududida joylashgan "Chinni bozor"da yong‘in kelib chiqishi natijasida 411 kv. metr joy yonib kul bo‘lgan.

Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga qarashli Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi navbatchi dispetcherining BBCga ma‘lum qilishicha, yong‘in haqida xabar 12 avgust tungi 00:31 da kelib tushgan.

"Yong‘in soat 3:07 bartaraf etildi. Hodisa joyida tahliliy ishlar olib borilmoqda. Nima sababdan yong‘in kelib chiqqani ma‘lum emas", - deydi navbatchi.

Navbatchi dispetcher yong‘in sabablari o‘rganilayotganini bildirdi.

Yong‘in natijasida jarohatlanganlar borasida biror ma‘lumot yo‘q.

"Chinni bozor" nomi bilan mashhur bozor Toshkentdagi "Abu Sahiy" bozori ro‘parasida joylashgan.

Ijtimoliy tarmoqlarda qoldirilgan izohlardan ma‘lum bo‘lishicha, yong‘in mebel do‘konida kelib chiqqan.

Seshanba tovarlar ulgurji sotiladigan kun bo‘lgani uchun rasta va omborlarning mol bilan to‘la bo‘lgani yozilmoqda.

Mollarini olib chiqmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarni xavfsizlik xodimlari bozor ichiga qo‘ymagan.

Bozorda savdo qiluvchilar 2 chi qatordan 11 chi qatorgacha bo‘lgan joyning yonib ketganini yozganlar.

Chinni bozorda savdo qiluvchi tujjorlardan birining Facebookda yozishicha, ikki kun oldin xuddi o‘sha yerda simlarning qisqa tutashuvi natijasida kichik yong‘in kelib chiqqan.

So‘nggi katta yong‘in o‘sha kungi o‘t olishni bartaraf etmaslik natijasida kelib chiqqan bo‘lishi mumkin.

Facebook ishtirokchilari bozorning qasddan yondirilgan bo‘lishi ehtimolini ham oldinga surgan.

"Parkent" bozori yondi – qaytadan qurishdi, narxlarni ko‘tarishdi. "Otchopar" yondi – qayta qurishdi, baholar ko‘tarildi. "Askiya"ga o‘t ketdi – qayta tiklab, narxlarni oshirishdi. "Qatortol" savdo majmuasi yondi – ta‘mirlab, narxlarni ko‘tarishdi. Ha, albatta, bularning hammasi tasodif", - deya yozadi "Voditeli Tashkenta" guruhi foydalanuvchilardan biri.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02