O‘zbekistonda moli kuygan savdogar boshini qayga ursin?

  • 12 Август 2014
Image caption Chinni bozordagi 160 ortiq yonib kul bo‘lgan do‘konlarning har birida eng kamida 10 million so‘m yoki 4200 dollarlik tovar bo‘lgan

Xabarlardan ma‘lum bo‘lganidek, Toshkent viloyati Zangiota tumani hududida joylashgan va xalq orasida "Chinni bozor" nomi bilan mashhur bozorga o‘t ketdi.

Ammo, O‘zbekistonda bozorlar yonishi ilk bor kuzatilayotgani yo‘q. Mamlakatda eng tez-tez o‘t ketadigan joy bu bozorlar ekanligi aytiladi.

Chinni bozordagi 160dan ortiq yonib kul bo‘lgan do‘konlarning har birida eng kamida 10 million so‘m yoki 4200 dollarlik tovar bo‘lgan.

Tujjorlarning ushbu tovarlariga biror tashkilot tovon puli undirib bermasligi aytiladi.

Sug‘urta-chi?

O‘zbekistonda sug‘urta bozori yildan-yilga o‘sib borayotgani, sug‘urtaning turiga qarab, hukumat har xil qonunlar qabul qilgani kuzatilsa-da, hanuz bu bozor hamma sohalarni qamrab ololmagan.

Toshkentdan tahlilchi Suhrob Ismoilovga ko‘ra, oxirgi yillarda bu borada asosan ikkita sohaga e‘tibor qaratilmoqda.

"Asosiy diqqat avtoulov haydovchilarini javobgarligini sug‘urta qilishga qaratiladi, bu borada qonunlar ham qabul qilingan. Chunki, bu sohada juda ko‘p nizolar bo‘lib turadi. Ikkinchisi, xavfli bir mehnat sharoitida ish beradigan odamlarning javobgarligini sug‘urta qilish", deydi Suhrob Ismoilov.

Bundan tashqari, O‘zbekistondagi sug‘urta kompaniyalari anchayin faol ekani aytiladi. Hozirgi paytda 30ga yaqin sug‘urta kompaniyasi xizmat ko‘rsatadi. Ammo, Suhrob Ismoilovga ko‘ra, hali bu sug‘urta shirkatlarining muayyan sohalarga ixtisoslashuvi kuzatilmaydi.

"Sug‘urta shirkatlari ko‘pincha bir-birlarini risklarini qoplash bilan shug‘ullanyapti. O‘zlari bozorga dadil kirib, masalan, fermer xo‘jaliklarini zararini sug‘urtalayman, bugundan boshlab mana shu sohada xizmat ko‘rsataman, shu sohani tanlab olaman, deya olmaydi. Yoki, biz faqat kimyoviy zavodlar sohasidagi sug‘urtalar bilan ishlaymiz, yo-da, tibbiyot sohasida... tibbiyot sohasida ham ko‘p xatolar bo‘lib turadi, shunaqa holatlarni sug‘urtalaydigan xilma-xillashish yohud ixtisoslashish mavjud emas", deydi u.

Tijoratchining ziyonini kim qoplaydi?

"Bu qiyin masala, chunki oddiy jinoyat ishlarini ko‘radigan bo‘lsak, birovning uyiga o‘g‘ri tushgan bo‘lsa, u o‘g‘rini tutishgan bo‘lsa ham, odamlar zararini qoplay olmaydi. Davlat eng ko‘p qilib beradigani, javobgar shaxsni 10 yilgacha qamoqqa tashlab berishi mumkin. Va keyinchalik bu odam biron joyda ishlasa, oyligidan bir qismini uzadi deb belgilab qo‘yishi mumkin, lekin unaqa sur‘atda qachon uzadi, uza oladimi - yo‘qmi, bu qiyin masala", deydi tahlilchi.

Ammo, ishlarini yurg‘izib yuborish uchun banklardan kredit olgan yoki xususiy shaxslardan qarz olgan odamlar ham yo‘q emas. Ularning muammolariga qanday yechim topish mumkin?

"Siz so‘rayotgan holatda ham, tijoratchining moliga biron-bir zarar yetgan bo‘lsa, sug‘urtalanmagani aniq. Tavakkalchilik bor, ammo uni kafolatlovchi mexanizm yo‘q. Hatto, ataylabdan o‘t qo‘yildi, deyilyapti bozorga, bu isbotlanib, mas‘ullar qo‘lga olingan taqdirda ham ularga yetkazilgan zararni qoplatish juda mushkul masala", deydi Suhrob Ismoilov.

Savdodagi mol o‘zi qayerdan kelgan?

Boz ustiga ushbu tujjorlar Qozog‘iston yoki Qirg‘izistondagi kabi hokimiyat oldiga yonib ketgan mollariga to‘lov undirish uchun chiqolmaydi.

Birinchidan, ularning O‘zbekistonda har qanday to‘planishlar qonun tomonidan qattiq nazoratga olingan. Buni istasangiz ham qila olmaysiz.

Ikkinchidan, bozorda import mollarini sotayotgan aksar tujjorlarning mollari qonundan tashqari. Ya‘ni, ular olib kelgan tovarlarning aksar qismi Bojxona to‘lovlarisiz olib kirilgan. Agar bojxona to‘lovlarini to‘lab mol olib kirmoqchi bo‘lsangiz, ichki raqobatga chiday olmaysiz va kasodga uchraysiz.

Tujjorlar esa, ularning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda keng yoyilgan bir kargo firmasi xizmatidan foydalanishadi. Xitoy, Turkiya yoki Birlashgan Arab Amirligidan diniy zotlardan tashqari istagan tovaringizni ushbu firma Toshkentdagi omboriga olib kirib beradi.

Savdogar ushbu mollarni o‘sha firma omboridan o‘zi bilgan yo‘llar bilan olib chiqib ketadi. Agar Toshkentdagi bu firma bozori joylashgan hududning orqa tomoniga o‘tsangiz, deydi guvohlar, pana yo‘llar bilan tovarlarini bozorga olib ketayotgan tujjorlarni ko‘rishingiz mumkin.

Ushbu kargo firma orqali mol olib kirgan savdogarlar, kuzatuvchilarning hamda tujjorlarning fikricha, har doim huquq tartibot va soliqchilarning o‘ljasi bo‘lib qolaveradi.

Ularning molini istalgan vaqtda reyd o‘tkazib musodara qilishlari mumkin. Shuning uchun ham, yonib ketgan mollarga tovon undirish hech qaysi savdogarning xayoliga ham kelmayotgan bo‘lishi mumkin deydi ular.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02