"Ijtimoiy minbar": O‘zbekistondagi qashshoqlikning sabablari nimada?

Image copyright BBCUZBEK.COM

Eng so‘nggi tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda istiqomat qiladigan aholining 77 foizi qashshoq yashaydi.

O‘zbekiston hukumati esa har yili - 1990 yilda bir xonadonda nechta muzlatgich bo‘lgani va bugun bu muzlatgich nechtaga ko‘paygani haqida e‘lon qiladi.

O‘zbekistondagi iqtisodiy o‘sish va inflyatsiya darajasi bilan bo‘lgani singari aholining farovonlik darajasi haqidagi hukumat statistik ma‘lumotlarining haqiqatga to‘g‘ri kelishini tashqaridagi xalqaro tashkilotlar ham shubha ostiga oladigan bo‘lib qolgan.

Zavod-fabrikalar yopilishi, dehqonchilikka erkinlik berilmagani, bozor va tijoratlarni "bir hovuch puldorlar" monopoliyaga aylantirib olgani, o‘z biznesi bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lganlarning hokimiyatu-militsiya, prokuroru-snbchilar tarafidan "bo‘g‘ilgani" O‘zbekistonda millionlab insonlarni ishsizga aylantirdi.

Birgina Rossiyaning o‘zida kamida uch millionlik o‘zbekistonlik oilasini boqish yo‘llarini qidirishga majbur bo‘lgan.

Ayni mavzu ijtimoiy tarmoqlardagi BBCUZBEK sahifalarida ommalashib ketdi va turfa bahsu-munozaralarga sabab bo‘ldi.

Facebook, Odnoklassniki kabi tarmoqlardagi BBC O‘zbek xizmati sahifalariga o‘nlab fikr-mulohazalar jo‘natildi.

Ayni fikrlar uchun tashakkur izhor etganimiz barobarida ularning barini nashr etish imkonsizligini bildiramiz.

BBC O‘zbek tahririyatining uzbek@bbc.co.uk elektron pochtasiga kelgan maktublardan biri - muallif o‘zini Jack Daniels, deya tanishtirgan.

Uning yozishicha, "menimcha, muammoning sababi o‘zbeklarimizning mentaliteti bilan bog‘liq. Bema‘ni to‘ylaru, boshqalar bilan kimo‘zar o‘ynash bu telbalikdir. Yana bir muammo o‘zbeklarning o‘z huquqlarini bilmasliklari va birlashib xalq bo‘la olmasliklaridir. Masalan, har qish butun o‘zbekistonliklar uchun g‘irt azobdan boshqa narsa emas. Na gaz bor, na elektr. Mahalladagilar o‘zaro birikib, idoralarga borib, arz qilishdan ham qo‘rqamiz. Yana siyosiy juda sustmiz. Inson sifatida jamitya, davlat hayotida qadrimiz, ishtirokimiz bor deb, hech qachon o‘ylamaymiz. Shuningdek, yaxshi savodli, bilimli bo‘lishga tabiatan intilmaymiz. Xullas, qachon xalq mentalitetida kerakli o‘zgarish bo‘lmasa, deyarli hech nima o‘zgarmaydi" (maktubni qisqartirilgan shaklda keltirdik - BBC tahririyati)

Maks Mahmudov ham shu fikrga o‘xshash izoh qoldirgan. Unga ko‘ra, "aholini elektr va gaz bilan ta‘minlay olmagan mamlakat qashshoq emas, xor mamlakat. Haqiqatga ko‘z yummanglar", deya da‘vat qilgan Maks mahmudov.

Lekin bu kabi fikrlardan o‘zgacha mavqeda bo‘lganlar ham talaygina. Ulardan biri Hasan Davkarov: "Xudoga shukur esimni tanibmanki, qashshoqlikni amalda ko‘rganim yo‘q, ko‘rmayman ham. Bugun ko‘pchilik, o‘zini o‘rta hol oila vakili hisoblaydi. Oddiy misol: qo‘shnimiz fermerlikning ortidan 1 mashinasini 3 yilda 4 ta qildi. O‘zimizning oila har yili to‘y o‘tkazadi. O‘zim kontrakt asosida Toshkentda o‘qiyman. Mendeklar esa O‘zbekistonda juda ko‘p".

Lekin Shahnoza Asalning fikricha, qashshoqlik haqidagi hisobotda "ayni haqiqat yozilibdi".

"Bir misol, aksar hollarda oliy ma‘lumotga ega bo‘laturib ish topa olmayotganlar ham talaygina. Qayerga ish so‘rab borsang falonchining bolasi amalda o‘tirganiga guvoh bo‘lasiz. Nima emish "hozircha bo‘sh o‘rin yo‘q, keyinroq habar oling"! ShUMI ADOLAT?", deya xitob qilgan u.

Abu Umar ismli "minbar"imiz ishtirokchisi qator fikrlarni qoldirgan.

"Haqiqatda BBC qashshoqlik, deb termin tanlashda oshirib yuboribdi. Agar O‘zbekistondagi ahvolni qashshoqlik deyilsa, Afrika davlatlaridagi ahvolni tasvirlashga so‘z topilmas ekanda?" degan savolni o‘rtaga tashlagan.

Uning davom etishicha, "agar insof bilan aytsak, O‘zbekistonda kambag‘allar bor. Lekin 76% ekaniga shubham bor. Iqtisodimiz ham havas qilarlik darajada emas. Shaxsiy tajribamdan ayta olamanki, tadbirkorlarga, savdogarlarga yildan-yilga ishlash qiyinlashib bormoqda. Korruptsiya avjida. Bu inkor qilib bo‘lmas haqiqat. Har oyda "dolya" olishga kelishadi tekintomoqlar. Qachonki pora oldi-berli qilganlarga jiddiy jazo berilmas ekan bu ahvol cho‘zilaveradi", deya yozgan Abu Umar qator izhorotlaridan birida. (Maktublarning aksariyati qisqartirishlar bilan keltirilmoqda - BBC tahririyati)

Image copyright none

"Odnoklassniki" ijtimoiy tamog‘i orqali qoldirilgan qator fikrlarni ham keltirib o‘tsak.

"Audi" nomi ostidagi foydalanuvchining yozishicha, u qashshoqlik darajasi 70 foizdan ortiq degan fikrga qo‘shilmaydi. Chunki uning fikricha, "hozirda O‘Zbekistonda monopoliyachilarga qarshi kurash ketmoqda va haqiqat bor mamlakatda".

"Odnoklassniki"dagilar o‘zlariga ajoyib nomlar tanlashgan, keyincha ishtirokchi "Alyu min". Uning fikricha, "Qashshoqlikning sababi - korruptsiya. Korruptsiya sababi esa demokratiyaning yo‘qligi. Demokratiya yo‘qligining sababi esa o‘zbekcha mentalitet. Tanqid bo‘lmasa rivojlanish bo‘lmaydi", deya xulosa qilgan u.

Facebookda Boburbek Azimboyev muammolar haqida ochiqcha fikr bildirish mavzusiga e‘tibor qaratgan.

Unga ko‘ra, "haqiqtani yozsa noshukur yoki xoin deyish mafkuramizga singib ketgan. Shu darajaga borib yetganki, siyosatdan gapirsa xalq "devorning ham qulog‘i bor" deydigan qo‘rquv darajasida. Qayerga borma tanish-bilishchilik, mahalliychilik - davlatni ortga tortadigan odatlar bor. Shuning orqasidan aslida malakalilar chetda yurishibdi. Harakatlar bor...Lekin turli xalqaro banklardan kelayotgan pullarni o‘z o‘rnida ishlatilsa o‘zgarish katta bo‘ladi. Faqat adolat kamroq..." (Qisqartirildi - BBC)

Ali Xan, nazorat qiluvchi qonunlar ishlamasligini tilga oladi.

"Balki yetar o‘zimizdan past davlatlarga qarab, o‘zimizni aldab yashash!! O‘zbekistonda hech kim ochlikdan o‘lmayapdi. Chunki o‘zbek chetda quldek ishlab bo‘lsa ham, oilasini boqyapti. Nega shu odamlar uchun o‘zimizda ish yo‘q?! Chunki butun sistema eskirgan! Chinovnikni nazorat qiladigan organ, organni nazorat qiladigan qonun yo‘q!..

Gulmira Nishonova prezidentlik saylovi oldidan bu kabi mavzuning ko‘tarilishiga shubha bilan qarayotgan ekan...

Euro WorldCup: "O‘zbekistonda yaxshi yashashmoqda deb aytayotganlarga! Rossiyadan 7-8 milliard dollar kelayotganidan keyin qashshoq bo‘ladimi? U yerdan 5-8 million muhojir orqaga qaytsa, o‘shanda jo‘jani kuzda sanaymiz".

Doniyor Po‘latov esa bahs qatnashchilarini haqiqatni gapirishga unadagan.

Unga ko‘ra, "agar kamchiliklarni mahalliy jurnalistlar ko‘tarib chiqqanda, BBCga gap qolmasdi. Millionlab yurdoshlarimiz o‘zga yurtlarda ishlab yurganligining o‘zi iqtisodimiz zaifligini, har yili 1 million ish o‘rinlari yaratilayotgani haqidagi xabarlar yolg‘on ekanini ko‘rsatadi. Hukumatlarni doim tanqid qilish kerak. Bizda tanqid yo‘q, shuning uchun rivojlanish sust. Tanqid qilinmagan hukumat taltayib ketadi".

"Ijtimoiy minbar"imizda "so‘zga chiqqanlar"ning fikr-izhorotlari bilan BBCning Facebookdagi BBC Uzbek sahifasida yoki "Odnoklassniki"dagi huddi shu nomli sahifada tanishishingiz mumkin.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02