Oxunov: "Rashidov menga uy ajratgandi. Bugungi prezident san‘atga qiziqmaydi"

Image caption Vyacheslav Oxunovga uch yildirki mamlakatdan chiqishga izn berilmaydi

O‘zbekiston davlat komissiyasi mamlakat muzeylari va omborlarida taniqli rassom Viktor Ufimtsevning 60dan ortiq asarlari yo‘qolib qolganini aniqlagan.

Bu haqida uznews.net internet nashri shu komissiyaning ismini fosh qilmagan a‘zosiga tayanib xabar tarqatdi. Rossiyaning Uralida tug‘ilgan, biroq 1923 yilda Samarqandni sevib qolib, u yerda qolgan umrini o‘tkazgan va minglab kartinalarni chizgan rassom Ufimtsevning asarlari endilikda Moskvadagi kimoshdi savdo uylarida sotilayotgani aytiladi.

O‘zbekistondan san‘at asarlarining olib chiqilishi borasidagi alohida bir mojaro yil boshida Jenevadagi Gulnora Karimova uyida sodir bo‘lgandi. Unda uyga kirib olgan muxolifat faoli Safar Bekjon qator o‘zbek rassomlari, xususan Viktor Ufimtsev, Chingiz Axmarov, Ro‘zi Choriyev va boshqalarning asarlarini topganini xabar qilgan. Karimova xonim esa Twitterda munosabat bildirib, bu noyob san‘at asarlarini himoya qilish uchun o‘z uyida saqlayotganini aytgandi.

Xalqaro zamonaviy san‘at doiralarida nom chiqargan o‘zbekistonlik rassom Vyacheslav Oxunovning aytishicha, davlat jamg‘armalaridan ishlarning o‘g‘irlanishi keng ko‘lamda davom etmoqda va hukumatning bu kabi jinoyatlarni tergov qilish istagi katta emas.

Oxunov: Angrenda Viktor Ufimtsevning vafotidan keyin ochilgan uy muzeyi bor. Unda uning ko‘plab asarlari saqlanardi. Gap shundaki, bu shahar 1990-yillarda juda nochor ahvolga tushdi. Tashlandiq, derazalari singan uylar, bo‘sh kvartiralar ko‘p u yerda. Muzey haqida ham hech kim aftidan qayg‘urmagan va undagi asarlar o‘g‘irlangan. Bu avvaldan tayyorlangan o‘g‘irlik bo‘lgan. Hozircha Ufimtsevning o‘g‘irlangan asarlari borasidagi tergov nimanidir rasman tasdiqlaganicha yo‘q. Asarlar qayerda va qachon o‘g‘irlangani, Milliy muzeydanmi, yoki uy muzeyidanmi - buni bilmaymiz. Ufimtsev asarlari turli muzeylarda saqlangan va qaysilaridan o‘g‘irlanganini bilish qiyin. Hatto Madaniyat vazirligidan ham ko‘p asarlar yo‘qolib qolgan. Mening shaxsan o‘zim ba‘zi rassomlarning asarlaridan nomerlarni o‘chirib tashlayotgan odam bilan gaplashganman. Vazirlik fondidan o‘g‘irlashardi va qandaydir shovvozlar ularni olib sotishardi. O‘zbekiston Rassomlar uyushmasi ham ko‘p yillar davomida o‘z jamg‘armasi uchun ko‘plab asarlarni sotib olardi. Uyushma isloh qilinib, nomi Rassomlar akademiyasi deb o‘zgartirilganda, ana shu jamg‘arma shu akademiya qo‘liga o‘tishi kerak edi, lekin men o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman, arxivni shafqatsizlarcha talashgan, rassomlarning hujjatlarini tashlab yuborishgan. Shaxsan mening asarlarimni omborlardan sotib olishgan, shu qatori Taldikin, Melnikov, Ufimtsevlarning asarlari sotib yuborilgan.

BBC: Ayni damda aftidan bundan kimlardir katta foyda ko‘rayapti, chunki, masalan, Ufimtsevning asarlari Moskvadagi kimoshdi savdo uylarida savdoga qo‘yilib, ba‘zilari 30 ming dollarga sotilayotgani aytiladi.

Oxunov: 1990-yillarda O‘rol Tansiqboyevning asarlariga ham qiziqish juda katta edi. Uning ishlariga, ta‘bir joiz bo‘lsa, "yangi qozoqlar", ya‘ni boy qozoqlar juda qiziqishardi. Ular O‘zbekistonga kelib xususiy egalardan Tansiqboyev kartinalarini sotib olishardi. O‘shanda Tansiqboyev va Ufimtsev asarlari soxtalashtirilishi ham avj olib, ko‘p odamlar pul qilishgandi.

BBC: Xususiy egalardan sotib olish bir gap, lekin bu asarlarning hukumat fondlaridan, muzeylardan yo‘qolib qolishi boshqa gap. Nahotki hukumat buni nazorat qilmaydi?

Image caption Viktor Ufimtsevning "Oq ko‘zali natyurmort" asaridan parcha

Oxunov: (Kuladi) Bilasizmi, 1970-80 yillarda O‘zbekistonda Markaziy qo‘mitaning birinchi kotibi Sharof Rashidov edi. U san‘atga juda qiziqqan va madaniyat uchun juda ko‘p ishlar qilgan. U rassomlar, ijodkor ziyolilar uchun ko‘p yaxshiliklar qilgan, uning buyrug‘i bilan rassomlar uylari, madaniyat uylari qurilardi, filarmoniya qurilgan. Faqatgina rassomlarning o‘zi uchun oltita uy qurilgandi. Sharof Rashidovning o‘zi ko‘rgazmalarga kelardi, asarlarga baho berardi, agar rassomning kvartirasi bo‘lmasa, "Iya, kvartirangiz yo‘qmi? Ajratamiz" derdi. Masalan, u mening ko‘rgazmamga kelib bir asarimni yoqtirib qolgan va darhol men haqimda surishtirgan, otam haqida so‘ragan mendan, keyin Markaziy qo‘mita menga kvartira taqdim qilgan. Bu umuman o‘zgacha inson edi. Bugungi hukumat-chi? U umuman boshqacha. Prezident bironta ko‘rgazmaga borganini ko‘rmaganman. Demak, xo‘jayinni bu qiziqtirmas ekan, xizmatchilarini ham qiziqtirmaydi.

BBC: Demak, san‘atga qiziqish bo‘lmasa, o‘g‘irlangan san‘at asarlarini topish ham ularni qiziqtirmaydi. Shundaymi?

Oxunov: Bizda madaniyat va sport vazirining o‘zi mahkamaga tortilgan. Unga shartli jazo berilgan va 3 milliard so‘m jarima solingan. O‘g‘irlik qilgani uchun. Bu madaniyat va sport vaziri! Agar vazir o‘g‘irlik qilib tutilgan bo‘lsa, mayda o‘g‘rilar haqida gapirishdan nima hojat? Ular asarlarni o‘g‘irlab, jinoiy guruhlar bilan hamkorlik qilishda davom etishyapti. Buning oldini olib bo‘lmaydi. Chunki tepadagilarning o‘zi qonunga bo‘ysunmaydi.

BBC: Lekin, ayni damda, sizni O‘zbekistondan chiqarmay qo‘yishgan. Demak, rassom sifatida, sizdan qo‘rqishadi. Demakki, san‘atning ahamiyatini biladi hukumat.

Oxunov: Meni uchinchi yildirki mamlakatdan chiqarishmaydi. Mana yaqindagina pasportimni olib keldim, yana arizamni rad etishdi. Bizda umuman madaniyatga munosabat boshqacha. Masalan, Muhammad Solih - shoir va muxolifatchi. Demak, butun shoirlarga hadiksirab qaraladi. Bir rassom Turkiyadagi biyennaleda Solih bilan ko‘rishgan bo‘lsa, demak, bu rassom ham muxolifatchi bo‘lib chiqadi. Demak, endi rassomlar ham ishonchsiz odamlar hisoblanadi. Mana shunday qarash bizda. Mamlakatda bo‘layotgan voqealarni aks ettirishni istagan rassomlar galereyalarga yaqinlashtirilmaydi. Hukumatga manqurt bo‘lib qolgan odamlarning ongini san‘at bilan junbushga keltirishning keragi yo‘q.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer