Paxta o‘zbek uchun boylik yo qashshoqlik?

  • 14 Август 2014
Image caption Dehqonchilik isloh etilmagan O‘zbekiston arzon qo‘l kuchini ishga soladi

"Paxta O‘zbekiston uchun milliy boylik emas" - deb qat‘iy fikrni izhor etadi Toshkentdan ishbilarmon va iqtisodchi olim Anvar Husainov.

"Aslida Rossiyaning Markaziy Osiyoni bosib olishi ortida o‘z harbiy sanoati va to‘qimachiligi uchun paxta koloniyasi yaratish maqsadi turgan".

Suhbatdoshimizga ko‘ra, O‘zbekiston mustaqillik davrida ham paxtaga boshqacha ko‘z bilan qaramadi. Va bugun o‘zbek paxtasi foydasini xomashyo sotadigan o‘zbek dehqoni emas, balki undan yakuniy mahsulot ishlab chiqaradigan davlat va shirkatlar ko‘rishmoqda.

Iqtisodchilarga ko‘ra, paxtadan hech bir mamlakat yuqori foyda ololmaydi va u yurtning dehqonlari ham boyimaydi.

Qashqadaryolik fermerning aytishicha, u 100 gektardan ko‘proq yerida majburan paxta ekadi va uni yetishtirish uchun boshqa joylarda ochgan kichik do‘konlarida ko‘rgan foydasini sarflaydi.

"Ob-havo juda yaxshi kelgan sharoitda paxtaga ketgan mehnat va xarajat uchma-uch qoplanadi, o‘shanda ham foyda ko‘rolmaysiz" - deydi fermer.

Tarvuz eksak-chi?

Paxtaga ketgan mehnat va sarf xarajat ba‘zida uning narxidan qimmatga tushishi aytiladi.

Ko‘p suv va muntazam ishchi kuchi talab qiladigan paxta uchun texnika ham zarur va xomashyodan tola olguncha bo‘lgan jarayon ham uch faslga cho‘ziladi.

"Bir gektar yerdan 72 ming dona tarvuz olish mumkin" - deb xomcho‘t qiladi Anvar Husainov - "Har birini bir dollardan sotsangiz, 72 ming dollar bo‘ladi".

"Biz esa paxta ekib, gektaridan 300 dollar foyda olayapmiz" - afsuslanadi suhbatdoshimiz.

Anvar Husainovga ko‘ra, O‘zbekiston mustaqillik yillarida ham paxtaga o‘zgacha nuqtai nazardan qaramadi va zamonga mos tarzda keskin o‘zgarish qilmadi.

"Paxtadan boshqa har qanday ekin eksak ham O‘zbekiston quyoshi ostida ko‘proq foyda ko‘rish mumkin edi".

"Afsus, O‘zbekistonda eskicha iqtisodiy fikrlar hukmron va bu borada erkin bahs qiladigan, xalqning muammolari haqida gapiradigan erkin matbuot yo‘q" - deydi ishbilarmon - "Biz eskicha fikrlar qurbonimiz".

Ammo Ovro‘poda yashayotgan iqtisodchi Alisher Taksanovga ko‘ra, paxta savdosidan o‘ta kam sonli va eng yuqori amallarda o‘tirgan bir necha mansabdor hamda ularning oila a‘‘zolari foyda ko‘rishmoqda.

"Paxtadan keladigan daromadning qamgina qismi O‘zbekistonga qaytayotgandir. Ammo katta qismi g‘arbdagi qandaydir hisoblarga tushayotgan bo‘lishi mumkin".

"Afsuski, bu paxta pullari qayerga va kimlarning hisoblariga ketayotgani izidan tushish mushkul" - deydi Alisher Taksanov.

Paxtasiz buyuk kelajak

Aholisi 30 milliondan oshgan O‘zbekiston ichkarida oziq-ovqat ishlab chiqarish bosimi ostida ham qolmoqda. Biroq aksar yaroqli ekin maydonlarini paxta egallab turgan sharoitda bu imkonsiz.

Image copyright none
Image caption Alisher Taksanovga ko‘ra, o‘zbek paxtasidan eng yuqori mansabdagi bir hovuch amaldorlar va ularning oilalari foyda ko‘rishadi

Bir necha yil oldin Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida paxta o‘rniga butunlay meva-sabzavot ekila boshlandi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, bugun Yangiyo‘ldagi o‘zgarishlari aniq ko‘zga tashlanadi.

"Yangiyo‘lda uzumchilik qayta jonlanmoqda, olmazorlar ko‘paygan, baliqchilik xo‘jaliklari paydo bo‘lmoqda va asosiysi, minglab yangiyo‘llik yoshlar qishloq joylarida paydo bo‘lgan yangi ish o‘rinlari tufayli Rossiya hamda Qozog‘istondan qaytib kelishmoqda" - deydi Anvar Husainov.

"Yangiyo‘llik fermerlar allaqachon Janubiy Koreya bozorlariga qalampir kabi mahsulotlarini olib chiqishmoqda" - davom etadi suhbatdoshimiz - "Shu bois Yangiyo‘l tajribasini butun O‘zbekistonga yoyish kerak".

O‘zbekiston mustaqil bo‘lgach, paxta yetishtirishni teng yarmiga kamaytirdi. Ammo ayrimlar bu so‘nggi bekat bo‘lmasligi kerak, deb aytishadi.

"O‘zbekiston o‘z to‘qimachiligi uchun kerakli paxta tolasi ishlab chiqarsa, har viloyatdagi bir tumanda paxta eksa yetadi" - deydi Anvar Husainov - "Agar paxtani o‘n baravarga kamaytirsak, unda dehqonlar boyiydi, O‘zbekiston iqtisodi yuksaladi".

"Paxtadan voz kechish bu - O‘zbekistonning kelajagi. Bu minglab, millionlab ish o‘rni yaratiladi, degan gapdir".

Sovet merosi

O‘zbekistonda Sovet davrida yaratilgan infratuzilma qanchalik xarob bo‘lmasin, paxtachilik saqlanib qoldi. Ayni damda, undan o‘zbek dehqoni foyda ko‘rmasa ham, baribir, o‘zbek hukumati sobiq totalitar tuzumdan qolgan shiorlarni ishga solib, odamlarni paxta yetishtirishga majburlashni davom ettirmoqda.

Buning ustiga, O‘zbekiston paxtachilikni va umuman, dehqonchilikni deyarli isloh etmadi.

Sho‘rolar tortib olgan yer dehqonga qaytarilmadi. Hamon qo‘l mehnatidan foydalaniladi. Buning ustiga, paxta tannarxini pasaytarish uchun har yili yuz minglab talaba va ishchi-xizmatchilar majburan dala ishlariga haydaladi.

Shu paytgacha 8-10 yashar bolalar ham paxtaga chiqarilardi.

Image copyright none
Image caption Xalqaro me‘yorlarga ko‘ra, O‘zbekiston har kuzda 1 million odamni paxtazorlarga haydab, dunyoning ikkinchi yirik quldoriga aylanadi

Xalqaro bosimlar ostida O‘zbekiston hukumati o‘ta yosh bolalarni dalaga chiqarmayotganini aytmoqda. Ammo endi shifokoru muallim kabi byudjet tashkiloti xodimlari paxta ishlariga majburlanmoqda.

"Men paxtani o‘toq qilish uchun shuncha yil tibbiyotni o‘rgandimmi?" - deb savol qo‘yadi kasallarini tashlab, paxtani yagana qilishga haydalgan farg‘onalik shifokor.

Toshkentga noroziligini izhor qilish kelgan bu ayolning dodini hech kim eshitmagani uchun u yana ilojsiz Farg‘onaga qaytib ketgan.

Xalqaro Qullik Ko‘rsatkichi andazalariga muvofiq, O‘zbekiston hukumati o‘z xalqini qul kabi paxta dalalarida ishlatmoqda. Tashkilot har paxta terimi mavsumida O‘zbekiston dunyodagi ikkinchi yirik quldorga aylanadi, deb xulosa qiladi.

Paxta mavsumida hamon butun hayot paxta atrofiga jamlanadi. To‘ylar taqiqlanadi, bilim yurtlari va bozorlar yopiladi. Faollarga ko‘ra, ahvol yaxshilanayotgani yo‘q.

"Paxta paytida dehqon bozorlarigacha yopiladi. Mahallalardagi rastalarda meva-sabzavot sotayotganlar ham haydaladi" - deydi Qashqadaryodan inson huquqlari faoli Gulshan Qorayeva.

Rasmiylar odamlarning paxta mavsumida ovqat yeyish ehtiyojini o‘ylamaydimi, degan savolga esa huquqbon istehzo bilan javob beradi.

"Odamlarni robotlar, deb tasavvur qilishsa kerak-da yoki rahbarlar oddiy odamlarning uylariga ham kimlardir oziq-ovqat keltirib berishadi, deb o‘ylashadimi?".

Tanglik suvdanmi yo paxtadan?

Image caption Sovet davridagi bu manzara hamon O‘zbekistonda o‘zgarmasdan qolmoqda

Paxta - o‘ta suvtalab ekin. Mutaxassislarga ko‘ra, bir gektar yerdagi paxta uchun 5 ming kubometr suv kerak. Ayrim cho‘l va sho‘rlangan hududlarda esa ikki baravar ko‘proq suv ketadi.

Qadimdan sun‘iy sug‘orish rivojlangan O‘zbekiston esa o‘z suv ehtiyojlarining aksar qismini yuqori oqimdagi qo‘shni davlatlardan keladigan daryolardan qoplaydi.

Buning ustiga, sho‘ro davridagi paxtachilik bois ko‘plab yerlar sho‘rlanib, yil sayin sahrolanish kuchaymoqda.

Mutaxasislarga ko‘ra, shu bois ham paxta o‘rnida kam suv talab qiladigan meva-sabzavot ekish kerak.

Buning ustiga, O‘zbekistonda aholining salmoqli qismi toza ichimlik suvi bilan ta‘minlanmagan.

Iqtisodchi va sobiq diplomat Alisher Taksanovga ko‘ra, paxtaga kerakli suv tortiladi, degan xavotiri bois ham O‘zbekistonning yuqori oqimdagi qo‘shnilari bilan aloqalari yomonlashib ketayotir.

Lekin asosiy gap bir guruh yuqori mansabdorning tayyor va tekin daromaddan ajralib qolishi xavotiriga borib taqaladi, deydi suhbatdoshimiz.

Ammo hamon ayrim o‘zbeklar sho‘ro davridan paxta milliy boyligimiz, deb aytishadi. Ayni damda, paxta ortidan o‘zbek dehqoni qachon boyigan, degan savolga javob topish qiyin.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02