Haydar Abadiyning BBCdagi lift injenerligidan Iroq Bosh vazirligiga qadar yo‘li

Image copyright AP
Image caption Iroqning yangi Bosh vaziri

Haydar Abadiy dunyodagi eng mushkul amallardan biriga kirishar ekan, uning hayot yo‘li o‘ziga xosdir.

Iroq kabi o‘zaro jangu-jadallar avjiga chiqqan va Islomiy davlat degan guruhning zug‘umlari zo‘rayib borayotgan bir mamlakatda Bosh vazirlik kursisiga o‘tirishning o‘zi oson ish emas.

Abadiy janoblarining bunga qurbi yetarmikan?

Jurnalistlar bu siyosatchining tarjimai holidan javob qidirmoqdalar…

Iroq yangi Bosh vaziri ko‘p yillar BBC Jahon Xizmatining Londondagi Bush Houz (Bush House) binosida jurnalistlar bilan "yonma-yon" ishlagan.

BBC Arab xizmatining sobiq xodimi Hamid Kifaiga ko‘ra, Haydar Abadiy binodagi liftlarni tuzatuvchi bo‘lgan.

Aslida bu ham ajabtovur bir voqea emasdir balki...ayniqsa ko‘plab siyosiy arboblarning o‘tmishi nazarga olinsa, masalan, Britaniyaning sobiq Bosh vaziri Jon Meyjor avtobuslarda konduktorlik qilish imtihondan o‘tolmagan...

Image caption Haydar Abadiy shu binoda lift tuzatuvchi bo‘lib ishlagan

O‘tolmagani ehtimol unga yaxshi bo‘lgandir, keyinroq u avtobuslarda chipta sotish o‘rniga dunyoning eng badavlat mamlakatlaridan biri – Buyuk Britaniyani boshqardi.

Braziliya prezidenti Lula Da Silva esa tufli tozalaydigan bo‘lib ishlagan.

Yana Iroqqa qaytsak…

Haydar Abadiyning bir paytlar liftlarni tuzatgani bugun yangi Iroq davlatini qurishga yordam berarmikan?

Zotan, Abadiy janoblarini Londondagi Iroq muxolifati guruhlari yaxshi tanishadi.

U o‘tgan asrning yetmishinchi yillariga qadar Londonda muhojirlikda yashagan.

Qizig‘i shundaki, garchand Bush Houzda ko‘p yillar ishlagan bo‘lsa ham, biror marta Arab xizmatiga kirib ko‘rmagan.

"Men undan, nimaga to‘rtinchi qavatga, Arab xizmatiga kirib turmaysiz, deb so‘ragandimda, u bu yerda boshqa ish bilan shug‘ullanishini aytgan edi", deb xotirlaydi uning do‘sti Hamid Kifai.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02