"Eron endi turkman gaziga muhtoj emas"

  • 15 Avgust 2014
Image copyright Isna
Image caption Eronning o‘zi jahondagi aniqlangan gaz rezervlarining eng yirigiga ega

Eron endi Turkmaniston gaziga muhtoj emas. Neftegaz.ru nashri xabar qilishicha, Eron neft vaziri Bijon Zangane ana shunday bayonot bilan chiqqan.

Janob Zanganega ko‘ra, kelgusi yangi yilda (21 mart 2015 yildan boshlab) Eron o‘z hududida gaz chiqarib olish ko‘lamini bir kecha-kunduzda 200 million kubometrga kengaytirishni mo‘ljallayapti va bu unga Turkmaniston gaz importidan butkul voz kechishga imkon beradi.

U, shuningdek, Eron siyosiy va iqtisodiy aloqalarni targ‘ib qilish uchungina turkman gazini olayotganini bildirdi.

Turkman gazi Eronda asosan xususiy sektordagi talabni qondirishga ishlatiladi.

Turkmanistondan Eronga gaz eksportini 2007 yilda 14 milliard kubometrga oshirish rejalangandi.

2010 yilda esa turkman gazini Eronga eltadigan ikkinchi quvur ishga tushirildi. Unda ikki tomon rahbarlari Eron yiligiga 20 milliard kubometr turkman gazini xarid qilishi haqida gapirdilar.

Biroq, 2011 yilda Turkmaniston Eronga atigi 6 milliard kubometr gaz yetkazib bera olgan. Shunga qaramay, o‘tgan yil dekabrida Turkmaniston g‘arbida Eronga ko‘proq gaz yetkazishga ixtisoslashgan yangi gaz kompressor stantsiyasi ishga tushdi.

Eron Turkmaniston gazining ikkinchi eng yirik iste‘molchisi hisoblanadi. 2009 yil oxirida yangi quvur ishga tushishi bilan Xitoy turkman gazining eng yirik xaridoriga aylangan.

2009 yilning apreligacha turkman gazining eng yirik iste‘molchisi bo‘lib kelgan Rossiya hozirda uchinchi o‘rinda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer