Iroq inqirozi: Bosh Vazir Malikiy iste‘fo berdi

Image copyright AP

Iroq Bosh Vaziri Nuri al-Malikiy iste‘foga chiqqan. Kuzatuvchilar uning iste‘fosi Bag‘doddagi siyosiy inqirozga yakun yasashiga umid qilishmoqda.

Mamlakat prezidenti parlament voizining muovini Haydar al-Abadidan yangi hukumat tuzishni so‘ragan.

Sakkiz yildirki hukumatni boshqarib kelgan janob Malikiy avvalroq iste‘foga chiqishdan bosh tortgani uchun Iroqdagi siyosiy inqirozni yanada chuqurlashtirishda ayblandi.

Uning hukumati Shimoliy Iroqning yirik hududlarini bosib olishga muvaffaq bo‘lgan Islomiy jangarilarni to‘xtata olmaslikda ayblangan.

O‘zini Islomiy Davlat (sobiqan Iroq va Shom Islomiy Davlati) deb atagan sunniy musulmon jihodchi guruhi Iroqda xavfsizlik va insonparvarlik inqirozi kelib chiqishi va 1,2 million iroqliklar uylarini tark etishiga turtki bergan.

"Abadi aka"

Davlat televideniyesi orqali janob Abadiy va shia musulmon ko‘pchiligining boshqa siyosatchilari yonma-yon chiqish qilar ekan, janob Malikiy o‘z iste‘fosini e‘lon qilishdan avval Islomiy Davlatning jiddiy "terrorchi" tahdidi haqida gapirdi.

"Siyosiy jarayon va yangi hukumat tuzilishi silliq kechishi uchun men bugun Doktor Haydar al-Abadi akani qo‘llab-quvvatlab, o‘z nomzodligimni bekor qilaman", - dedi u.

Avvalroq esa u parlamentdagi eng yirik blokning lideri sifatida yangi hukumat tuzishga haqli ekanini aytgandi.

Uning iste‘fosi shia ko‘pchiligining manfaatlarini ko‘zlashda ayblangan sakkiz yillik hokimiyatga chek qo‘ydi.

Tanqidchilar aynan janob Malikiyning mazhabiy siyosati bugunda yuzaga kelgan beqarorlikni keltirib chiqarganiga ishonadilar.

Janob Abadi 2003 yilda quvg‘indan Iroqqa qaytganidan beri qator yuqori darajali lavozimlarda ishlagan.

U ham janob Malikiyning Dava partiyasi a‘zosi, ammo Malikiydan farqli o‘laroq, boshqa taraflar bilan murosaga kirib ishlash istagini namoyish qilgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer